Breaking News

Bayden prezidentlik poygasini tark etdi, o'rniga Harris nomzodini ma'qulladi


Prezident Jo Bayden o’z partiyadoshlarining kuchli bosimidan so’ng prezidentlik poygasini tark etishini e’lon qildi.

“Qayta saylanishdan voz kechishim, prezidentlik muddatimning qolgan qismida e’tiborimni o’z vazifalarimni bajarishga qaratishim, ham partiyamiz, ham mamlakatimiz manfaatlariga javob beradi deb ishonaman”, - deyiladi Baydenning bayonotida.

Bayden o'z o'rniga Vitse-prezident Kamala Harris nomzodini ma'qulladi.

Respublikachilar nomzodi Donald Tramp bilan iyun oyidagi teledebat ortidan Baydenning aqliy va jismoniy salomatligi, prezident sifatida ikkinchi muddatni eplay olishi borasida qator savollar uyg’ongan edi.

So’nggi haftalarda o’nlab demokratlar Baydenni poygadan chiqishga undadi, donorlar uning kampaniyasiga pul bermay qo’ydi. Debatda 81 yoshli rahbar savollarga mujmal javoblar bergan, ko’p marta so’zini yo’qotib qo’ygan.

Baydenning prezidentlik muddati rasman 2025-yilning 20-yanvarigacha davom etadi.

“Prezidentingiz sifatida xizmat qilish hayotimdagi eng katta sharaf bo’ldi. Mening qayta saylanishim uchun ter to’kkan barchadan chuqur minnatdorman. Vitse-prezident Kamala Harrisga ham bu ishda hamkorim bo’lgani uchun rahmat aytaman. Menga bildirgan ishonchi uchun Amerika xalqiga samimiy minnatdorchiligimni izhor qilaman”, deyiladi Baydenning “X” sahifasiga qo’yilgan bayonotida.

O’tgan hafta koronavirusga chalingan Jo Bayden hozirda Delaver shtatidagi uyida davolanmoqda. U keyinroq xalqqa murojaat qilib, qarorini tushuntirishini bildirdi.

Amerika tarixida prezidentlikka hech bir nomzod saylovga shunchalik oz qolganda poygani tark etmagan. Endi demokratlar qisqa vaqt ichida nomzodlarni ilgari surish jarayoniga aniqlik kiritishi, tanlangan shaxs prezidentlikni uddalay olishi va Trampni mag’lub eta olishi borasida saylovchilarni ishontirishi kerak.

O’z navbatida, respublikachilar nomzodi Tramp o’z e’tiborini yangi raqibga qaratishi kerak bo’ladi.

Baydenning qarori uning siyosatdagi 52 yillik faoliyatiga tez va hayratlanarli tarzda yakun yasashini anglatadi. Demokratik partiya donorlari, qonunchilar va hatto prezidentning o’z maslahatchilari u yana to’rt yil davomida vazifalarini ishonchli tarzda bajara olishiga shubha bildirib kelayotgan edi.

Bayden nomzodlarni saralash jarayonida aksariyat delegatlarning ovozini qo’lga kiritgan. U poygadan chiqar ekan, endi ular boshqa bir nomzodni qo’llab-quvvatlash imkoniyatiga ega.

Bayden o’z o’rniga Vitse-prezident Kamala Harrisni loyiq ko’rmoqda. Federal qonunlarga ko’ra, 59 yoshli Harris Baydenning saylov kampaniyasi to’plagan millionlab dollar mablag’dan foydalana oladigan yagona nomzoddir.

Demokratik partiya qurultoyi 19-22 avgust kunlari Chikago shahrida o’tishi belgilangan. Bu tadbirda boshqa nomzodlar ham maydonga chiqadimi, yo’qmi, hozircha noma’lum.

Baydenning e’lonidan bir necha daqiqa o’tib, Donald Tramp Baydenni prezidentlik lavozimini ham topshirishga chaqirdi.

“U nomzod bo’lishga ham, prezident sifatida xizmat qilishga ham yaramaydi”, deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqda.

Demokratlar partiyasi yetakchilari Baydenning qarorini olqishlamoqda.

“Uning bu qarorga kelishi albatta oson bo’lmagan, lekin Bayden yana bir bor o’z mamlakati, partiyasi va kelajagimizni birinchi o’ringa qo’ydi, - deydi Senatda demokratlar sardori Chak Shumer. – Jo haqiqiy vatanparvar va buyuk amerikalik ekanligini ko’rsatdi”.

Vakillar palatasida demokratlar yetakchisi Hakim Jeffris Baydenni “Amerika tarixidagi yetuk va salmoqli natijalarga erishgan liderlardan biri” deb atadi.

Palata spikeri, respublikachi Mayk Jonsonning ta’kidlashicha esa agar Bayden poygada qatnashish salohiyatiga ega bo’lmasa, darhol iste’foga chiqishi lozim.

KAMALA HARRIS KIM?

Kamala Harris kelasi yilning yanvar oyida Amerikaning birinchi ayol prezidentiga aylanishi mumkin. U Baydenga quvvatlovi uchun minnatdorchilik bildirib, prezidentlik poygasida qatnashishini ma’lum qildi.

Kamala Harris AQShda dunyoga kelgan. Otasi Yamaykadan, onasi Hindistondan kelgan immigrantlar bo'lgan. Kamala o'zini qora tanli deya tanigan va shu ruhda katta bo'lgan.

"Bu ayol ko'p jihatdan namuna", - deydi Virjiniya universitetidan Barbara Perri.

Harris Vashingtondagi Hovard universitetini bitirgan. Qora tanlilarning eng ilg'or universiteti. 2004-yilda San-Fransisko prokurori, 2010-yilda esa Kaliforniya shtati prokurori lavozimini egallagan. Bu borada ham Harris ayol yurist sifatida birinchi bo'lgan.

Uning bu roldagi faoliyati qattiq tanqidga uchragan, chunki prokurorlik davrida ko'plab qora tanlilar sudlangan, qamalgan. Harris o'im jazosi va politsiya zulmi borasida yumshoqlikda ayblangan. Adolatga nisbatan aniq pozitsiyada emas, deya savolga tutilgan.

2016-yilda Senatga saylanganida u yerdagi birinchi va yagona qora tanli ayol bo'lgan.

“Bular aytishga oson, erishish esa juda qiyin yutuqlar", - deydi Shannon Bou Obrayn, Texas universiteti olimi.

Kamala Harris oilasi haqida ko'p gapiradi. U esa katta emas. Bir singlisi bor. Turmush o'rtog'i Dag Emhoff ham yurist. Emhoffning birinchi oilasidan ikki farzandi bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG