Breaking News

Markaziy Osiyo xavfsizligi uchun kafolat bo'la oladigan kuch bormi?


Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Kameron Markaziy Osiyo safarida.
Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Kameron Markaziy Osiyo safarida.

Markaziy Osiyo Ukraina taqdiri qanday hal bo`lishini xavotir bilan kuzatmoqda.

Bu xavotir Sharqiy Yevropadagi hadiklardan ancha farqli, har ikki mintaqa Rossiyaning Ukrainadan keyingi nishoni sifatida ko’riladi.

Sharqiy Yevropa, Boltiq davlatlari Rossiya agressiyasi davom etishiga shubha qilmaydi; shu sababli ular Ukraina armiyasini imkon qadar qo´llab-quvvatlashga intilmoqda.

Markaziy Osiyoda ham mintaqa Ukrainadan keyingi nishonga aylanishiga doir qo’rquv acha kuchli, hatto tahdid ehtimoli haqida gapirish ham ancha xavotirli sanaladi.

Markaziy Osiyoga safar qilgan Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Kemeronning Qozog´istondagi uchrashuviga doir mojaro bunga yaxshi misol.

Kemeron o’zini Ukrainaning sobiq prezidenti Poroshenko deb tanishtirgan rossiyalik prankerlar bilan muloqotda Ukraina urushiga nisbatan Qozog’istondagi kayfiyat haqida gapiradi.

Jumladan, Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtley “Ukrainlar Rossiya agressiyasini jilovlashda hayotini xatarga qo’yayotgani, ular Qozog’iston uchun ham halok bo`lishayotgani” haqida gapirganini eslagan.

Qozog’iston darhol buni rad etib, ma’lumotni dezinformatsiya sifatida baholadi.

Deyvid Kemeron o’zini Poroshenko sifatida taqdim qilgan rossiyalik pankerlar bilan suhbat bo`lib o’tganini inkor etmadi.

Bu suhbat bo`lgan yoki bo`lmaganidan, Ostona tomonidan rasman rad etilganidan qat’i nazar, aslida Ukraina urishiga nisbatan Markaziy Osiyo, xususan, Qozog’istondagi qarashlarni yaxshi ifodalaydi. Ukrainadan so`ng Rossiya agressiyasi mintaqaga qaratilishi haqiqatga yaqin ko`riladi.

Hozircha Ukraina urushi taqdiri mavhum, ammo u qanday hal bo`lmasin, Markaziy Osiyoni tahdiddan xoli qilmaydi.

Markaziy Osiyoning Ukraina urushi bo`yicha tutgan neytral pozitsiyasi Rossiyani ham, Ukrainani ham qoniqtirayotgani kuzatilmaydi.

Rossiya siyosiy doiralarini, matbuotini Markaziy Osiyoga nisbatan bosimi avjga chiqqan. Mintaqa davlatlarining Ukraina urushi bo`yicha tutgan pozitsiyasi ochiq tanqidga tutilmasa-da, Kreml siyosiy doiralarining so’nggi ikki yil davomida Qozog’istonni, O´zbekistonni muntazam nishonga olishayotgani shundan dalolat beradi.

Moskvadagi siyosiy doiralar katta ehtimol bilan strategik ittifoqdosh bo`lgan mintaqa davlatlaridan o’z agressiyasini yoqlovchi faollikni ko`rishni xohlaydi. Mintaqadagi sukut, ayniqsa, Rossiya sanksiyalar ostida bo`lgan bir vaziyatda mintaqa davlatlarining G´arb bilan aloqalarni rivojlantirishga urinishi asabiy tarzda qabul qilinadi.

Boshqa tomondan, Rossiya agressiyasi qurboni bo`lgan Ukraina tomoni ham Markaziy Osiyo davlatlarining neytral pozitsiyasidan qoniqishda emas.

Buni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ochiq bayon qildi. Umintaqa liderlarini Kreml oldidagi qo’rquvda ayblab, ularning urush bo’yicha neytral pozitsiyasi aslida Moskva foydasiga ishlayotganini ayti va Kreml bilan ittifoqchilik qilishdan ehtiyot bo’lishga chaqirdi.

“Davlatlaringizning birortasi Putin bilan strategik ittifoqchi bo`lishi mumkin emas. Ularning hammasi 100 foiz tahdid ostida. Kollektiv xavfsizlik shartnomasi bo`ladimi yoki boshqa bir ittifoqmi, bular hammasi mamlakatga bosim dastagi”, - dedi Zelenskiy markaziy osiyolik jurnalistlar bilan Ukrainada o`tgan uchrashuvida.

Ukrainada ham markaziy osiyoliklardan iborat kattagina jamoa bor. Ularning ayrimlari Ukraina qurolli kuchlari safida Rossiyaga qarshi kurashmoqda. Ular mintaqadagi vaziyatga, xususan, mintaqa Rossiya tahdidiga nishon ekanligiga befarq emas.

Kiyevda yashayotgan, asli turkmanistonlik bo`lgan faollardan Ravshan Ro’zmetov Makraziy Osiyo davlatlarini zudlik bilan birlashishga, ayniqsa, qurolli kuchlardan iborat qo’shma tuzilmalar tashkil qilishga chaqiradi.

“Ukrainaga Yevropa, AQSh yordam beryapti. Markaziy Osiyoga kim yordam berishi mumkin? Rossiya Ukraina bilan qanoatlanmaydi, Putin sovet ittifoqini tiklashga qaror qilgan. Uning mustaqillik bilan ishi yo`q. Ukrainadan keyin navbat Markaziy Osiyoga kelishi hammaga tushunarli, mintaqa davlatlari kuchni avvalo o’zlaridan topishi, tahdidga tayyor turishi kerak”, - deydi Ro’zmetov.

So’nggi geosiyosiy voqealar Ukraina urushi bo`yicha muzokaralar jonlanayotganini ko`rsatdi, Kiyevning o`zi ham frontdagi vaziyat, ishg’oldagi hududlar taqdiridan qat´i nazar, tinchlik muzokaralarini jadallashtirishga, unga Rossiyani chaqirishga qarshi emas.

Frontdagi tashabbus Rossiya tomonida bo`lgan sharoitda muzokaralar o`tishi Moskvaga ustunlik beradi, bu muzokaralarda Yevropa xavfsizligi bo`yicha muhokamalar borishi, tomonlar o’rtasida kafolatlar belgilanishi haqiqatga yaqin.

Bu kafolatlar Rossiyaning Ukrainadan keyingi agressiyasi kimga qaratilishini cheklamasa-da, har holda NATO himoyasi ostidagi Sharqiy Yevropa davlatlari nisbatan xotirjam bo`lishi mumkin.

Ammo, Markaziy Osiyo mintaqasi haqida bunday deyish qiyin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG