Breaking News

Qozog'iston, AQSh strategik sheriklikni sarhisob qildi


AQSh-Qozog'iston strategik sheriklik muloqoti, Vashington, 31-may, 2024
AQSh-Qozog'iston strategik sheriklik muloqoti, Vashington, 31-may, 2024

31-may kuni AQSh va Qozog'iston rasmiylari Vashingtonda uchrashib, strategik sheriklikni sarhisob qildi. Olti yildirki, tomonlar shunday hamkorlik izidan ketayotganini aytadi. Siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik va inson huquqlari bilan bog'liq sohalarda yaqindan ishlashga kelishib olingan.

So'nggi muloqotga AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Donald Lu va Qozog'iston Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Akan Raxmetullin yetakchilik qilgan.

Amerika Qozog'istonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini quvvatlasa-da, oradagi rishtalar har jihatdan ko'ngildagidek emasligi tan olinadi, ayniqsa huquq va demokratiya bobida. Ammo Ostonadan kelgan delegatsiyaga ko'ra, respublikada islohotlar avjida.

Vashington va Ostona global masalalarda, jumladan terrorizmga qarshi kurash, atom qurollarini kamaytirish, iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga nisbatan bir yoqadan bosh chiqarishda hamfikr.

Strategik sheriklik muloqoti ketidan: AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Donald Lu va Qozog'iston Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Akan Raxmetullin, Vashington, 31-may, 2024
Strategik sheriklik muloqoti ketidan: AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Donald Lu va Qozog'iston Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Akan Raxmetullin, Vashington, 31-may, 2024

20-may kuni AQSh delegatsiyasi Qozog'istonda inson huquqlari bo'yicha muzokaralar olib borgan edi. So'z va matbuot erkinligi, e'tiqod va vijdon erkinligi, mehnat huquqlari, uyushish erkinligi kabi yo'nalishlarda respublika oqsab keladi.

Oxirgi paytlarda oilaviy zo'ravonlik muammosiga e'tibor oshgan. AQSh Qozog'istonga bu sohalarda yordam berishga tayyor, deydi rasmiylar, muhimi hukumat samimiy harakat qilsin, qonun ustuvorligi ta'minlanishi uchun konkret choralar ko'rsin.

Transkaspiy koridori orqali mintaqaviy savdoni kengaytirishda Qozog'iston yetakchi rolda, deya qayd etadi diplomatlar. Sharqdan g'arb tomon tijorat yo'llari kengayishi uchun respublika qo'shnilar bilan sheriklikni mustahkamlashi zarur. AQSh texnik ko'mak va'da qilgan.

Yashil iqtisod, muqobil energiya, infratuzilmalarni yangilash kabi sohalarda ham Ostona va Vashington birga qadam tashlashi ta'kidlanadi. Amerikaning mintaqadagi eng ko'p sarmoyasi Qozog'iston neft sektorida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG