Breaking News

Nyu-York sudi Trampga hukmni kechiktirdi


Donald Tramp Nyu-York sudida, 30-may, 2024
Donald Tramp Nyu-York sudida, 30-may, 2024

Joriy yilning 30-may kuni Donald Tramp 34 qonunbuzarlikda aybdor deb topilgan sudda hukm 11-iyul kuni e'lon qilinishi kerak edi. Sudya Xuan Merchan bu qarorni 18-sentabrgacha kechiktirgan.

1-iyul kuni Vashingtonda Oliy sud prezident rasmiy harakatlari uchun hech bir zamon javobgarlikka tortilmaydi, degan xulosani bayon qilgach, masala murakkablashgan.

Nyu-York sudida Tramp 2016-yilda prezidentlik uchun kurashayotgan paytda pornografiya yulduzi Stormi Daniels bilan aloqasini yashirish uchun unga 130 ming dollar berib, bu xarajatni saylov hujjatlarida yurist uchun haq deb ko'rsatganlikda ayblangan.

12 kishilik hay'at uni aybdor deb topsa-da, Trampni o'zini begunoh deb hisoblaydi.

Oliy sud qarori 2020-2021 yillardagi ishlarni nazarda tutadi. Nyu-Yorkdagi ish esa prezidentlikdan oldingi harakatlarga doir.

Biroq Tramp Oq uyga saylanganidan keyin ham Daniels masalasini yuristi Maykl Koen bilan muhokama qilgan va Koen bu haqda sudga guvohlik bergan.

Koen deydiki, Tramp bu muloqotda yuristiga Daniels bilan aloqani yopdi-yopdi qilgani uchun, ya'ni bu ayolga jim turish uchun pul uzatgani uchun to'lashini aytgan. 2017-yilda, Tramp prezidentlikni boshlagan yilda, Koenga bu xizmatlari uchun qismma-qism haq to'langan.

Sobiq prezidentning advokatlariga ko'ra, sud Trampning Oq uydagi harakatlarini hisobga olmasligi kerak. Juda bo'lmaganda, mahkama qayta o'tkazilishi lozim, deydi ular.

Mutasaddilarning bildirishicha, adolat qaror topishi uchun sudya masalani o'zi ko'rib chiqadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG