Ukrainadagi urush va boshqa mojarolar Markaziy Osiyo davlatlarini ham qurollanishga undamoqda, deydi ekspertlar, vaholanki bu bilan barqarorlik mustahkamlanishiga ishonch past.
Rossiya azaldan bu borada asosiy hamkor bo'lib kelgan. Hozirga kelib, Turkiya, Xitoy va AQSh roli ham oshgan
Stokgolm Xalqaro tinchlik tadqiqot institutiga ko'ra, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikistonda o'tgan yili mudofaa uchun jami 1,8 milliard dollar sarflangan. O'zbekiston va Turkmanistonda qancha xarajat qilingani oshkor etilmaydi, shu bois hisobotda aks etmagan.
Qozog'istonda 2023-yilda yalpi milliy daromad 259,7 milliardni tashkil etgan bo'lsa, undan o,5 foizi harbiy sohaga ketgan.
Qirg'izistonda yalpi milliy mahsulot 13,9 milliard dollar bo'lib, uning 1,5 foizi; Tojkistonda esa 12 milliard dollarlik yillik daromadning 1 foizi mudofaa uchun ajratilgan.
Qirg'iziston Vazirlar mahkamasi raisi o'rinbosari Qamchibek Tashiyev o'tgan yilning yozida hukumat majlisida bildirgan ediki, 2021-yildan beri mamlakat o'z armiyasini kuchaytirish uchun 1,3 milliard dollar xarj qilgan. Mablag' asosan ilg'or texnologiya uchun ketgan.
"Bayraktar", "Aksungur" va "Akinci" kabi jangovar havo vositalari oldik. Boshqa davlatlarda hali bunday qurollar yo'q. "Mi-8" va "Mi-17" singari vertolyotlar olib ham ancha kuchayib oldik", - degan edi Tashiyev.
Tojikiston bilan chegaradagi qurolli to'qnashuvlar har ikki davlatlarning qurollanishi uchun jiddiy turtki bo'ldi, deya kuzatadi mutaxassislar. Bishkek va Dushanbe chetdan qurol sotib oldi. Shuningdek, hamkor davlatlar bilan bu yo'nalishdagi sheriklikni kemgaytirdi.
2022-yilda Eron Tojikistonda dron ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydi. "Ababil-2" vositalari yaratila boshladi. 2024-yilda esa Dushanbe ham Turkiyadan noma'lum miqdorda "Bayraktar" xarid qildi.
Parviz Mullojanov kabi tojikistonlik tahlilchilar hukumat qurollarga salmoqli miqdorda mablag;' ajrataveradi, deya taxmin qiladi.
Qozog'istonda harbiy byudjet o'tgan yilga qaraganda 8,8 foizga oshgani ma'lum. O'zbekiston bu jihatdan shaffof bo'lmasa-da, ayrim ishonchli manbalarda davlat harbiy salohiyatini mustahkamlash uchun 2023-yilda 260 million dollar ishlatgani qayd etiladi.
O'zbekiston va Turkmaniston rahbarlari o'z nutqlarida qurolli kuchlarni zamonaviylashtirish va ularni yuqori texnologik vositalar bilan ta'minlashga urg'u berib keladi.
Rasmiylar deydiki, Ukrainadagi urushdan tashqari Ozarbayjon-Armaniston mojarosi, Afg'onistondagi xavotirlar hamda mintaqada chegara bo'ylab ziddiyatlar ham respublikalarni mudofaani kuchaytirishga majburlagan.
G'arblik jurnalist Peter Leonard kuzatishicha, hukumatlar buni qisman obro' uchun qilmoqda.
"Turkmanistonda bu aniq ko'rinadi. Yillik harbiy paradlarda Xitoy, Yevropa davlatlari va boshqa mamlakatlardan olingan yangi qurollar ko'z-ko'z qilinadi. Bunday holatni butun Markaziy Osiyoda ko'rish mumkin", - deydi Leonard.
Tojikiston, Qirg'iziston, Qozog'iston, Belarus, Armaniston va Rossiya a'zo Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti bu masalada kuchli ta'sirga ega bo'lsa-da, oxirgi yillarda Turkiya, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, AQSh, Xitoy, Germaniya, Fransiya va Belarus ham mintaqa bilan harbiy hamkorlikni kengaytirgan.
2010-2024 yillar orasida Turkiya va Eron Qirg'iziston, O'zbekiston va Toikistonga dronlar yetkazib bergan. AQSh O'zbekiston va Tojikistonga texnik ko'mak va harbiy vositalar uzatgan. Xitoy O'zbekistonga harbiy havo tizimlari bergan. Fransiya va Germaniya O'zbekiston va Qozog'istonga harbiy vertolyotlar sotgan, Belarus Qirg'izistonni havo mudofaa sistemalari bilan ta'minlagan.
Berlindan tadqiqotchi Svenya Petersen tahlilicha, eng keskin raqobat Bishkek va Dushanbe orasida.
"Qirg'iziston va Tojikiston rahbarlari tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash haqida bong ursa-da, davlatlarini qurollantirish bilan ovora", - deydi olima.
Leonard kuzatishicha esa shunga qaramasdan davlatlar ziddiyalarga barham berish uchun kelishuv imzolash arafasida.
"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan mutaxassislarning bir qismi hukumatlar tinchlikni mustahkamlash uchun iqtisodiy muammolarni hal qilishi kerak deb hisoblaydi. Ayrimlar esa davlatlar qanchalik qurollanmasin, urush bo'lmaydi, deya ishonadi.
Bishkekda rasmiylar harbiy xarajatlar oshganini asosli, mintaqada kuchlar muvozanatlashayapti, deya tushuntiradi.
Leonard deydiki, bunday harakatlar barqarorlik garovi emas. Siyosiy islohotlar olib borish lozim, xalqqa xizmat qiluvchi institutlarni oyoqqa turg'azish kerak, deydi u.