Breaking News

NATO sammitida Bayden alyans birligini olqishladi


Vashingtonda 75 yilligini qarshilayotgan NATO sammiti bo’lib o’tmoqda. Anjumanning birinchi kunida AQSh Prezidenti Jo Bayden alyans birligini olqishladi, tashkilot dunyoda jiddiy muammo va tahdidlar bilan yuzlashayotganini aytdi.

Xalqaro hayot - 10-iyul, 2024-yil - Erdog'an Assad bilan aloqani tiklamoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:11 0:00

“Har qachongidan kuchli ekanimiz yaxshi. Chunki tarixning hozirgi bosqichida kollektiv kuchga ehtiyoj bor. Tartibsizlik va azob-uqubat yoyish maqsadida terrorchi guruhlar zolim rejalarini hozirlashda davom etmoqda. Putinning Yevropada Ukrainaga qarshi bosqinchi urushi davom etmoqda. Putin Ukrainani o’ziga butunlay bo’ysundirmoqchi, Ukraina demokratiyasi, madaniyatini yo’q qilmoqchi, Ukrainani xaritadan o’chirmoqchi. Putin Ukraina bilan cheklanib qolmasligini bilamiz. Ammo shubhangiz bo’lmasinki, Ukraina Putinni to’xtata oladi va to’xtatadi ham”, - dedi Bayden.

Seshanba kuni Oq uy xavfsizlik maslahatchisi mudofaa va harbiy sanoat rahbarlari bilan uchrashib, “tinchlikni istasang, urushga tayyor bo’l” degan qadimgi Rim maqolini keltirdi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham qurol ishlab chiqarishni kuchaytirishga chaqirdi.

"Mudofaa sanoatiga doir yangi majburiyatni imzolash zarur va bu Yevropa va Shimoliy Amerikada sanoatimizni kuchliroq, innovatsionroq, yirik hajmda ishlab chiqarishga qodir qilishda yordam berishi kerak”, - dedi u.

Bayden oktabrda iste’foga chiqayotgan Stoltenbergning alyans oldidagi xizmatlarini yuqori baholab, uni prezidentning “Ozodlik” medali bilan taqdirladi.

Baydenning ma’ruzasi uni poygadan chiqishga chaqirayotgan donorlar va partiyasi a’zolariga ham qaratilgani aytiladi. AQSh rahbari saylovda qatnashish ahdida qat’iy ekanini aytarkan, uning zaif jismoniy va aqliy sog’lig’i haqidagi shubhalarga barham berishga harakat qilmoqda.

Sobiq prezident va Baydenning saylovdagi raqibi Donald Tramp o’z siyosatida Amerika manfaatlarini ustun qo’yishga va’da berayotgan bir paytda Bayden NATO sammitidagi ma’ruzasida an’anaviy global ittifoqni tiklashga so’z berdi.

"Amerikaliklarning aksariyati NATO barchamizning xavfsizligimiz uchun muhim ekanini yaxshi tushunadi. Demokratik va Respublikachi partiyalar vakillarining bu yerda o’tirgani ham shundan dalolat”, - dedi Bayden.

Sammitga taklif etilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Vashingtondagi bir tadbirda NATO kelajagidan xavotirda ekanini aytdi.

"Umid qilamanki, Qo’shma Shtatlar hech qachon NATOdan chiqmaydi, aks holda dunyo ko’p davlat yo’qotadi”, - dedi u.

Zelenskiy bu bilan Trampning NATOga munosabatiga ishora qildi. Sobiq prezident a’zo davlatlar badalini zarur miqdorda to’lamasa, ular hujumga uchragan taqdirda AQSh yordam bermasligini aytgan.

Sammitda ilk bor qatnashayotgan Britaniya yangi bosh vaziri Kir Starmer Vashingtonga borishdan oldin uning mamlakati mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 2,5 foizigacha oshirishga so’z berdi.

O’tgan hafta parlament saylovida Leyboristlar partiyasining g’alabasi natijasida bosh vazirlikka kelgan Starmer shuningdek Ukrainaga Britaniya uzatgan qurollar bilan Rossiya ichkarisiga zarba berishga ruxsat berishini bildirdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov shunday bo’lgan taqdirda Rossiya javob chorasini ko’rishi haqida so’zladi.

Britaniya Ukrainani uzoq masofali “Storm shadow” raketalari bilan ta’minlamoqda.

Zelenskiy Rossiyani Kiyevdagi bolalar kasalxonasiga hujumda ayblab, Putinga o’lim tiladi.

"Men otaman, prezidentman, insonman. Odamlarni yo’qotish naqadar qiyin, bolalarni yo’qotish og’ir. Odamlar, ota-onalar, bolalar o’layotganini ko’ryapmiz. Shunaqada Putinni o’ldirgingiz keladi. Hammamiz buni juda istaymiz”, - dedi Zelenskiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG