Prezident Jo Bayden prezidentlik saylovidagi raqibi, sobiq prezident Donald Trampga uyushtirilgan suiqasddan bir kun o’tib, xalqqa yana bir bor murojaat qildi. U o’z nutqida siyosiy zo'ravonlikni qoralab, aholini milliy birdamlikka chaqirdi.
Bayden, shuningdek, Pensilvaniya shtatidagi Tramp mitingida yuz bergan otishmani tergov qilish ishlari davom etayotgani bois aholidan u haqda shoshilinch xulosa chiqarmaslikni so’radi.
"Amerikada bunday zo'ravonlikka o’rin yo'q, - dedi Bayden. - Suiqasd urinishi bizning millat sifatidagi barcha qadriyatlarimizga ziddir. Bu amerikaliklarga yot narsa va biz bunga yo'l qo'ya olmaymiz”.
"Birlikka erishish eng qiyin maqsad, ammo hozir bundan muhimroq narsa yo'q. Biz bahslashamiz, kelishmaymiz - bu o'zgarmaydi. Ammo biz amerikaliklar sifatida kim ekanligimizni unutmasligimiz lozim”, - dedi prezident.
Uning qo‘shimcha qilishicha, kechagi voqeadan so’ng Trampning ahvoli yaxshi va yuz bergan hodisani taftish qilish uchun Maxfiy xizmatga kerakli barcha resurslar ajratilgan.
Bayden Miluokida bo’lib o’tadigan Respublikachilar partiyasi qurultoyi oldidan huquq-tartibot idoralariga "barcha xavfsizlik choralarini" ko'rib chiqishni buyurgan. Qurultoyda Tramp rasman partiyadan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilishi kutilmoqda.
Prezident Baydenning qo‘shimcha qilishicha, otishmani kim sodir etgani aniqlangan bo‘lsa-da, amerikaliklar tergov yakunlanmaguncha xulosa chiqarishga shoshilmasliklari kerak.
"Iltimos, uning maqsadi yoki aloqalari haqida taxmin qilmang", - dedi Bayden.
Oq uyning avvalroq ma’lum qilishicha, Bayden dushanba kunga belgilangan Texas safarini bekor qilgan. Saylov kampaniyasi bilan bog’liq reklamalar ham to’xtatib turiladi.
Federal Qidiruv Byurosi suiqasd sifatida malakalangan jinoyat ishini tergov qilishga rahbarlik qilmoqda.
Shanba kuni kechqurun Pensilvaniyadagi miting chog‘ida qurollangan shaxs otgan o‘q Trampning o’ng qulog‘ini yaralagan edi.
Huquq-tartibot idoralari ma'lumotlariga ko'ra, otishmada miting ishtirokchilaridan biri va qurolli shaxs halok bo'lgan, yana ikki odam yaralangan.