Breaking News

AQSh Oliy sudi: Tramp prezidentligidagi rasmiy qarorlari uchun javobgarlikka tutilmaydi


Oliy sud, Vashington, 1-iyul, 2024
Oliy sud, Vashington, 1-iyul, 2024

1-iyul kungi qarorida AQSh Oliy sudi Donald Tramp prezidentligi davrida qilgan rasmiy qarorlari uchun javobgarlikka tutilmaydi, deya e'lon qildi. Biroq sobiq rahbar norasmiy harakatlari uchun sudlanishi mumkin. Oliy sud bu jihatdan qay asosda sudlanishi mumkinligini shtat sudlari zimmasiga yuklaydi.

Bu holatda 5-noyabrda o'tadigan saylovgacha Tramp yangi bir sud bilan yuzlashmasligi mumkin.

Tramp 2020-yildagi saylov natijalarini o'zgartirishga urinmaganligini va tarafdorlarini ataylab Kongressga hujum qilish uchun yubormaganini da'vo qilib keladi. Biroq bu borada tergov qilingan.

Kelayotgan saylovda mag'lub bo'lsa, deydi siyosatdonlar va yuristlar, sobiq prezident javobgarlikka tortilishi tayin. Yutsa, Adliya vazirligiga unga qarshi ishlarni bekor qilishni buyurishi mumkin.

Oliy sud raisi Jon Roberts qarorda yozishicha, "prezident norasmiy harakatlari uchun immunitetga ega emas. Prezidentning har bir ishi ham rasmiy emas va u qonundan ustun emas".

“Prezident Adliya vaziri va boshqa tegishli rasmiylar bilan turli holatni muhokama qilishi mumkin, bu uning konstitutsion burchiga kiradi", - deyiladi Roberts bayonotida.

Maxsus prokuror Jek Smit deydiki, sobiq prezident 2020-yil oxiri va 2021-yil boshida qator qonunbuzarliklarni amalga oshirgan.

6-yanvar, 2021: Prezident Donald Tramp Vashingtonda Oq oldida tarafdorlari bilan
6-yanvar, 2021: Prezident Donald Tramp Vashingtonda Oq oldida tarafdorlari bilan

Oliy sud Vashingtonda federal sudya Tanya Chutkan zimmasiga maxsus prokuror qo'yayotgan ayblovlarni ko'rib chiqib, rasmiy qarorlari yuzasidan sudlanmasligini ta'minlash vazifasini yuklagan.

To'qqiz sudyadan olti nafari Trampda immunitet bor desa, uch nafari, jumladan Soniya Sotomayor qarshi pozitsiyani olib, sobiq rahbar har bir qadami uchun javob berishi zarur, deya ta'kidlagan.

Sotomayor va ikki Oliy sudya nazarida bugungi qaror davlat rahbarini mas'uliyatsiz ishlar qilishiga turtki berib, Oq uyda o'tirgan boshchining qilmishlari uchun javob bermasligi uchun zamin hozirlaydi. Demokratik va adolatli emas, deya ta'riflagan qarorni ular.

Tramp fikricha esa Oliy sudning qarori "konstitutsiya va demokratiya" g'alabasidir.

"Amerikalik ekanim bilan faxrlanaman", - deydi u.

Oliy sud shu kungacha AQShda prezidentlik borasida bunday mavzularni ko'rib chiqmagan.

Tramp prezidentlik paytida biror ishi uchun sudlanmasligi kerakligini aytib kelayotgan edi. Oliy sudga ko'ra esa u faqat rasmiylar ishlari uchun javobgarlikka tutilmasligi mumkin.

Besh sud uning 2020-yilda Bayden g'irromlik qilib yutdi, degan shikoyatini asossiz deya rad etgan.

Maxsus prokuror Jek Smit xulosa qilishicha esa Tramp mag'lubiyatni hazm qilolmay turli uydirmalar bilan chiqqan va qonunga zid qadamlar tashlagan.

Tramp shtatlarga va vitse-prezidentga saylov natijalari yuzasidan bosim o'tkazgan va buni isbotlovchi dalillar mavjud, deydi Smit.

Donald Tramp tarafdorlari Kapitoliy oldida, Vashington, 6-yanvar, 2021
Donald Tramp tarafdorlari Kapitoliy oldida, Vashington, 6-yanvar, 2021

Tramp saylovdan keyin tizimni himoya qilish, unga ishonchni saqlash uchun harakat qilganini aytadi. Uning advokatlariga ko'ra, Oliy sud raisi Roberts yozganidek, "rasmiy qarorlar" uchun sudlanmasligi kerak.

Bayden kampaniyasi Trampni 2021-yil boshida Kongressga tarafdorlarini yuborib, zo'ravonlik qilishga undab, mamlakat tinchligiga va demokratiyasiga raxna solganlikda tanqid qilib keladi.

Nyu-York sudi may oyi oxirida Trampni 34 noqonuniy harakatda aybdor deb topgan, xususan 2016-yilda saylov moliya hujjatlarida soxtakorlik qilganlikda. 11-iyulda hukm chiqqanida Tramp yo shartli jazo yo 4 yilgacha qamoqqa mahkum etilishi mumkin.

Tramp Jorjiya va Florida shtatlarida ham jinoyatda ayblangan va sudlanishi rejalangan. Jorjiya shtatidagi sud hujjatlarida sobiq prezident saylov natijasiga ta'sir o'tkazishga uringan, deb yozilgan. Florida shtatida esa u uyida maxfiy hujjatlarni saqlaganlik aybi bilan yuzlashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG