O'tgan oy Rossiya sudlari quvg‘indagi uch jurnalistni hibsga olish uchun order berdi. Tahlilchilarning aytishicha, bu qadam mamlakat tashqarisidagi tanqidchilarni ta'qib qilishga qaratilgan.
17-iyun kuni Moskva sudi Yekaterina Fomina va Roman Aninni Rossiya harbiylari haqida yolg'on ma'lumot tarqatganlikda ayblab, hibsga olish to'g'risida qaror chiqardi.
27-iyun kuni esa boshqa ish doirasida sud Farida Kurbangaliyevani terrorizmni oqlash va Rossiya harbiylari haqidagi yolg‘on ma’lumotni tarqatishda ayblab, hibsga olish uchun order berdi.
Ma'lumotlarga ko'ra, Kurbangaliyeva Rossiya va xalqaro kanallarda muxbir bo'lib ishlagan, shuningdek, Ukraina hamda Rossiya siyosatchilaridan intervyu oladigan “YouTube” kanalini yuritadi.
Fomina bilan bog'liq ish esa 2022-yilda Anin asos solgan “IStories” surishtiruv markazida u ishlagan hujjatli filmdan keyin boshlangan edi. Hujjatli filmda rus askari Fomina bilan suhbatda ukrainalik tinch fuqaroni o‘ldirganini tan olgan edi.
“Agar siz hozirgi Rossiya rejimiga ochiqchasiga qarshi chiqsangiz, hech qayerda xavfsiz bo'la olmaysiz, - deydi Fomina “Amerika Ovozi”ga. - Biz endi oldingidek tinch hayotda yashay olmaymiz”.
2022-yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirganidan beri Rossiya mamlakat ichidagi va tashqarisidagi jurnalistlarga nisbatan repressiv taktikasini kuchaytirdi. Garchi sirtdan hibsga olishlar Moskvada ro’y berayotgan boshqa ta’qib shakllariga, masalan, zaharlash va haqiqatda hibsga olish kabi og‘ir bo‘lmasa-da, ular hali ham transmilliy repressiya mashinasining bir qismi hisoblanadi.
Vashingtondagi “Freedom House” tashkiloti vakili Gredi Voganning so'zlariga ko'ra, bunday orderlar ham quvg'inda bo'lgan jurnalistlarni qo'rqitish uchun, ham Rossiya o’z auditoriyasiga tanqidning qabul qilinmasligini ko'rsatish uchun xizmat qiladi.
"Bu – Rossiyani tark etsang ham uning nishonidan qocha olmasligingdan dalolat beradi”, - deydi Vogan “Amerika Ovozi”ga.
“Freedom House” tashkilotining 2023-yilgi hisobotiga ko'ra, Rossiya so'nggi o'n yil ichida xorijdagi jurnalistlar va tanqidchilarga qarshi chora ko’rayotgan 26 hukumat qatoriga kiradi.
Xalqaro Matbuot institutida Sharqiy Yevropani yorituvchi Karol Luska fikricha, bu amaliyot “ma’lum bir vaqt oralig‘ida qatag‘on qilingan jurnalistlar, faollar va boshqa norozi shaxslarga nisbatan qog‘ozdagi ichki boshqaruv talablarini qondirish” harakatlarining bir qismi bo‘lishi mumkin.
Luskaning ta'kidlashicha, juma oqshomlari Rossiya Adliya vazirligi odatda mamlakatning "xorijiy agentlar" ro'yxatiga to'rt-beshta ism, ko’pincha jurnalistlarning ismlarini qo'shadi.
“Hibsga olish orderlari, shuningdek, Rossiya aholisi orasida jurnalistlarni obro'sizlantirishga ham hissa qo'shishi mumkin”, - deydi Venadan Luska.
Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi “Amerika Ovozi”ning izoh soʻragan elektron pochtasiga javob bermadi.
Joriy yil boshida Fomina "Amerika Ovozi"ga yangi shaharlardagi hayotni qayta boshlash bilan bog'liq ruhiy qiyinchiliklar va so’nggi paytda duch kelayotgan huquqiy tahdidlar haqida gapirib bergan ledi.
Rossiyalik jurnalist 2022-yildan beri Yevropada yashaydi, lekin u Rossiya hukumati tahdididan qo‘rqib, qayerda ekanligini omma oldida ochiq aytmaydi.
Fomina hibsga olish orderi uning xavfsiz sayohat qilish va reportajlar olib borish imkoniyatlarini cheklashidan, ba'zi hukumatlar uni Rossiyaga ekstraditsiya qilishi mumkinligidan qo'rqadi.
“Avvalari men mustaqil jurnalist edim, vaziyatga tez moslashuvchan, juda harakatchan edim. Agar biror hodisa yuz bersa, bir soat ichida uchishga tayyor bo’lar edim. Hozir esa men juda cheklanganman va ko'p mamlakatlarga bora olmayman”, - deydi jurnalist.
Hozirda Rossiyaning quvg‘indagi “TV Rain” kanalida ishlayotgan Fomina, unga qarshi bu harakatlar Rossiyada u bilan gaplashishga tayyor bo‘lgan manbalarni topishni qiyinlashtirishi mumkinligidan xavotirda.
U sud oxir-oqibat uni sirtdan sudlashga harakat qilishini bilsa-da, o’z qat’iyatini yo’qotmaapti.
“Men jim tura olmasligimizni bilaman va o’z qadriyatlarimga sodiqman”, -deydi jurnalist.