Breaking News

Prezident Bayden: Hozir birlik, ahillikdan muhimroq narsa yo'q


Oq uy, 14-iyul, 2024
Oq uy, 14-iyul, 2024

Prezident Jo Bayden Maxfiy xizmatga 15-iyul kuni boshlanayotgan Respublikachilar qurultoyida xavfsizlik choralarini ko’rib chiqishga, shuningdek, Donald Trampning Pensilvaniyadagi yig’inida xavfsizlik qanday ta’minlanganini tekshirishga ko’rsatma bergan.

“Mustaqil tekshiruv natijalarini Amerika xalqi bilan baham ko’ramiz, - dedi prezident. - Suiqasdga urinish bizning millat sifatida barcha qadriyatlarimizga ziddir. Birlik – tutqich bermaydigan maqsadimiz, ammo hozir bundan muhimroq narsa yo’q”.

Bayden respublikachi nomzod Donald Trampning hayotiga uyushtirilgan suiqasd bo’yicha tergov qanday ketayotgani yuzasidan huquq-tartibot idoralaridan brifing olgach, Oq uydan turib bayonot berdi.

Prezident Baydenning Oq uydan bergan bayonoti (ingliz tilida):

AQSh rahbari xalqni hujumchi bu jinoyatga nima sababdan qo’l urgani yuzasidan taxminlarga berilmaslikka chaqirdi.

“Federal Tergov Byurosi va boshqa agentliklar o’z ishini bajarsin”, - dedi u.

Uning aytishicha, Tramp sobiq prezident sifatida allaqachon yuqori darajadagi xavfsizlik bilan ta’minlangan.

“Maxfiy xizmatga uning doimiy xavfsizligini ta’minlash uchun zarur barcha resurslar, imkoniyatlar va himoya choralarini ishga solish to’g’risidagi ko’rsatmamda izchilman”, - dedi prezident.

Jo Bayden Delaver shtatidan Oq uyga qaytgan. Uning kampaniyasi voqea ketidan televideniye orqali berilayotgan saylov bilan bog'liq barcha siyosiy reklamalarni to’xtatishga qaror qildi.

Ko’pgina respublikachilar zo’ravonlikda Baydenni va uning tarafdorlarini ayblamoqda. Ularning aytishicha, Baydenning Trampni demokratiyaga tahdid deb qoralashi zo’ravonlik uchun zamin yaratgan.

AQSh Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson mamlakatda “haroratni pasaytirish” vaqti keldi, deydi
AQSh Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson mamlakatda “haroratni pasaytirish” vaqti keldi, deydi

AQSh Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson mamlakatda “haroratni pasaytirish” vaqti kelganini aytmoqda. Uning fikricha, mamlakatdagi taranglikda ommaviy axborot vositalari, Prezident Bayden va Gollivud elitasi aybdor.

“Trampning saylanishini demokratiyaga tahdid deb, respublika tugaydi deb takorlayversangiz, muhitni taranglashtirasiz. Bu to’g’ri emas. Bunday ritorikadan voz kechish kerak”, - deydi respublikachi qonunchi.

Ijtimoiy tarmoqdagi postida Tramp unga uzoq umr va salomatlik tilayotgan barchaga minnatdorchilik izhor qildi.

“Biz qo’rqmaymiz. Aksincha, o’z e’tiqodimizda mustahkam bo’lib qolamiz va yovuzlikka qarshi kurashamiz”, - deydi prezidentlikka respublikachi nomzod.

“Birlashishimiz, amerikalik sifatida haqiqiy xarakterimizni ko’rsatishimiz, kuchli va qat’iyatli bo’lishimiz, yovuzlik g’alaba qilishiga yo’l qo’ymasligimiz har qachongidan muhim”.

Otishma ro'y bergan joy, Pensilvaniya, Batler shahri
Otishma ro'y bergan joy, Pensilvaniya, Batler shahri

Ekspertlarga ko'ra, Tramp saylovchilar bilan uchrashuv o'tkazayotgan zona atrofida ehtimoliy snayperlar o'q uzishi mumkin bo'lgan butun atrof Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan avvaldan o'rganib chiqilishi va munosib qo'riqlanishi kerak edi.

Maxfiy xizmat bo’yniga yuklangan vazifalardan biri amaldagi va sobiq prezidentlarni, ularning oilasi xavfsizligini ta’minlashdir. Ushbu agentlik rahbari Kongressga chaqirtirilgan.

Pensilvaniyada Donald Trampga o’q uzganlikda gumon qilinayotgan shaxs – Tomas Metyu Kruksning kimligi tekshiruv ostida. Shunisi ma’lumki, 20 yoshli Kruks Pensilvaniyada qariyalar uyi oshxonasida ishlagan. 2022-yilda maktabni bitirgan.

U respublikachi sifatida ro’yxatdan o’tgan bo’lsa-da, 2021-yilda liberal guruhga 15 dollar xayriya qilgan.

“AP” axborot agentligiga ko’ra, Kruks Trampni nishonga olishda otasi xarid qilgan miltiqdan foydalangan. U nima sababdan bu ishga qo’l urgani aniqlanmoqda.

Yigitning mashinasi va uyidan portlovchi moddalar topilgan. Pentagonning tasdiqlashicha, hujumchi AQSh armiyasida xizmat qilmagan, harbiy tajribaga ega emas.

Donald Tramp suiqasddan omon qoldi, yaralandi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:44 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG