Breaking News

NATO Rossiyani tahdid, Xitoyni unga sherik deb atamoqda


Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, AQSh Prezidenti Jo Bayden va NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Vashingtonda NATO sammiti paytida
Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, AQSh Prezidenti Jo Bayden va NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Vashingtonda NATO sammiti paytida

Vashingtonda NATO sammitining ikkinchi kunida ittifoqchi davlatlar Ukrainani kelajakda alyansga qabul qilish istagini bildirdi.

Xalqaro hayot - 11-iyul, 2024-yil - NATO Ukrainani o'z safiga qabul qilish ahdida qat'iy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:05 0:00

Sammitga taklif etilgan Prezident Vladimir Zelenskiyga sovg’a tariqasida AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ittifoqchilardan samolyotlar va’da qildi. Daniya jami 19 ta, Niderlandiya 24 ta qiruvchi samolyot uzatadi, Norvegiya oltitasini bermoqchi.

“F-16 samolyotlari rasman topshirilmoqda. Ukraina shu yozda ularda ucha oladi”, - dedi Ostin.

NATOga a’zo mamlakatlar Ukraina uchun tashkilotga a’zolik yo’lidan qaytmaslikka kelishib oldi.

“Hozirgi qilayotgan ishimiz vaqti kelganda Ukrainani vaqtni boy bermasdan aylansga qabul qilishga imkon beradi. Ukraina a’zo bo’lishiga shubha yo’q, gap uning qachon a’zo bo’lishida”, - dedi NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg.

AQSh Prezidenti Jo Bayden ittifoqchi davlatlardan Rossiya harbiy sanoatidan qolib ketmaslik uchun mudofaa uchun xarajatlarni oshirishni so’radi.

“Ular qurol, o’q-dori, texnika ishlab chiqarishni keskin kuchaytirmoqda va buni Xitoy, Shimoliy Koreya va Eron yordamida qilishmoqda. Alyans bu masalada ortda qolib ketishiga yo’l qo’ymasligimiz kerak”, - dedi Bayden.

Alyans Xitoyni Rossiyaga yordamni to’xtatishga chaqirdi.

“Bugun kelishilgan bayonotimizda NATO ittifoqchilari Xitoyga eng qattiq signal yuborib, Rossiyaning Ukrainadagi noqonuniy urushiga hissa qo’shishni bas qilishga chaqirdi”, - dedi Stoltenberg.

“Xitoy Rossiyaga ikki maqsadda foydalaniladigan texnologiya yubormoqda, Rossiya mudofaa sanoatini qo’llab-quvvatlamoqda, Putinga Ukrainadagi bosqinni uzoqroq davom ettirishga, talafotlarining o’rnini bosishga yordam bermoqda”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Bred Bauman.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Lin Dzyanning aytishicha, NATO sammitida qabul qilingan bayonot Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi keskinlikni Sovuq urush mentaliteti va jangovar ritorika bilan urg’ulamoqda.

“Xitoyga tegishli gaplar noxolis, tuhmat va provokatsiyadan iborat. Biz bundan mutlaqo norozimiz va bunga keskin qarshimiz”, - dedi rasmiy.

Sammitda AQSh va Germaniya rasmiylari 2026-yilda Germaniyada AQShning uzoq masofali raketalarini joylashtirishga kelishib oldi.

"NATO hududining har bir qarichini himoya qilishga tayyormiz va birgalikda himoya qilamiz”, - dedi Bayden.

Rossiya tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Sergey Ryabkov ushbu rejani keskin tanqid qilarkan, Moskva harakatsiz qolmasligini aytdi. Unga ko’ra, Rossiya ko’pdan beri AQSh va NATOning unga qarshi agressiv rejalariga hozirlanmoqda.

“AQSh bizni qimmat qurol poygasiga majburlay olmaydi. Bizga kerakli narsa yaratib bo’lingan, ishlab chiqarilishi kerak, xolos. Prezident bu haqda aniq aytgan. Bu tahdidlarga qarshi turish uchun oliy qo’mondon nimani, qachon va qayerda joylashtirish kerakligini hal qiladi. Biz ishonchli qalqon ostida bo’lamiz, ular esa pulini ko’kka sovurgan bo’ladi”, - dedi Ryabkov.

NATOdagi ayrim mamlakatlar Rossiya Ukrainani mag’lub etsa, Boltiq davlatlari yoki Polshaga hujum qilishi mumkin degan fikrda. Rossiya bunday da’volarni inkor etmoqda.

NATO bayonotida, shuningdek, Ukrainaga kelasi bir yilda 43 milliard dollarga teng harbiy yordam uzatish rejasi e’lon qilindi.

“Blumberg” axborot agentligining xabar berishicha, Ukraina AQShdagi prezident saylovlarigacha yana bitta tinchlik anjumanini o’tkazmoqchi va bu gal unga Rossiyani taklif etmoqchi. Rus rasmiylari tadbirda qatnashmasligini, Ukraina tinchlikni xohlasa, Prezident Putinning shartlariga ko’nishi kerakligini bildirdi.

Putin urush yakunlanishi uchun Ukraina Rossiya tarkibiga qo’shib olingan to’rtta viloyat va Qrimdan hamda NATOga qo’shilish rejasidan voz kechishi kerak degan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG