Breaking News

Bayden prezidentlik poygasidan chiqsa, o'rnini kim egallashi mumkin?


Donald Tramp bilan debatdan so’ng Jo Baydenning yoshi va sog’ligi yuzasidan xavotirlar kuchaygan. Uni poygani tark etishga undayotganlar safi kengaymoqda, jumladan partiyadoshlari orasida.

Baydenning o’zi Trampni mag’lub eta oladigan eng yaxshi nomzod menman, poygadan chiqmayman, deydi.

Vashingtonda o’tgan uch kunlik NATO sammiti ketidan Oq uyda o'tgan matbuot anjumanida 81 yoshli rahbar noyabrdagi saylovda demokratlar nomzodi sifatida qatnashish ahdida qat'iy ekanini ta'kidladi.

Bayden poygadan chiqishga qaror qilgan taqdirda uning o’rnini kim egallashi mumkin? Demokratlardan kim Trampni mag’lub eta oladi?

Virjiniya universiteti professori Larri Sabato Baydenning xohishisiz uni poygadan chiqarib bo’lmasligini aytadi.

“Nomzodni poygadan chiqarishning bir yo’li agar uning o’zi partiya qurultoyidan oldin saylovda qatnashmaslikka qaror qilsa. Bunday taqdirda Demokratlar milliy qo’mitasi qurultoy qoidalarini belgilaydi”, - deydi olim.

Vitse-prezident Kamala Harris
Vitse-prezident Kamala Harris

Bayden poygani davom ettirish rejasidan voz kechgan taqdirda vitse-prezident Kamala Harris uning o’rnini egallaydi.

Biroq Harrisning o’zi Baydendan voz kechgani yo’q. U Baydenga sodiq ekanini namoyish etarkan, Trampning sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens Tramp nomzodini qo’llab-quvvatlamayotganiga ishora qildi.

"Jo Bayden va Donald Tramp o’rtasidagi farq shuki, faqat birining, Jo Baydenning vitse-prezidenti uning nomzodini qo’llab-quvvatladi”, - dedi Harris.

Janubiy Kaliforniya universitetining siyosiy fanlar bo’yicha professori Kristian Grouzning aytishicha, Harris prezidentlikka nomzod bo’lsa, mustaqil saylovchilar unga ovoz berishga qaror qilishi mumkin.

“Ommaviy so’rov natijalariga nazar tashlasangiz, mustaqil saylovchilarning katta qismi Harrisga ovoz berishga tayyor emas hozircha, biroq Harris ularni ovoz berishga Baydenga qaraganda yaxshiroq ko’ndira olishi mumkin”, - deydi Grouz.

Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusom
Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusom

Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusom yana bir da’vogar. U ham Bayden nomzodini qo’llab-quvvatlayapti hozircha va hatto o’tgan hafta Michiganda Bayden uchun targ’ibot qildi.

Michigan gubernatori Gretchen Vitmer ham saylovda Baydenning o’rnini egallashi mumkin. Ikki yil oldin gubernatorlikka qayta saylangan siyosatchi kasaba uyushmalar va qurol zo’ravonligiga qarshi harakatlarni qo’llab-quvvatlagani uchun demokratlar hurmatini qozongan.

Kentukki gubernatori Endi Beshir mamlakatda Nyusom yoki Vitmarchalik nom qozonmagan bo’lsa-da, respublikachilar hukmron janubiy shtatda obro’si baland.

Michigan gubernatori Gretchen Vitmer
Michigan gubernatori Gretchen Vitmer

Demokratlar partiyasining bu yilgi qurultoyi Illinoys shtatida bo’lib o’tadi. 3,5 milliard dollarlik boylikka ega mahalliy gubernator Jey Robert Pritsker, prezidentlikka nomzod bo’lsa, saylov kampaniyasini o’z hamyonidan moliyalashi mumkin.

Yana bir da’vogar – Mishel Obama, sobiq prezident Barak Obamaning rafiqasi. U saylovda qatnashish niyati yo’qligini ko’p marotaba aytgan, ammo aksariyat saylovchilar orasida obro’si baland.

O’tgan hafta o’tkazilgan ommaviy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, Mishel Obama Trampni 10 foizdan ko’p farq bilan mag’lub etishi mumkin. Bayden esa so’rovlarda Tramp bilan deyarli teng ketmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG