Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rus floti kuniga bag’ishlangan bayram tadbirida ma’ruza qilib, agar AQSh Germaniyada uzoq masofali raketalarini o’rnatsa, Rossiya Sovuq urush davridan beri amal qilgan bitimdan chiqib, qisqa va o’rta masofali raketalarini Yevropaga qaratishga majbur bo’lishini bildirdi.
“Agar Qo’shma Shtatlar bunday rejasidan voz kechmasa, o’rta va qisqa masofali zarbdor tizimlarni joylashtirishga qaratilgan, o’zimiz bir tomonlama joriy etgan moratoriydan o’zimizni ozod deb bilamiz”, - dedi Putin.
Oq uy va Germaniya chop etgan qo’shma bayonotdan ma’lum bo’lishicha, 2026-yildan boshlab Qo’shma Shtatlar Germaniyada “Tomagavk” rusumidagi qanotli raketalar va ishlab chiqarilayotgan gipertovushli raketalar o’rnatmoqchi. Bu hozir AQShning Yevropada quruqlikda o’rnatilgan raketalaridan ancha uzoqroq masofaga uchadigan qurollardir.
1987-yilda AQSh va Sovet Ittifoqi imzolagan bitimda o’rta va qisqa masofali, ya’ni 500 kilometrdan uzoqqa uchadigan raketalarni yo’q qilishga kelishilgan edi.
Qo’shma Shtatlar Rossiyani 2500 kilometrgacha uchadigan “Novator” qanotli raketalar ishlab chiqarayotganlikda ayblab, shartnomadan 2019-yilda chiqqan.
Rossiyaning G’arb bilan aloqalari Ukrainada 2022-yil boshida urush boshlanishi bilan yanada keskinlashdi. G’arb Ukrainaga milliardlab dollarlik harbiy yordam uzatdi. NATOga a’zo mamlakatlar joriy oy boshida Vashingtondagi sammitda kelasi yilga qo’shimcha 43 milliard dollar ajratilishi haqida ma’lum qildi.
“Bu yordamning hammasi Ukrainani kuchliroq qilishga, Ukraina g’alaba qozonishiga qaratilgan”, - deydi NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg.
Biroq aksariyat kuzatuvchilar askar, moliya va qurol jihatdan Rossiyadan ancha ortda bo’lgan Ukraina g’alabasiga ishonmaydi, taraflarni muzokaraga chaqirmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ilk bor Rossiya bilan tinchlik muloqotiga tayyorligini bildirdi.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba o’tgan hafta Xitoyda hamkasbi bilan uchrashdi. Kuzatuvchilar Kiyev Pekindan muzokaralarda vositachi bo’lishni xohlayotganini aytadi. Bunga rus qo’shinlarining frontdagi muvaffaqiyatlari, so’nggi bir necha oyda o’nlab aholi punktlarini qo’lga kiritgani sabab bo’lishi mumkin.