21-may kuni Vashingtonda kechgan forumda Markaziy Osiyo va Kavkaz diplomatlari o'z davlatlarining regional maqsad-muddaolarini tushuntirar ekan, istiqbol Kaspiy dengizi osha savdoda va siyosiy-madaniy rishtalarni mustahkamlashda, deya bong urdi. AQSh rasmiylari ularga jo'r bo'lib, Vashington har ikki mintaqa yaqinlashishida yordamga tayyor ekanini bildirdi.
Aslida AQSh poytaxtida bu kabi bayonotlar yangilik emas. Sovet tizimi parchalanib, o'rnida qator mustaqil davlatlar paydo bo'lganidan beri G'arb Markaziy Osiyoni birdamlikka undab keladi.
Mintaqa Janubiy Osiyo bilan bog'lanishi kerak, imkoniyatlar ishga solinmayapti, degan chaqiriqlar Vashingtonda kamida Jorj Bush prezidentligidan beri, ya'ni 2000-yillar boshidan buyon yangraydi. Afg'oniston notinch ekani, hozirda esa xalqaro hamjamiyat tan olmaydigan Tolibon u yerda hukmronligi sabab bu boradagi sa'y-harakatlar sust.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri esa Moskvaga qarshi sanksiyalar qo'yilib, federatsiyani chetlab o'tuvchi savdo yo'llariga e'tibor va talab oshgan.
Kaspiy dengizi orqali sharq va g'arb orasida yangi yo'nalishlar ochish tashabbusi Jahon banki va Yevropada Tiklanish va taraqqiyot banki kabi donorlar tomonidan ma'qullangan va ular tegishli davlatlardan konkret loyihalar uchun serqirra takliflar kutmoqda.
AQSh Tijorat vazirining global bozorlar bo'yicha muovini Arun Venkataraman Transkaspiy forumida so'zlar ekan, Vashington har ikki mintaqa hukumatlari va xususiy sektorlarini texnik jihatdan quvvatlashga shay ekanini eslatdi.
"Xalqaro moliyaviy institutlar orqali yordamlashamiz. Respublikalar bilan ikki tomonlama aloqalarda va regional davrada istagimizni ochiq aytib kelamiz. O'rta koridor deb ataluvchi yo'nalishlar har biringizni iqtisodiy progressga yetaklashi aniq. Yevropadagi hamkorlar uchun ham bu ayni muddao. Savdo qizishi hammaning manfaati uchun xizmat qiladi. AQSh hukumati bu mamlakat bizneslarini va sizning bizneslaringizni sarmoya qilishi va hamkorlikda ishlab chiqarish va tijoratni oshirishida ko'maklashadi", - deydi Venkataraman.
Davlat departamentidan Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomat Jon Mark Pommershaym deydiki, AQSh mintaqaning har bir davlati bilan savdo va iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga bel bog'lagan.
Korrupsiyaga qarshi kurash, oshkoralikni targ'ib qilish, qonun ustuvorligi yo'lida shaxdam qadamlar tashlashda Amerika madad ko'rsatadi, deydi Pommershaym.
Rasmiy Bayden ma'muriyati davrida qilingan ishlarni sarhisob qilar ekan, aynan shu yillarda mintaqada ham integratsiya ishtiyoqi oshdi, deydi.
"Mamlakatlar orasida samimiy muloqot shakllanib, ular tushunayaptiki, birlashgan mintaqa jahon bozoridan muqim o'rin topadi. Chegara osha tijorat, transport tizimlarini rivojlantirish, o'zaro ishonch va hurmat - Markaziy Osiyoda bu borada yutuqlar sezilmoqda. Ammo integratsiya uchun hali ko'p ishlash kerak", - deydi Pommershaym.
Suverenitet, mustaqillik, hududiy yaxlitlik - AQSh uchun uch muqaddas tamoyil, deydi yetakchi diplomat, shu bois Markaziy Osiyo va Kavkazdagi har bir respublikaning erkinligi birlamchi.
Venkataraman va Pommershaym ta'kidlashicha, biznes muhitni yaxshilash nafaqat Kaspiy dengizi orqali savdo va umumiy sarmoyani oshiradi, mahalliy iqtisodni taraqqiy ettiradi. Ular hukumatlarni shu tariqa xususiy sektorni rag'batlantirishga undaydi.
Ozarbayjonning AQShdagi elchisi Xazar Ibrohim har qanday zamonda ehtiyotkor bo'lish kerak, deydi. Tavakalchilikka berilmaslik kerak, ammo bor imkoniyatlardan foydalanish lozim.
Qo'shni davlatlar, qo'shni mintaqalar siyosiy dialogni mahkamlagani avvalo o'ziga foyda, deydi Ibrohim. Xususan O'zbekiston hozirda Ozarbayjon orqali G'arbga mahsulotlarini chiqarishni yo'lga qo'ygan, buni kengaytirish uchun kelishuvlarga erishilgan.
O'zbekiston elchisi Furqat Sidiqov Boku diplomati bilan hamfikr. Mintaqa uyusha boshlagan, Kavkaz davlatlari bilan ham sherik va samara sezilmoqda, deydi u.
"O'zbekiston regional loyihalar va tashabbuslarni olqishlaydi va qo'shnilar bilan kelishgan holda harakat qiladi", - deydi Sidiqov.
U respublika G'arb bilan savdoni oshirayotganini aytadi, jumladan AQSh bilan. 300 dan oshiq biznes O'zbekistonda yo AQSh sarmoyasi bilan shakllangan yo u bilan hamkor.
Rasmiy manbalarga ko'ra, 2023-yilda ikki davlat orasidagi savdo aylanmasi qariyb 660 million dollarni tashkil etgan. 2022-yildagidan 133% ko'p. 155 million dollari eksport, 500 million dollardan oshig'i import. Eksportning eng katta qismi - axborot texnologiyasi xizmatlari.
2024-yilning birinchi choragidagi savdo 257 million dollar, shundan 70 millioni eksport.
Transkaspiy yo'nalishga O'zbekiston qiziqishini bildirar ekan, Sidiqov Mirziyoyev ma'muriyatining tashqi siyosatdagi prioritetini tilga oladi - qo'shnilar bilan eng yaqin sherik bo'lish.
Qirg'iziston ham mintaqaviy integratsiya tarafdori, deydi uning Vashingtondagi elchisi Bakit Amanbayev.
"90 foizimiz to'g. Minerallarga boymiz. Markaziy Osiyo tabiiy resurslari va salohiyati yuksak baholanadigan region. Shunday ekan, faqat olg'a yurishimiz kerak. Biz infratuzilmalarga muhtojmiz, jumladan temir yo'llarga", - deydi Amanbayev.
Bishkek Xitoy va O'zbekiston bilan temir yo'l xohlaydi, ammo bu loyiha o'nlab yillardan beri oldinga siljimayapti. Ekspertlarga ko'ra, asosiy muammo - sarmoya yo'qligi va texnik kelishuvlarga erishish uchun harakat sust ekani.
Transkaspiy forumini kuzatgan mutaxassislar nazarida ijobiy holat shuki, davlatlar sharq va g'arb orasidagi tranzit maydonigina bo'lishni istamaydi va buni ochiq aytmoqda.
Kaspiy dengizi osha faqat Xitoy moli o'tmaydi, deya urg'u berdi Ozarbayjon va Qozog'iston diplomatlari.
"Buyuk ipak yo'li nafaqat iqtisodlarni ulagan, balki jamiyatlar va madaniyatlarni bog'lagan, ilm va tafakkurga hissa qo'shgan, - deydi elchi Ibrohim. - O'rta koridor ham shunday bo'lishi kerak".
Tahlilchilarning bir qismi nazarida Transkaspiy savdo yo'llarini, ya'ni O'rta koridorni rivojlantirish dengiz atrofidagi va yaqinidagi davlatlarning irodasiga bog'liq. Boshqalarga ko'ra esa bu tashabbusni olqishlayotgan G'arb, xususan Amerika va Yevropa Ittifoqi chaqiriqlar bilan cheklanmay konkret va salmoqli loyihalarni amalga oshirishi lozim.