Breaking News

Tramp yig'inidagi otishma suiqasdga urinish sifatida tergov qilinmoqda


Donald Tramp suiqasddan omon qoldi, yaralandi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:44 0:00

Donald Trampning Pensilvaniya shtatidagi saylov yig’inida ro’y bergan otishma suiqsasdga urinish sifatida tergov qilinmoqda.

Respublikachi nomzodga o’q uzgan shaxsni maxsus xizmat xodimlari otib o’ldirgan. Yig’inda qatnashayotgan yana bir kishi halok bo’lgani ma’lum. Ikki kishi jiddiy jarohat olgan. Tramp tibbiy ko’rikdan o’tkazilgan va uning kampanyasi “hammasi joyida” deya bayonot berdi.

Tramp sahnadan turib so’zlayotganda bir necha bor o’q ovozlari eshitilgach, maxsus xizmat xodimlari uni o’rab olib, sahnadan olib ketishdi.

Tramp o’q ovozlari yangragan payt o’ng qulog’ini ushlab, minbar orqasiga engashdi, uning qulog’i va yuzi qonaganini ko’rish mumkin. Maxsus xizmat agentlari uni sahnadan olib ketayotganda Tramp bir necha bor mushtini ko’tarib, tarafdorlarini ruhlantirishga harakat qildi.

Huquq-tartibot organlari berayotgan ma’lumotga qaraganda, hujumchi erkak kishi, yonida miltig’i bo’lgan, u yig’in o’tayotgan joydan bir necha yuz metr uzoqlikdagi balandroq joydan o’q uzgan. Uning kimligi hozircha noma’lum.

Respublikachi nomzod huquq-tartibot xodimlari va tez yordam xizmatlariga minnatdorchilik bildirdi, ijtimoiy tarmoqlarda o’ng qulog’idan yaralangani haqida yozdi.

Dam olish kunlarini ona shtati Delaverda o’tkazayotgan Prezident Jo Bayden hujumni qoraladi.

“Amerikada bunday zo’ravonlikka o’rin yo’q. Dahshat bu. Mamlakatni birlashtirishimiz kerakliginining sabablaridan biri ham shu. Bu yo’ldan borolmaymiz, bunday ishlarga ko’z yuma olmaymiz”, - dedi Bayden.

Prezident Tramp bilan gaplashib olish istagini bildirdi.

AQShdagi ikki yirik partiya vakillari, jumladan sobiq prezidentlar Jorj Bush, Barak Obama va Jimmi Karter, shuningdek, xorijiy davlatlar rahbarlari ham Trampga qilingan hujumni qoralab chiqdi.

“Amerikada bunday zo’ravonlikka o’rin yo’q", - deydi Prezident Bayden
“Amerikada bunday zo’ravonlikka o’rin yo’q", - deydi Prezident Bayden

AQSh Federal Tergov Byurosi (FTB) Trampga o’q uzgan shaxs ismini oshkor etdi. Tomas Metyu Kruks, 20 yoshda, voqea joyida maxfiy xizmat snayperlari tomonidan otib o’ldirilgan.

Kruks Pensilvaniya shtati, Betel Park shahridan. Bu shahar Tramp yig’in o’tkazayotgan joydan 70 kilometr uzoqlikda. AQSh mediasiga ko’ra, yigit respublikachi sifidatida ro’yxatdan o’tgan bo’lgan.

Kruks Tramp so’zlayotgan joydan 150-200 metr uzoqlikda joylashgan bino tomida bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG