Turkiya Xitoyni Yevropaga bog’lovchi “O’rta koridor” deb nomlanuvchi savdo yo’liga katta qiziqish bildirmoqda. Turkiya orqali o’tuvchi koridor G’arb sanksiyalariga uchragan Rossiya hududini chetlab o’tadi.
“Bu Rossiyaning Trans-Sibir temir yo’liga muqobil koridor bo’ladi. Rossiyani chetlab o’tishga harakat qilayotgan Yevropa mamlakatlari uchun bu ajoyib loyiha”, - deydi Turkiyaning Marmara universitetidan Chag’dash Ungor.
Bu Xitoy g’arbidan Qozog’iston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali Yevropaga tushiriladigan marshrut. O’tgan yili Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Markaziy Osiyo rahbarlari ishtirokidagi sammitda loyihaning ahamiyati haqida so’zlagan.
"Transkaspiy xalqaro transport yo'nalishi” tashabbusining ahamiyati dunyodagi hozirgi voqealar fonida kuchaydi. Mushtarak manfaatlarimizga javob beruvchi ushbu koridor salohiyatini muvofiqlashtirishda va yaxshilashda davom etishimiz kerak”, - degan Erdog’an.
Xitoy va Yevropa o’rtasida savdo Qizil dengiz orqali kechayotgan edi, biroq Isroil-XAMAS urushi ketidan xusiylarning hujumi dengiz orqali yuk olib o’tishni xavfli qildi. Natijada O’rta koridor loyihasi Turkiyaga jozibador ko’rindi.
Turkiyaning Xitoy bilan aloqalari yaxshilanar ekan, Anqaraning loyihaga qiziqishi ham kuchaymoqda.
“Ikki davlat aloqalarida hamisha past-balandliklar kuzatilgan. Biroq aynan hozir munosabatlar kuchaymoqda.
Ayniqsa Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yining Turkiyaga tashrifi ketitdan”, - deydi Antalyadagi Oloviddin Kaykubat universitetidan Diren Dogan.
Turkiya Xitoy hukumatini uyg’urlarga nisbatan zulmda ayblashi, ko’p uyg’ur dissidentlarining Turkiyada boshpana topishi Pekin bilan aloqalarning sovuqlashishiga sabab bo’lgan edi. Biroq tahlilchilarga ko’ra, Anqara endi iqtisodiy aloqalarni ustun qo’ymoqda.
“Xitoy uyg’ur masalasi sabab Turkiyani mintaqada siyosiy xavf yuqori bo’lgan mamlakat deb ko’radi. Yangi yildan oldin Turkiya hukumati Xitoy bilan barqaror aloqalarni uyg’ur masalasini to’liq yoki ochiq qo’llab-quvvatlashdan ustun ko’rishini bildirdi”, - deydi Yevropa siyosatini o’rganish markazidan Jeren Ergench.
O’rta koridor loyihasi to’liq ishga tushishi uchun tranzit mamlakatlar o’rtasida bojxona qoidalari uyg’unlashtirilishi, infratuzilma qurilishiga doir xarajatlar taqsimlanishi kerak.
“Eng katta muammo hozir pul. O’rta koridorga kim sarmoya qilishi”, - deydi Chag’dash Ungor.
Markaziy Osiyoda ta’sirini kuchaytirishga intilayotgan Erdog’an uchun ushbu loyiha muhim siyosiy ahamiyatga ham ega. Turkiyaning Sharq va G’arb o’rtasida iqtisodiy ko’prikga aylanishi Anqaraga mintaqaviy lider bo’lishda va iqtisodiy foyda ko’rishda qo’l keladi.