Breaking News

Baydenning saylov poygasidan chiqishiga global munosabat


Xorijiy mamlakatlar va fuqarolar Baydenning saylov poygasidan chiqishiga qanday munosabat bildirmoqda?

Xalqaro hayot - 22-iyul, 2024-yil. Bayden poygadan chiqdi. Harris nomzod bo'la oladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:01 0:00

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bundan ajablanmaganini aytarkan, vitse-prezident Kamala Harris AQSh-Rossiya munosabatlarini yaxshilashga hissa qo’shmaganini ta’kidlaydi.

Peskov Rossiya hozir AQSh siyosatiga emas, ko’proq Ukrainada maxsus harbiy amaliyot maqsadlariga erishishga urg’u berayotganini bildirdi.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel Oq uyda kim bo’lishini amerikaliklar hal qilishi kerak degan fikrda.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurne Baydenning saylovdan chiqishi Yevropa siyosatiga ta’sir qilmasligini aytadi.

"Yevropa o’z manfaatlarini himoya qiladi. Va bu manfaatlarni himoya qilishda Oq uydagi har qanday ma’muriyat bilan ishlashga tayyormiz. Bu ham Yevropa, ham global barqarorlik manfaatlariga xizmat qiladi”, - dedi u.

Belgiya Tashqi ishlar vazirasi Hadicha Lahbib Baydenning poygadan chiqishi saylovda Tramp g’alaba qozonishini anglatmasligini aytadi.

“Demokratlarga endi bosh bo’ladigan Kamala Harrisga omad tilayman. U kuchli ayol”, - deydi Lahbib.

Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbok Baydenning qarorini olqishlab, u mamlakat manfaatlarini ustun qo’yganini aytdi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mao Nin ushbu voqeani izohlashdan bosh tortib, saylovga doir mavzular Amerikaning ichki ishi ekanini bildirdi.

Ukrainaliklar esa Baydenning poygadan chiqqanidan xavotirda.

"Tramp Baydenchalik Ukrainaga yordam bermasligi ayon bo’lyapti”, - deydi 23 yashar kiyevlik bir yigit.

Ko’chada so’ralganlarning aksariyati Harris Trampni mag’lub etishiga ishonmaydi.

O’tgan hafta Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Tramp bilan qo’ng’iroqlashgan, uni Respublikachilar partiyasidan rasman nomzod bo’lgani bilan tabriklagan.

Tramp Ukraina-Rossiya urushini saylovdan so’ng tugatishga, tomonlarni muzokaraga undashga so’z berdi.

“Reyter” axborot agentligi g’azoliklarning ham mavzu bo’yicha fikri bilan tanishdi. Falastinliklar Oq uyda kim bo’lishi ularning hayotiga qattiq ta’sir qilmasligini aytadi.

"Bayden ham, Tramp ham Falastinga qarshi urushda Isroilga yordam bergan. Bayden ketadimi, qoladi, Falastinga muhim emas. Mamlakatlarimizda terrorizmga sabab ham shular”, - deydi xon-yunuslik bir ayol.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu shu hafta Vashingtonda bo’lishi, chorshanba kuni Kongressda nutq so’zlashi, Bayden bilan muloqot qilishi kutilmoqda.

"Amerika Isroilga qurollar bilan yordam berayotganini ko’ryapmiz. Isroil shu qurollar bilan bizni qirg’in qilayotganini ko’ryapmiz. Amerika Falastin xalqi foydasini ko’zlayotgan qarorlarga veto qo’yishini ko’ryapmiz. Amerikaning Demokratik partiyasi Netyanyaxuni Kongressda nutq so’zlashga taklif etganini ko’ryapmiz. “Amerikadagi hamma siyosiy partiyalar uchun Isroilning manfaatlari ustunroq”, - deydi yana bir falastinlik.

Isroilliklarning esa bu masalada fikrlari bo’lingan.

"Trampning prezidentlikka qaytishi Isroil uchun yaxshi bo’ladi. U Isroilni qo’llab-quvvatlaydi, Isroilga ishonadi. Jey Di Vens ham Isroilga qattiq ishonadi. Kamala Harris qanday siyosat yuritishini esa bilmaymiz”, - deydi 73 yashar tel-avivlik yahudiy.

"Trampni butun dunyo uchun, Amerika va Isroil uchun xavfli deb bilaman. Uning Eron yadro dasturi bo’yicha shartnomadan chiqishi Tehronga yadro bombasini yaratishda yordam berdi. Demokratlar yana g’alaba qozonadi degan umiddaman”, - deydi isroillik iqtisodchi.

Bayden prezidentlik uchun saylov kampaniyasidan chiqishini 21-iyul yakshanba kuni e'lon qildi. U Demokratlar partiyasidan asosiy nomzodlikka vitse-prezident Kamala Harrisni qo’llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

Partiyaning Kongressdagi yetakchi vakillari Baydenni saylov poygasidan chiqishga chaqirishi hamda yirik donorlarning Bayden saylov kampaniyasi uchun moliyaviy yordamni to'xtatib qo'yishi prezidentni bu da’vatlarga quloq solishga majbur qildi.

“Sizga prezident sifatida xizmat qilish hayotimdagi eng katta sharafdir”, dedi Bayden o’z bayonotida.

Unga ko’ra, poygadan chiqish va prezidentlik muddatining qolgan qismida Oq uydagi vazifalariga urg’u berish qarori ham Demokratlar partiyasi, ham mamlakat manfaatlariga xizmat qiladi.

Bayden nomzodlikka Harrisni tavsiya qilgani bilan partiyadan asosiy nomzod kim bo'lishini kelasi oy llinoys shtatining Chikago shahrida bo'ladigan partiyaviy qurultoy hal qiladi. Unda qatnashadigan 3896 delegatning deyarli hammasi partiyaviy tanlovda Baydenga ovoz bergan.

Biroq Demokratik milliy qo’mita qoidalariga ko’ra, delegatlar qurultoyda ovozlarini boshqa nomzodga berishga haqli.

So’nggi ommaviy so’rov natijasiga ko’ra, demokratlarning 58 foizi va umuman amerikaliklarning 30 foizi Harris yaxshi prezident bo’la oladi degan fikrda.

Agar partiya rahbariyati prezidentlikka nomzodlikni Harrisga topshirishga qaror qilsa, u o’ziga vitse-prezidentlikka sherik tanlashi kerak bo’ladi.

81 yashar Bayden shu hafta Amerika xalqiga murojaat qilishi kutilmoqda.

Bayden poygadan chiqishga qaror qilgani bilan prezidentlik faoliyatini oxirigacha olib borishini ma’lum qildi.

Baydenning saylovdagi raqibi, Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp saylovda Harrisni mag’lub etish oson bo’lishini aytdi.

Tahlilchilar Tramp saylov shtabi endi kampaniya strategiyasini o’zgartirishga to’g’ri kelishini aytadi.

"Ular Jo Bayden ancha keksaydi, ishini bajara olmaydi, oilasi poraxo’r deb gapirib kelishayotgan edi, ammo endi Bayden yo’q. Tramp Baydenni mag’lub etishga hozirlik ko’rayotgan edi”, - deydi Brukings institutidan yana bir ekspert Derrel Vest.

Bayden 1968-yildan beri nomzodlikdan voz kechgan ilk prezidentdir. O’shanda Vyetnamdagi urush uchun ko’p tanqidlarga uchragan Lindon Jonson poygadan chiqishga majbur bo’lgan edi.

Tramp ham, respublikachilardan vitse-prezidentlikka nomzod Jey Di Vens ham Baydenni Amerika tarixida eng yomon prezident deb atashdi. Tramp, shuningdek, Baydenning koronavirus bilan kasallangani haqidagi xabarni soxta deb atadi:

"Kimdir haqiqatan ham buzuq Jo COVID yuqtirganiga ishonyaptimi? Aslo. U 27-iyundagi debatda mag’lub bo’lganidan beri poygadan chiqish haqida o’ylanayotgan edi”, dedi Tramp o’ziga qarashli ijtimoiy sahifada.

Poygada mustaqil nomzod sifatida qatnashayotgan Robert Kennedi Baydenning saylovdan chiqish qarorini olqishladi, Demokratlar partiyasini uning o’rniga nomzodni tanlashda jarayonni shaffof qilishga chaqirib, eng boshidan shunday bo’lganida Kennedi partiyani tark etishga majbur bo’lmagan bo’lishini aytadi.

Nufuzli demokratlar Harrisning nomzod bo’lishiga ko’nadimi yoki boshqa da’vogarlarga ham imkon beradimi, hozircha ma’lum emas.

Demokratlar saylovgacha yangi nomzodni tanlab, kampaniyasini olib borishi uchun to’rt oy vaqt qoldi.

Harrisning o’zi Bayden aynan uni prezidentlikka loyiq deb topganini o’zi uchun sharaf deb atadi.

Sobiq prezident Bill Klinton va uning rafiqasi Xillari Klinton Kamala Harrisni demokratlardan prezidentlikka nomzod bo’lishda qo’llab-quvvatlashini bildirishdi.

Xillari Klinton 2016-yil saylovida demokratlardan prezidentlikka nomzod bo’lgan, poygani Donald Trampga boy bergan.

Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Bayden saylov shtabi yuzlab tarafdorlari va Demokratik partiya qurultoyi delegatlari bilan bog’lanib, prezident poygadan chiqayotganini, uning o’rnini saylovda Kamala Harris egallashini ma’lum qilgan va ulardan Baydenning nomidan Harris nomzodini qo’llab-quvvatlashni so’ragan.

Xabarlarga ko’ra, partiyaning barcha shtatlardagi qo’mitalari raislari qurultoyda Harrisni qo’llab-quvvatlashga so’z bergan.

Demokratlardan muqobil da’vogar deya ko’rilgan Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusom ham Harrisga xayrixohlik bildirdi.

Vakillar palatasining sobiq spikeri Nensi Pelosi va sobiq prezident Barak Obama Baydenning poygadan chiqishini olqishlagan bo’lsa-da, saylovda kim tarafida bo’lishini hozircha ma’lum qilgani yo’q.

Demokratlardan yana ikkita ehtimoliy nomzod Michigan gubernatori Gretchen Vitmer va Kentuki gubernatori Endi Beshir o’z rejalari haqida e’lon qilmadi hali.

Bayden saylovdan chiqqani bilan prezidentlikdan ketmasligini bildirdi, biroq Vakillar palatasining spikeri Mayk Jonson “saylov kampaniyasini eplolmaydigan odamga prezidentlikni ham ishonib bo’lmasligini” aytib, Baydenni Oq uyni bo’shatib qo’yishga chaqirdi.

So’nggi ommaviy so’rov natijalari Harrisning Bayden bilan reytingi deyarli bir xil ekanini ko’rsatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG