Breaking News

Bayden yana qovun tushirdi, ammo poygadan chiqmoqchi emas


Vashingtonda o’tgan uch kunlik NATO sammitidan o’zini mamlakatni yana to’rt yil boshqarishga jismonan va aqlan qobiliyatli ekanini ko’rsatish uchun foydalanishga harakat qilgan AQSh Prezidenti Jo Bayden anjuman yakunida imtihondan o’tolmadi, qovun tushirdi.

Xalqaro hayot - 12-iyul, 2024-yil - Bayden yana qovun tushirdimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:35 0:00

Bayden yonida turgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga so’z berishdan oldin uni Putin deb tanishtirdi.

“Endi esa so’zni dovyurak, qat’iyatli Ukraina prezidentiga bermoqchiman. Xonimlar va janoblar, Prezident Putin. Prezident Putin! U Prezident Putinni mag’lub etadi. Prezident Zelenskiy! Men Putinni mag’lub etish haqida ko’p o’ylayapman. Bundan xavotirlanishimiz tabiiy”, - dedi Bayden xatosini oqlash harakatida.

Matbuot anjumanida AQSh rahbari muxbirlar savollariga salkam bir soat javob berdi. Ukraina jang maydonida qo’li baland kelayotganini aytib, bunda o’zining ham hissasi borligini ta’kidladi.

"Sammit paytida bir necha davlat rahbarlari o’z bayonotlarida NATOning yutuqlari uchun AQShga va shaxsan menga minnatdorchilik bildirdi”, - dedi u.

Bayden Zelenskiyni Putin bilan adashtiribgina qolmay, vitse-prezident Kamala Harrisni “Tramp” deb atadi.

"Agar u prezidentlikka loyiq bo’lmaganida edi, vitse-prezident Trampni vitse-prezidentlikka tanlamagan bo’lardim”, - dedi Bayden.

U o’tgan oy sobiq prezident Donald Tramp bilan bo’lgan teledebatdagi sust chiqishini “ahmoqona xato” deb atasa-da, Trampni noyabrda mag’lub etishga qodir ekanini aytdi.

“Prezidentlikka eng loyiq odam menman. Uni [Trampni] bir marta mag’lub etganman. Yana ortda qoldiraman”, - dedi Bayden.

Biroq ayrim demokrat qonunchilar va partiya donorlari bunga ortiq ishonmay qo’ygan.

Demokratlar partiyasining ashaddiy tarafdorlaridan bo’lgan Gollivud yulduzi Jorj Kluni o’tgan oy Bayden saylov kampaniyasi uchun pul to’plash maqsadida bir tadbirga homiylik qildi. Biroq shundan so’ng u “Nyu-York Tayms” gazetasiga maqola yozib, Bayden 2020-yildan beri qattiq o’zgarganini aytdi, uni nomzod sifatida ortiq qo’llab-quvvatlamasligini bildirdi, Baydenni poygadan chiqishga chaqirdi.

“Bayden ko’p janglarda g’alaba qozondi, ammo vaqtni mag’lub eta olmaydi”, dedi Kluni.

Shu kungacha Vakillar palatasidagi 16 ta va Senatdagi bir demokrat qonunchi Baydendan saylovdan chiqishni so’radi.

Biroq prezident siyosiy kurashni davom ettirish ahdida qat’iy.

BAYDENNING SAYLOVDA O'RNINI KIM EGALLASHI MUMKIN?

Bayden poygadan chiqishga qaror qilgan taqdirda uning o’rnini kim egallashi mumkin? Demokratlardan kim Trampmi mag’lub eta oladi?

Virjiniya universiteti professori Larri Sabato Baydenning xohishisiz uni poygadan chiqarib bo’lmasligini aytadi.

“Nomzodni poygadan chiqarishning bir yo’li agar uning o’zi partiya qurultoyidan oldin saylovda qatnashmaslikka qaror qilsa. Bunday taqdirda Demokratlar milliy qo’mitasi qurultoy qoidalarini belgilaydi”, - deydi olim.

Bayden poygani davom ettirish rejasidan voz kechgan taqdirda vitse-prezident Kamala Harris uning o’rnini egallaydi.

Biroq Harrisning o’zi Baydendan voz kechgani yo’q. U Baydenga sodiq ekanini namoyish etarkan, Trampning sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens Tramp nomzodini qo’llab-quvvatlamayotganiga ishora qildi.

"Jo Bayden va Donald Tramp o’rtasidagi farq shuki, faqat birining, Jo Baydenning vitse-prezidenti uning nomzodini qo’llab-quvvatladi”, - dedi Harris.

Janubiy Kaliforniya universitetining siyosiy fanlar bo’yicha professori Kristian Grouzning aytishicha, Harris prezidentlikka nomzod bo’lsa, mustaqil saylovchilar unga ovoz berishga qaror qilishi mumkin.

“Ommaviy so’rov natijalariga nazar tashlasangiz, mustaqil saylovchilarning katta qismi Harrisga ovoz berishga tayyor emas hozircha, biroq Harris ularni ovoz berishga Baydenga qaraganda yaxshiroq ko’ndira olishi mumkin”, - deydi Grouz.

Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusom yana bir da’vogar. U ham Bayden nomzodini qo’llab-quvvatlayapti hozircha va hatto o’tgan hafta Michiganda Bayden uchun targ’ibot qildi.

Michigan gubernatori Gretchen Vitmer ham saylovda Baydenning o’rnini egallashi mumkin. Ikki yil oldin gubernatorlikka qayta saylangan siyosatchi kasaba uyushmalar va qurol zo’ravonligiga qarshi harakatlarni qo’llab-quvvatlagani uchun demokratlar hurmatini qozongan.

Kentuki gubernatori Endi Beshir mamlakatda Nyusom yoki Vitmarchalik nom qozonmagan bo’lsa-da, respublikachilar hukmron janubiy shtatda obro’si baland.

Demokratlar partiyasining bu yilgi qurultoyi Illinoys shtatida bo’lib o’tadi. 3,5 milliard dollarlik boylikka ega mahalliy gubernator Jey Robert Pritsker, prezidentlikka nomzod bo’lsa, saylov kampaniyasini o’z hamyonidan moliyalashi mumkin.

Va yana bir da’vogar – Mishel Obama, sobiq prezident Barak Obamaning rafiqasi. U saylovda qatnashish niyati yo’qligini ko’p marotaba aytgan, ammo aksariyat saylovchilar orasida obro’si baland.

O’tgan hafta o’tkazilgan ommaviy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, Mishel Obama Trampni 10 foizdan ko’p farq bilan mag’lub etishi mumkin. Bayden esa so’rovlarda Tramp bilan deyarli teng ketmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG