Breaking News

AQSh razvedkasi: Rossiyaning saylovga aralashuvi Tramp foydasiga ishlamoqda


AQSh prezidentligi uchun respublikachilar nomzodi Donald Tramp
AQSh prezidentligi uchun respublikachilar nomzodi Donald Tramp

AQSh razvedka xizmatining aytishicha, Rossiya AQShning bo'lajak prezidentlik saylovlari natijalariga ta'sir o'tkazish maqsadida o'ziga tanish esli usullarga murojaat qilmoqda. Shu maqsadda olib borilayotgan axborot xurujlarida sobiq prezident Donald Trampning nomzodini kuchaytirish yo'llari qidirilib, aksincha, amaldagi prezident Jo Baydenning saylovoldi kampaniyasini qoralashga urinilgan.

Noyabr oyidagi saylovlarga mavjud tahdidlar bo'yicha e'lon qilingan yangi hisobotda nomzodlardan hech biri nomi bilan tilga olinmagan. Ammo razvedka xodimining jurnalistlarga aytishicha, Kremlning AQSh siyosiy manzarasiga bo'lgan nuqtai nazari avvalgi saylov davrlaridan beri o'zgarmagan.

“Biz Rossiyaning prezidentlik poygasidagi qarashlarida o'tgan saylovlarga nisbatan o'zgarishlarni sezmadik”, - dedi rasmiy razvedka ma'lumotlarini faqat anonimlik sharti bilan muhokama qilishga rozi bo'lib jurnalistlarga bergan intervyusida.

AQSh razvedka xodimlari bundan 4 yil avval 2020-yil Donald Tramp va Jo Bayden o’rtasidagi prezidentlik saylovlari paytida ham xuddi shunday ogohlantirish bergan edi.

O‘sha paytda AQSh Milliy razvedka va xavfsizlik markazi rahbari bo‘lgan Uilyam Evaninaning aytishicha, Moskva sobiq vitse-prezident Baydenni qoralash uchun turli choralarga qo’l urgan.

“Ba'zi Kremlga bog'liq shaxslar ham prezident Trampning nomzodini ijtimoiy tarmoqlarda va Rossiya televideniyesida qo'llab-quvvatlamoqda”, - deb qo'shimcha qilgan edi u.

2021-yil mart oyida e'lon qilingan saylovdan keyingi maxfiy tahlil dastlabki xulosalarni tasdiqladi. Tahlilda aytilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Trampni qo'llab-quvvatlab, Prezident Baydenning nomzodini va Demokratik partiyani qoralashga qaratilgan ta'sir operatsiyalariga” ruxsat bergan.

Trampning raddiyasi

Trampning saylovoldi kampaniyasi AQSh razvedkasi xulosasini eskirgan deb rad etdi.

“Vladimir Putin Jo Baydenning zaif va qo’rqoq ekanligini bilgani sababli uni prezidentlikka qo'llab-quvvatladi, buni Putinning Ukrainaga bostirib kirgani tasdiqlaydi”, - dedi Tramp kampaniyasi milliy matbuot kotibi Karolin Livitt “Amerika Ovozi”ga yuborgan elektron xabarida.

“Prezident Trump Oq uyda yashaganida, Rossiya va barcha Amerikaga qarshi bo'lgan davlatlar Qo'shma Shtatlarning javobidan qo'rqqani uchun tiyilib turishgan edi”, - dedi u.

"Amerikada Baydenning samarasiz ojizligi va Trampning kuch orqali dunyoga samarali yondashuvi o'rtasidagi aniq qarama-qarshilikni ko'rmaydigan ayrim odamlargina ommaviy axborot vositalarida Donald Trump haqida yolg'on hikoyalar yozmoqda”, - deya qo’shimcha qildi u.

Rossiya qo’llayotgan usullar

Kreml Tramp va boshqa amerikalik nomzodlarning noyabrdagi saylovda g’alaba qozonishi Moskvaga foydali bo’lishini ta’minlash uchun “umumdavlat” yondashuvini qo’llayotgani to’g’risidagi ayblovlarga rus rasmiylari hozircha javob bermadi.

“Moskva o‘z xabarlarini ko’paytirish va sa’y-harakatlariga haqiqiylik tusini berish uchun turli yondashuvlarni qo‘llamoqda, - deydi AQSh razvedka rasmiysi. - Buning uchun ruslar o‘z sa’y-harakatlarini yashirish maqsadida tijorat firmalaridan, AQShdagi taniqli insonlardan foydalanib yolg’on hikoyalar tarqatmoqda”.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, Rossiyaning sa'y-harakatlari, shuningdek, prezidentlik saylovlari natijalariga ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan shtatlardagi AQSh saylovchilariga ham qaratilgan.

Bu urinishlarning ayrimlari o’z natijasini ko’rsatmoqda.

Rossiya va sun’iy intellekt

Yaqinda AQSh Adliya vazirligi ikki internet domeni va “X” ijtimoiy tarmog‘idagi yana 968 ta akkaunt musodara qilinganini e’lon qildi. Rasmiylarning aytishicha, bu Rossiya razvedkasi va “RT” davlat axborot tarmog'i bilan birgalikda yaratilgan sun'iy intellekt asosidagi korxona hisoblanadi.

AQSh Adliya vazirligi bayonotida Rossiya razvedkasi va “RT” maxsus sun'iy intellekt dasturidan va AQShdagi shaxslardan foydalanib, haqiqiy ko'rinishdagi ijtimoiy media akkauntlarini yaratgani aytilgan, “keyin operatorlar bu akkauntlardan Rossiya hukumatining maqsadlarini qo'llab-quvvatlovchi xabarlarni targ’ib qilish uchun foydalangan”.

AQSh, Kanada va Niderlandiya tomonidan bir vaqtning o'zida chiqarilgan qo'shma axborot xabarida aytilishicha, Rossiya sun'iy intellektdan foydalanadigan ta'sir operatsiyasini boshqa ijtimoiy tarmoqlar platformalarida kengaytirmoqda.

Jurnalistlar bilan suhbatlashgan AQSh razvedka vakili sun'iy intellektdan bunday foydalanishni "zararli ta'sir tezlatkichi" deb ta'rifladi. Bu texnologiya allaqachon Xitoy tomonidan mazkur yilning yanvar oyida Tayvanda bo'lib o'tgan saylovlar oldidan qo'llangan bo'lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Xitoy kutmoqda

Hozircha AQSh razvedka xodimlari Pekin 2020 va 2022-yillardagi kabi AQSh saylovlariga aralashishga harakat qilayotganiga oid alomatlarni topmadi.

“Xitoy ikki partiya orasidagi tanlovdan kam foyda ko'radi, chunki ularning ikkalasi ham Pekinni jilovlashga intilmoqda,”- deydi AQSh razvedka rasmiysi, vaziyat o'zgarishi mumkinligini ta'kidlab.

“Xitoy jamoatchilik fikrini yaxshiroq tushunish va oxir-oqibat uni manipulyatsiya qilish uchun, AQSh ijtimoiy media platformalarida ma'lumotlarni yig'ish va kuzatish imkoniyatlarini kengaytirishga intilmoqda, - deydi rasmiy. - Bundan tashqari, biz Xitoy 2022-yilgi oraliq saylovlarda bo'lgani kabi, quyi saylovlarga ta'sir o'tkazishga intilayaptimi yoki yo'qmi, shuni o’rganyapmiz”.

AQShning avvalgi ayblovlarini rad etgan Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi bunga javoban AQShni “dezinformatsiyaning eng yirik tarqatuvchisi” deb atadi.

“Xitoy AQSh saylovlariga aralashish niyatida emas va aralashmaydi, shuningdek, AQSh tomoni saylovda Xitoy masalasini ko'tarmasligiga umid qilamiz”, -dedi Xitoy matbuot kotibi Liu Pengyu “Amerika Ovozi”ga jo’natgan elektron xabarida.

‘Xaos agenti’

AQShning saylov tahdidlari bo'yicha yangi tahlilida Rossiya va Xitoy bilan bog'liq xavotirlarga qo'shimcha ravishda, Eronning kelayotgan AQSh saylovlarida "xaos agenti" rolini o'ynashga intilayotgani haqida dalillar borligi haqida ogohlantirilgan.

Putinning Ukrainaga oid so'nggi da'volari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:11 0:00

“Eron saylovlar munosabati bilan ijtimoiy kelishmovchilikni qo'zg'atmoqchi va AQSh demokratik institutlariga ishonchni susaytirmoqchi”, - deyiladi xulosaning jamoatchilik uchun ochiq versiyasida.

Shuningdek, bu versiyada Tehron “Amerika Qo'shma Shtatlaridagi siyosiy va ijtimoiy taranglikdan turli vositalar, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali foydalanishdan uzoq vaqtdan beri manfaatdor ekani” haqida aytilgan.

Misol tariqasida, rasmiylar Eron Qo'shma Shtatlar bo'ylab G'azo tarafdorlari norozilik namoyishlaridan foydalanishga urinayotganini ko'rsatadigan maxfiy ma'lumotlarga ishora qiladi.

“Biz Eron hukumati bilan bog'liq shaxslarning internetda faollar sifatida o'zlarini ko'rsatishga harakat qilganini, norozilik namoyishlariga da’vat qilganini va hatto namoyishchilarga moliyaviy yordam ko'rsatganini kuzatdik”, - dedi Milliy razvedka direktori Evril Xeyns.

Xeyns eronlik shaxslar bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan amerikaliklar “chet el hukumatidan yordam olayotganini bilmasliklari mumkinligi”ni ham qayd etdi.

Eron rasmiylari “Amerika Ovozi”ning izoh so’rab qilgan murojaatiga hali javob bermadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG