Breaking News

Moskvadagi teraktni uyushtirgani aytilayotgan "IShID-Xuroson" haqida nima bilamiz?


AQShning bildirishicha, Moskvada “Krokus Siti Holl” konsert saroyida 22-mart kuni ro'y bergan terrorchilik xurujini “Islomiy davlat” guruhining Afg’onistondagi Xuroson bo’limi amalga oshirgan. Teraktda 130 dan ortiq odam halok bo’ldi.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda razvedka agentliklari “IShID-Xuroson” Rossiya poytaxtida hujum uyushtirishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumot to’plagani, bu haqda Moskvani oldindan ogohlantirganini tasdiqladi.

“Islomiy davlat” ham o’z axborot agentliklari orqali teraktni amalga oshirganini tan olgan. Bayonotlaridan birida uni guruhning Rossiyadagi yacheykasi uyushtirgani aytildi.

Ammo AQSh va G’arb rasmiylari “IShID-Xuroson” Afg’oniston chegaralaridan tashqarida xurujlar uyushtirish niyati borligi haqida ilgari ham ko’p marta ogohlantirish bergan.

“IShID-Xuroson” tashqi operatsiyalarni o’tkazish niyatidan qaytmagan. Guruh o’z g'oya va shikoyatlarini G’arb auditoriyasiga yetkazish uchun ingliz tilida media bayonotlar beradi”, - degan edi AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas 2023-yilning oktabrida.

2023-yilning mayida AQSh razvedka idoralari direktori ham shunday ogohlantirish bilan chiqqan, boshqa rasmiylar esa bunday hujumlar bir yil ichida sodir bo’lishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Yil boshida Eronning Karmon shahrida xotira marosimida yuz bergan terakt uchun javobgarlikni ham “Islomiy davlat” o’z zimmasiga olgan. O'shanda ikki portlashda qariyb 100 kishi halok bo’lgan edi.

“IShIDning Afg’onistondagi bo’limi [Rossiyadagi] hujum uchun mas’ulmi, yo’qmi, bu voqea IShID global tahdid bo’lib qolayotganini ko’rsatmoqda”, - deydi Maykl Smit, jihodchi guruhar bo’yicha ekspert.

Kelib chiqishi

“Islomiy davlat” jangari guruhining eng faol va zo’ravon mintaqaviy bo’linmalaridan biri - “IShID-Xuroson” Afg’onistonda 2014-yil oxirida paydo bo’lgan.

Unga Pokiston Toliboni va O’zbekiston islomiy harakatining sobiq a’zolari va IShIDga bay’at bergan boshqa guruhlarning a’zolari asos solgan. Guruh safi bir necha yil kengayib, AQSh va Tolibonning uni yo'q qilish sa’y-harakatlari o’laroq taxminan 2018-yilda a’zolari kamayishni boshlagan.

AQSh oldingi yillarda bergan ma’lumotga ko’ra, “IShID-Xuroson” jangchilari soni bir necha yuzni tashkil etadi. Ammo a’zo davlatlar razvedka idoralari BMT bilan bo’lishgan ma’lumotlarda ular soni ancha yuqori, ya’ni Afg’onistonning Kunar va Nangarhor viloyatlarida guruhning 1500 dan 2200 nafargacha a’zosi bo’lishi mumkin.

Bundan tashqari, ayrim kuzatuvchilar fikricha, “IShID-Xuroson” Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonda ham faoliyat olib borishga urinmoqda.

“IShID-Xuroson tahdidini ko’zdan qochirmaymiz. Bu guruh nafaqat tug’ruqxonalar va maktablarni portlatib, ayollar va bolalarni o’ldirishni istaydi. Balki Afg’onistondan tashqarida ham tartibsizliklar uyushtirisni xohlaydi, ular o’ta nigilistik qarashga ega”, - deydi Ayan Makkeri, AQShning IShIDni mag’lub etish bo’yicha global koalitsiyadagi maxsus elchisi muovini.

“IShID-Xuroson” 2021-yilda Kobul xalqaro aeroportida, AQSh Afg’onistonni tark etayotganda portlash uyushtirib, amerikalik 13 askar va 170 afg’onni o’ldirgan edi.

Tolibon bilan kelishmovchilik

“IShID-Xuroson” va Tolibon o’rtasida jiddiy kelishmovchiliklar mavjud. IShID toliblarni jihoddan yuz o’girgan harakat deb hisoblaydi va ularning Afg’onistondagi hokimiyatiga tahdid solishda davom etmoqda, deydi mutaxassislar.

Moskvadagi hujum guruh Rossiyani birinchi bor nishonga olishi emas. 2022-yilda “IShID-Xuroson” jangarilari Rossiyaning Kobuldagi elchixonasida sodir etilgan suiqasd xurujini o’z zimmasiga olgan edi.

Ayrim tahlilchilar fikriga ko’ra, guruh Rossiyani Afg’oniston, Checheniston va Suriyadagi musulmonlarga zulm o’tkazayotgan davlat sifatida ko’radi.

OAV xabarlariga ko’ra, Moskvadagi terakt ketidan huquq-tartibot organlari 11 kishini, jumladan unda bevosita ishtirok etgan to’rt kishini hibsga olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG