Vashingtonda NATOga a’zo va alyansga hamkor davlatlar rahbarlari to’planmoqda.
NATO sammiti ularga Prezident Baydenning salomatligiga o’z ko’zlari bilan guvoh bo’lishga yaxshi imkoniyatdir. Aksariyat rahbarlarni Donald Trampning prezidentlikka qaytish ehtimoli xavotirga solmoqda.
Tramp Ukrainaga harbiy yordamni to’xtatishini, NATO a’zolariga to’lagan badaliga qarab muomala qilishini aytadi.
Bayden Trampning qayta saylanishiga to’siq qo’yishga qodir siyosatchi deb ko’riladi. Biroq demokratlar orasida va Bayden saylov kampaniyasini moliyalagan ayrim donorlar tarafidan uning poygadan chiqishiga da’vatlar kuchaymoqda.
Alyansga a’zo davlatlar rahbarlari AQSh ichki siyosatiga aralashuvda ayblanmaslik uchun bu masalada fikrlarini ovoza qilgani yo’q.
“NATOda xavotir mavjud. A’zo mamlakatlar liderlari Jo Baydenni sevmasligi mumkin, ammo Tramp ma’muriyatiga nazar tashlab, Trampning NATOga qarshi ayrim gaplarini eslashadi. Shu sabab NATOdagi ko’p mamlakatlar Baydenni afzal ko’radi. Bayden tarafida bo’lishgani uchun emas, Trampning NATOga qarshi gaplari sabab. Ammo bu narsalarni ular ochiq gapirishni istashmaydi, chunki Amerika sayloviga aralashayotgandek bo’lib ko’rinishni xohlashmaydi”, - deydi Xyustondagi Rays universitetidan siyosatshunos Richard Stoll.
Shunga qaramasdan Germaniya Kansleri Olaf Shols Baydenning sog’lig’i bo’yicha muxbirlar savollaridan qochmadi.
“Bundan xavotirda emasman. Amerika prezidenti bilan ko’p suhbatlarimdan shuni bilamanki, u sammitni uyushtirishga yaxshi tayyorgarlik ko’rdi, qabul qilinayotgan ko’p qarorlarni Germaniya bilan yaqindan maslahatlashdi. Sammit muvaffaqiyatli o’tadi”, - dedi Shols yo’lga chiqishdan oldin.
Alyans a’zolari Vengriya rahbarining ko’pchilik fikriga e’tibor bermay mustaqil siyosat yuritayotganidan ham xavotirda. Aksariyat a’zolar e’tiroziga qaramay, Viktor Orban o’tgan hafta Rossiyaga borib, Prezident Putin bilan ko’rishdi.
"Xonimlar va janoblar. So’nggi ikki yarim yilda jang qilayotgan ikki taraf bilan gaplasha oladigan mamlakatlar soni kamayib bormoqda. Vengriya shunday mamlakatlardan biri”, - dedi Orban.
Ushbu sammitda 32 a'zolik guruh Vashingtonning Ukraina mudofaasini muvofiqlashtiruvchi rolini o'z zimmasiga olishni rejalashtirmoqda.
Rossiya NATO tinchlik haqida gaplashishga tayyor emas degan fikrda. Haqiqatda sammitda Ukraina mudofaasini kuchaytirish xususida gap ketadi. Bu esa urushning cho’zilishiga olib kelishi muqarrar.
Ukraina tinchlik evaziga hududlaridan ayrilishni istamaydi.
Sammitda Yevropa xavfsizligiga Osiyodan taralayotgan tahdid ham muhokama etiladi. Anjuman mehmoni bo’lgan Janubiy Koreya Prezidenti Yun Suk Yol Shimoliy Koreyaning Rossiya bilan kuchayayotgan harbiy hamkorligini Yevropaga tahdid deb biladi.
Pxenyan Rossiyani o’q-dori bilan ta’minlab turibdi, uning Ukrainada g’alaba qozonishi tarafdori.
Seul bunga javoban Ukrainaga qurol yuborish haqida o’ylanmoqda.