Breaking News

AQSh-Rossiya: Mahkumlar almashinuviga doir tarixiy kelishuv


Rossiya qamoqlaridan ozod etilganlar: (Chapdan) - Pol Vilan, Evan Gershkovich, Alsu Kurmasheva va Vladimir Kara-Murza
Rossiya qamoqlaridan ozod etilganlar: (Chapdan) - Pol Vilan, Evan Gershkovich, Alsu Kurmasheva va Vladimir Kara-Murza

AQSh rahbari Jo Bayden 1-avgust kuni bergan bayonotga ko’ra, Moskva bilan o’zaro mahkumlar almashinuvi jarayonlari boshlangan. Tarixiy kelishuvga ko’ra, amerikalik jurnalistlar Evan Gershkovich va Alsu Kurmasheva, sobiq harbiy Pol Vilan hamda AQShning doimiy rezidentlik maqomiga ega Vladimir Kara-Murza ozod etilib, o’z oilalari bag’riga qaytarilmoqda.

Vashington Rossiya qamoqlaridan jami 16 kishining ozod etilishiga erishgan. Ulardan yetti nafari Germaniya va besh nafari siyosiy mahkum sifatida qamalgan Rossiyaning o'z fuqarolari.

Bayden Rossiya bilan og'ir kechgan muzokaralarda ko'makchi va vositachi bo'lgan Germaniya, Polsha, Sloveniya, Norvegiya va Turkiya hukumatlariga minnatdorchilik bildirdi.

Prezident dunyoning turli mamlakatlarida adolatsiz panjara ortiga tashlangan AQSh fuqarolarini uyiga qaytarish oliy vazifalaridan biri ekanini ta'kidladi. Ma'muriyati shu kungacha xorij qamoqlaridagi 70 dan ziyod fuqaroni vatanga qaytarishga muvaffaq bo'lganini bildirdi.

Almashinuv shartlariga ko’ra, AQSh, Germaniya, Polsha, Norvegiya va Sloveniya qamoqlaridagi jami sakkiz nafar Rossiya fuqarolari vataniga qaytarilmoqda.

Ushbu kelishuv Sovuq urush davridan keyin AQSh va Rossiya o’rtasida erishilgan eng yirik mahkumlar almashinuvi ekani ta’kidlanmoqda.

“Ozod etilgan erkak va ayollarning ayrimlari uzoq yillardan beri adolatsiz ravishda panjara ortida qolayotgan edi. Ular o’ta og’ir azob va mavhumlik ichida kun kechirdi. Ularga qo’llangan zulm bugun o’z nihoyasiga yetdi. Ozodlikni ta’minlagan kelishuv diplomatiya yutug’idir”, - dedi AQSh prezidenti Jo Bayden.

Vataniga qaytayotgan AQSh fuqarolari orasida sobiq harbiy Pol Vilan Rossiya qamoqlarida eng uzoq muddat qolgani – 2018-yil Moskvada hibsga olingan. 2020-yil josuslikda aybdor topilgan Vilanni Rossiya sudi 16 yillik qamoqqa hukm qilgan edi.

“Wall Street Journal” nashri muxbiri Evan Gershkovich va “Ozodlik/Ozod Yevropa” radiosi muxbiri Alsu Kurmasheva Rossiyada 2023-yil hibsga olinib, yopiq eshiklar ortida sud qilindi. Josuslikda aybdor topilgan Gershkovich 16 yilga, Rossiya armiyasi haqida yolg’on axborot tarqatganlikda aybdor topilgan Kurmasheva esa 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Siyosiy faol Kara-Murza 2022-yildan beri Rossiyada panjara ortida qolayotgan edi. Siyosiy muxolifat vakili va tarixchi Kara-Murza qamoqxonadan chop etgan maktublari uchun Pulitser mukofotiga loyiq ko’rilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG