Donald Tramp sakkiz yil oldin prezidentlikka saylanayotganida Vashington byurokratiyasini o’ziga bo’ysundirishga va’da bergan edi.
“Prezidentlikka saylansam, Vashingtondagi botqoqni quritamiz”, - degan edi u o’shanda.
Tramp hali ham bu va’dasidan chekingani yo’q.
100 dan ortiq konservativ guruh kuzda bo’ladigan saylovda Tramp g’alaba qozonsa, hukumatga prezident siyosatiga so’zsiz amal qiladigan siyosatchilarni tayinlashni taklif etuvchi loyiha tayyorladi.
“Loyiha 2025” deb nomlanuvchi rejani o’ng qanot “Xeritij jamg’armasi” taqdim etdi.
Tashkilot prezidenti Kevin Roberts ushbu rejani amalga oshirishda zo’ravonlik kelib chiqishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.
“Ikkinchi Amerika inqilobi jarayonidamiz. Agar so’lchilar qarshilik ko’rsatmasa, inqilob qonsiz bo’ladi”, - deydi u.
Robertsning keskin tanqidlarga sabab bo’lgan izohi ketidan Tramp o’zini “Loyiha 2025”dan uzoqlashtirishga harakat qildi, u haqda bilmasligini, mualliflari bilan gaplashmaganini, ularning ayrim gaplariga qo’shilmasligini aytdi.
Loyiha rahbari Pol Dens Trampning chiqishlari va g’oyalaridan ilhomlanganini aytadi.
“U to’rt yil prezident bo’ldi. Ko’p g’oyalar uning asl ishidan, Tramp prezidentligining birinchi muddatidan olingan”, - deydi Dens.
Vashingtonda asoslangan Progressiv siyosat instituti prezidenti Uill Marshallning aytishicha, “Loyiha 2025” AQSh konstitutsiyasining mualliflari Jeyms Medison va Tomas Jefferson ko’zda tutgan cheklash va muvozanatlash tamoyillari, ya’ni hokimiyatning ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud hokimiyatiga bo'linish tamoyillarini yemirishga qaratilgan.
“Bu odamlarning keyingi prezidentning qo’lida qancha hokimiyat to’planishini xohlashayotganini ko’rib, Medison va Jefferson go’rlarida aylanayotgani aniq. Va agar bu prezident Donald Tramp bo’lsa va uning o’tmishda hokimiyatni suiiste’mol qilganini hisobga olsak, u holda mamlakat qo’rqinchli tushga yuz tutmoqda deyavering”, - deydi Marshall.
Prezident Jo Bayden saylov kampaniyasi paytida “Loyiha 2025”ni keskin tanqid qildi, buning uchun hatto alohida veb-sahifa tashkil etildi, liberal matbuotning munosabati keltirildi.
“Tanqidchilar uni fashistlar uchun qo’llanma deb atamoqda. Aynan shuning uchun ham noyabrda saylovga chiqish kerak”, - deydi MSNBC axborot telekompaniyasidan Melissa Myurrey.
“Loyiha 2025”da, shuningdek, yangilanuvchi energiya va iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga davlat ajratayotgan pulni kesish, Ta’lim vazirligini bekor qilish, Federal tergov byurosini hamda “Amerika Ovozi”ni nazorat qiluvchi Global matbuot agentligini boshdan oyoq tekshirish tavsiya qilinadi.