Putinning “do’sti”ga aylangan Mirziyoyevning mehnat muhojirlari bo’yicha muzokaralari natija bermagan ko`rinadi. Rossiya Dumasida muhojirlar huquqini keskin cheklovchi qonun qabul qilindi.
Prezident Mirziyoyev mehnat muhojirlari bilan bog’liq vaziyatni avvaliga O´zbekistonda davlat tashrifi bilan bo`lgan Prezident Putin, keyinchalik Toshkentga safar qilgan Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev bilan muzokara qilgan edi.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin O´zbekistonga tashrifi davomida Mirziyoyevning uyida mehmon bo`lgani, shaxsiy do’stlik aloqalariga ega prezidentlar tonggi soat uchgacha gaplashib chiqishganini bildirgan edi.
Putin may oyida O’zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi, ikki kunlik safarning uch kunga cho’zilishi prezidentlar o’rtasidagi shaxsiy do’stlik aloqalari, Mirziyoev Putinni o’z uyiga mehmon qilgani bilan izohlandi.
Prezident Mirziyoyev Putin bilan o’tgan rasmiy muzokaralar ortidan mehnat migratsiyasiga alohida ahamiyat qaratilgani, Prezident Putin uning taklifini qo’llab-quvvatlaganini bildirgan edi:
“Biz mehnat migratsiyasi kabi nozik masalaga alohida e’tibor qaratdik, tizimli hamkorlikni tashkil etish, samarali mexanizmlarni joriy etish muhimligini ta’kidladik. Biz bu masalalarga jiddiy to‘xtaldik. Vladimir Vladimirovich ushbu nozik masala bo‘yicha takliflarimni qo‘llab-quvvatlaganidan juda mamnunman. O‘ylaymanki, biz hali bu masalada har ikki tomondan zaruriy tartibni yo‘lga qo‘yamiz”.
Shavkat Mirziyoyev bu uchrashuvda mehnat muhojirlari, bu tizimni tartibga solish masalasida Putinga qanday takliflar bilan chiqqani ham, Duma tomonidan qabul qilingan yangi qonunda Mirziyoyev tomonidan bildirilgan takliflar qanchalik inobatga olingani ham noma’lum.
Ammo Putinning tashrifidan bir muddat o`tib O’zbekistonga Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev rasmiy safar bilan keldi, hamkasbi Bobojonov bilan muzokaralar o’tkazdi:
“Ikki davlat ichki ishlar organlari rahbarlari oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda taraflar uchun muhim boʻlgan masalalar keng muhokama qilindi, jumladan, Rossiya hududida boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasidagi Rossiya fuqarolarining huquq va erkinliklarini taʼminlash ”, deyiladi O´zbekiston Ichki ishlar vazirligi xabarida.
Kolokolsev safari davomida prezident Mirziyoyev tomonidan ham qabul qilindi, bu uchrashuvda ham migratsiya masalasi, oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi muhokama qilindi. https://president.uz/uz/lists/view/7345
Rossiya Dumasida muhojirlar huquqlarini cheklovchi yangi qonun qabul qilinishi Rossiya va O’zbekiston o`rtasida muhojirlar huquqlarini ta’minlash borasidagi muzokaralar biror natijasiz tugaganini ko`rsatadi.
Muhojirlar huquqi bilan shug’ullanib kelgan, bir muncha avval Rossiyadan chiqarib yuborilgan, asli o’zbekistonlik faol Valentina Chupikning “Ozodlik” radiosiga aytishicha, Duma qabul qilgan yangi qonun Rossiyadagi muhojirlarni himoya qilish imkonini yo’qqa chiqaradi, ularni Rossiyadagi eng huquqsiz qatlamga aylantiradi.
Duma tomonidan qabul qilingan yangi qonun mamlakatga kelayotgan mehnat muhojirlaridan Rossiya qadriyatlari, madaniyati, qonunlari va qoidalarini yoqlash, bo’ysunish, ichki ishlariga aralashmaslikka doir bayonnomani imzolashni talab etadi.
Bundan tashqari, noqonuniy muhojirlarni nazoratga olish uchun ichki ishlar, huquq tartibot idoralariga katta vakolatlar taqdim etadi, muhojirlarni sud qarorisiz ham hibsda ushlash, tintuv qilish, mamlakatdan badarg’a qilishga ruxsat beradi.
Nazoratga olingan mehnat muhojirlarining harakatlanish erkinligi, fuqarolik huquqlaridan foydalanishi, jumladan, ko’chmas mulk, transport vositalari sotib olishi, nikoh rasmiylashtirishi ham cheklanadi.
Rossiya aksariyati Markaziy Osiyodan bo`lgan mehnat muhojirlariga nisbatan bosimlar Ukraina urushi ortidan kuzatila boshlandi, ularni turli bosimlar vositasida armiyaga safarbar qilish harakatlari olib borildi.
Ammo Moskvadagi “Krokus” konsert zalida uyushtirilgan terror muhojirlarga nisbatan bosim va tahdidlar keskin kuchayishiga sabab bo`ldi, minglab muhojirlar Rossiyadan badarg’a qilindi, mehnat muhojirlari kelishiga cheklovlar qo’yildi. Rossiya matbuoti, jamoatchiligida markaziy osiyolik muhojirlarga qaratilgan bosim kampaniyasi avjga chiqdi.
Tojikiston fuqarolari aybdor ko’rilayotgan Moskvadagi terror xurujida 145 kishi qurbon bo’ldi.
Muhojirlar huquqini keskin cheklovchi yangi qonun shu terror ortidan qabul qilinmoqda.