Breaking News

Putin Osiyoda xavfsizlik arxitekturasini yaratishga intilmoqda


Putin Vyetnamda
Putin Vyetnamda

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga safari ketidan Vyetnamda ham bo’ldi. Har ikki mamlakat kommunistik bo’lib, Rossiya bilan yaqin aloqalarga ega. Putin uning mintaqaga tashrifi Osiyo va Tinch okeani regionida ishonchli xavfsizlik arxitekturasini yaratishga qaratilganini aytdi.

Poytaxt Xanoyda ikki davlat o’rtasida 11 ta shartnoma imzolandi.

Bundan bir kun oldin Putin Shimoliy Koreyada keng qamrovli strategik sheriklik haqida bitim, o’zaro mudofaa paktiga qo’l qo’ydi. Unga ko’ra, mamlakatlar hujumga uchrasa, bir-biriga yordam berishi kerak bo’ladi.

G’arb davlatlari Moskva Pxenyanga raketa va yadro dasturlarini rivojlantirishda yordam berishidan xavotirda.

“Ukrainaga qurol uzatayotgan mamlakatlar Rossiya bilan urush qilmayotganini aytadi. U holda biz dunyoning boshqa mintaqalariga qurol yuborish huquqiga egamiz. Koreya Xalq Demokratik Respublikasi bilan imzolangan shartnomalar doirasida unga ham qurol yuborishimiz mumkin”, - dedi Putin.

Rossiya va Shimoliy Koreya mudofaa shartnomasini imzolashi ketidan Janubiy Koreya matbuoti Seul Ukrainani qurol bilan ta’minlashi mumkinligiga ishora qiladi.

Putin bunday ehtimolni Janubiy Koreya uchun xavfli deb atadi.

“Koreya Respublikasi Koreya Xalq Demokratik Respublikasi bilan imzolangan bitimdan xavotir olmasligi kerak, chunki unda taraflar hujumga uchrasagina bir-biriga yordam berish ko’zda tutilgan. Bilishimcha, Koreya Respublikasi qo’shni mamlakatga tajovuz rejalayotgani yo’q”, - dedi Putin.

Vyetnamga tashrifi chog’ida Putin NATO harbiy tashkilotini Osiyoda Rossiya xavfsizligiga tahdid solish harakatida aybladi.

"Osiyoda nima bo’layotganini ko’ryapmiz. Blok tizimini yaratishyapti. NATO Osiyoga kiryapti, xuddi o’z uyiga kirayotganday”, - dedi Putin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG