Breaking News

G'arb: Moskvada terrorda gumon qilinganlar qiynoq ostida, Putin dezinformatsiya bilan band


Tojikistonlik Murodali Saidakromiy Rajabalizoda Moskvaning Basmanniy sudida, 25-mart, 2024. Rajabalizoda 22-mart kuni Rossiya poytaxtida kamida 137 kishini o'ldirgan xurujda ayblanayotganlardan biri. Hibsda qiynoqqa solingan.
Tojikistonlik Murodali Saidakromiy Rajabalizoda Moskvaning Basmanniy sudida, 25-mart, 2024. Rajabalizoda 22-mart kuni Rossiya poytaxtida kamida 137 kishini o'ldirgan xurujda ayblanayotganlardan biri. Hibsda qiynoqqa solingan.

Rossiya ikki kun oldingi terrorda o'nlab insonlar, xususan tojikistonliklar ayblanmoqda. Ulardan bir nechasi 25-mart kuni sud oldida aybini bo'yniga olgan.

24-mart kuni Rossiya va Tojikiston rahbarlari masalani muhokama qilib, terrorizmga qarshi kurashni birgalikda yangi bosqichga ko'tarishga kelishib olgan.

Kreml 22-mart kuni Moskvadagi konsert zalida yuz bergan qonli xurujni "Islomiy davlat" sodir etganini tan olganiga munosabat bildirmayapti.

AQSh "Islomiy davlat" shunday hujumlar qilishi mumkin deb anchadan beri ogohlantirib kelayotgan edi.

Juma kungi terrorda 137 kishi o'lgan, 200 ga yaqin odam jarohatlangan.

Ayblanuvchilar hibsda qiynoqqa solingani haqida mutasaddilar, hatto sudya ham jim, ammo sudga ko'ringanlarning ahvoli surat va videolardan oshkor. Do'pposlangan, quloqlari kesilgan, badanlarii ko'kargan, ayrimlari yura olmaydi, o'tira olmaydi, gapirishga va eshitishga qiynalganini sud zalidagi media tasdiqlagan. Ularning ahvoli video va suratlarga olinib, rasman tarqatilgan.

Londonda asoslangan "Xalqao amnistiya" inson huquqlari tashkiloti terrorizm qabihlik va shafqatsizlikdir deya qoralar ekan, hech bir odam hech qanday sharoit ostida qiynoqqa solinmasligi shart, deya eslatmoqda.

"Qonli hujumda halok bo'lganlarning oilalariga hamdardmiz. Javobgarlar adolat oldida javob berishi kerak. Buning uchun haqiqat aniqlanishi, xurujni kim buyurib, kim amalga oshirgani oydinlashishi, voqea joyidagi jarayonlar birma-bir tahlil qilinishi lozim,"- deydi Mari Struters, "Xalqaro amnistiya" tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha rahbari.

"Bu jinoyatlarda gumon qilinganlarning qiynoqqa solinganini aks ettiruvchi tasvirlardan dahshatdamiz", - deydi ekspert.

“Ularning ahvoli haqiqat va adolat uchun harakat qilinayotganidan dalolat emas. Qiynoqlar va noinsoniy munosabatdan darak beradi. Bunday ish tutish adolat va haqiqat yo'liga to'siq. Qiynoq va shafqatsiz yondashuv har qanday holatda o'rinsiz. Jinoyatda gumon qilinganlarni qiynoqqa solish ham jinoyat. Terror xurujidan jabr ko'rganlarga mana adolat deb ko'rsatish uchun adolatli tergov va sud olib borish kerak. Bu degani xalqaro me'yorlar buzilmasligi shart".

AQShning Qozog'iston va Gruziyadagi sobiq sobiq elchisi Uilyam Kortni qator savollarni o'rtaga tashlaydi:

"Kreml nima uchun qattiq qiynoqqa solingan to'rt tojikni hammaga ko'z-ko'z qilmoqda? Xurujlarning oldini olish uchun chorami bu? Markaziy osiyoliklarga dars bo'lsin, deb shunday qilayaptimi? Yoki har bir musulmonga? Bunday shafqatsizlikni ko'rsatish aslida terroristlarni yetishtirish uchun potensialni oshirishi mumkin".

Rossiyadagi "Shimoliy Kaspiy" tahlil markazidan Dor Shabashevitz kuzatishicha, tojikistonliklar mamlakatda azaldan zenofobiya qurboni va qattiq jabr ko'rib keladi.

"Rossiya propagandasi butun boshli davlatni terror xurujlarida aybdor qilib ko'rsatmoqda. Tojikistonlik immigrantlarni haydash kerak yoki Ukrainaga jang qilishga yuborish kerak, degan chaqiriqlar yangramoqda", - deydi Shabashevitz.

Markaziy Osiyo, xususan Tojikiston bo'yicha tadqiqotchi Edvard Lemon qayd etishicha, juda oz odamlarning qora ishlari juda katta ko'lamdagi begunoh odamlarning hayotini qiyinlashtiradi.

Uning fikricha ham avalo, nima bo'lgani, voqea ortidagi odamlar va omillar chuqur o'rganilishi va aybdor deb sudda aybi isbotlangan odam ko'rsatilishi kerak. Olim terror guruhlari safida tojikistonliklar borligini biladi.

"Bir necha tojik global miqyosda terroristik faoliyat yuritgani barcha tojiklar tahdid soladi, degani emas. Tojikistonning 99,98 foizi jumladan Suriyada jangarilik qilgani yo'q", - deydi Lemon, izlanishlarga kora, 0,02 % shunday harakatlarda taxmin qilinganiga ishora qilib.

Kaliforniya shtatining Monterey shahridagi Midlberi Xalqaro tadqiqotlar institutidan Jeson Blazakis terrorizm va ekstremizm bilan bog'liq masalalarni o'rganib keladi. AQSh va Yevropa davlatlarining qonunchilariga bu mavzularda hisobotlar va tavsiyalar bergan.

Blazakis "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, Rossiya hukumati Ukrainadagi urush bilan ovora bo'lib, ichki xavfsizlikka e'tibor pasaygan.

"Aslida mamlakat tinchligiga kimlar nima uchun raxna solishiga ahamiyat berish kerak. "Islomiy davlat" oldin ham unga hujum qilgan. Bu guruh boshqalarga ham qonli xurujlar qilgan. Putinning dardi Ukraina, ammo vatanda 150 nafarga yaqin fuqaro bir kunda terroristlar qo'lida halok bo'ldi," - deydi ekspert.

Uning ta'kidlashicha, Rossiya "har doimgidek dezinformatsiya bilan band". 22-martdagi hujum terrorichilar emas, Ukrainaga borib taqaladi, deya Kreml Kiyevni gumon qilmoqda. Ayrim rasmiylar "Islomiy davlat" G'arb nazoratidagi guruh va unig istagi bilan Moskvada odamlar o'ldirildi, degan teoriyalarni ham olg'a surgan.

"Tashqi manfaatlarni himoya qilish bilan mashg'ul Putin va uning hukumati Rossiya xalqini himoya qila olmayapti", - deya xulosa qiladi Blazakis.

"Islomiy davlat" nazarida Rossiya musulmonlarni ezadigan, islomni oyoqosti qiladigan tizim, deydi u. Bu harakatning turli bo'limlari qayerda imkonini topsa, xuruj qilib keladi. G'arb, Eron, Rossiya, Afg'oniston va boshqa joylar, deya qayd etadi tadqiqotchi.

"Rossiya G'arb tomonidan ogohlantirilganida pisand qilmaydi va uni shantajda ayblaydi. Aslida Vashington hatto Eronga bilan terror xavfi haqida ma'lumot uzatadi. AQSh Moskvadan ham axborot ayamagan. "Islomiy davlat" shunday ishlarga qodir, deya bildirgan, ammo Putin quloq solmagan".

Bu borada savolga tutilganida, Kreml so'zlovchisi Dmitriy Peskov va Rossiya diplomatlari javob berishdan qochadi. Ukraina rahbariyati Rossiya gumonlarini keskin rad etib, ularni asossiz deb atagan. Volodimir Zelenskiy va uning hukumati biror davlatga notinchlik tilamasligini, begunoh insonlar qoni to'kilishiga qarshi ekanini eslatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG