AQShda Respublikachilar partiyasining saylovoldi qurultoyiga to’plangan delegatlar suiqasd xurujidan omon qolgan sobiq prezident Donald Trampni Miluokidagi tadbirda gulduros qarsaklar bilan, qahramon kabi kutib olishdi.
Ushbu videodan uning qo’riqchilari soni ko’payganini ko’rish mumkin.
Partiya syezdida turli shtatlardan kelgan salkam 2500 delegatdan 2387 nafari Trampni prezidentlikka rasmiy nomzod sifatida ko’rsatishga ovoz berdi.
Yana bir yangilik. Tramp qurultoyda vitse-prezidentlikka nomzod kim bo’lishini oshkor qildi.
Bir paytlar Trampning ashaddiy tanqidchisi bo’lgan va uni “Amerikaning Gitleri” deb atagan 39 yashar ogayolik senator Jeyms Deyvid yoki qisqacha Jey Di Vens endi saylov poygasida Trampning sherigi bo’ladi.
Prezident Jo Bayden Vensni “Trampning kloni” deb atadi.
Qurultoy bo’layotgan binoga yaqin joyda bir guruh amerikaliklar respublikachilar siyosati va Trampga qarshi namoyish qildi.
“Poygadagi ikki nomzoddan biri sudda 34 ta punkt bo’yicha aybdor topilganini odamlarga eslatishni muhim deb bilaman”, - deydi miluokilik bir odam.
Tramp yana bir necha ish bo’yicha sudga tortilishi kutilarkan, nomzod unga qo’yilgan barcha ayblovlarni bekor qilishga chaqirmoqda.
Dushanba kuni floridalik sudya Trampni maxfiy hujjatlarni uyida saqlaganlikda ayblovchi federal jinoiy ishni bekor qildi. Biroq qarshi taraf apellyatsiya bermoqchi.
Davlat rahbari, prezidentlikka nomzodlar, sobiq prezidentlar hamda mamlakatga kelayotgan xorijiy rahbarlarni qo’riqlovchi AQSh Maxfiy xizmati Trampga qarshi suiqasd xurujining oldini ololmagani uchun keskin tanqid ostida.
Vakillar palatasining Nazorat va javobgarlik bo’yicha qo’mitasi yaqin kunlarda idora rahbari Kimberli Chitlni hisobot berishga chaqirtirmoqchi.
Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas Maxfiy xizmat faoliyatining tekshirilishi haqida ma’lum qildi.
"Prezident Baydenning ko’rsatmasiga binoan bo’lgan voqeani tergov qilish uchun mustaqil komissiya tuziladi. Komissiya Maxfiy xizmat va boshqa huquq-tartibot organlarining otishmadan oldin, otishma paytida va undan keyingi harakatlarini o’rganib, milliy rahbarlarni hozir va uzoq muddatda qo’riqlashda xato bo’lmasligini ta’minlash uchun qanday choralar ko’rilishi kerakligi bo’yicha tavsiya beradi”, - dedi vazir.
Maxfiy xizmat respublikachilar qurultoyida xavfsizlik choralari puxta ishlanganini, har qanday ehtimolga qarshi rejalarni hozirlashga bir yarim yil vaqt ketganini bildirdi.
Respublikachilar qurultoyining birinchi kunida delegatlar birlik haqida gapirishdi.
Birlik haqida Prezident Bayden ham gapirdi. U siyosiy haroratni tushirishga chaqirdi. Bayden saylov shtabi Trampga qarshi barcha salbiy reklamani to’xtatishga qaror qildi.
Shunga qaramay, Bayden Trampni tanqid qilishdan voz kechmadi.
“Prezidentlikning birinchi kunidanoq diktator bo’laman degan odam menmasman. Saylov natijasini qabul qilmagan odam menmasman”, - dedi Bayden.
Suiqasd xuruji Tramp reytingini oshiradimi?
Trampga hayotiga suiqasd xuruji uning reytingini oshirishi va tarafdorlarini yanada jonlantirishi aytilmoqda. “Wall Street Journal” gazetasining xabar berishicha, milliarder Ilon Mask Trampga xayrixoh siyosiy harakat qo’mitasiga saylov uchun har oy 45 million dollar berishni rejalamoqda.
Mask Trampning nomzodini qo’llab-quvvatlashi haqida o’tgan shanba kuni, hujumdan bir necha soat o’tgach ma’lum qildi.
Prezident Bayden esa tarafdorlarini boy bermoqda. 2020-yil saylovida Baydenga xayrixohlik bildirgan va 1,3 million a’zoga ega “Timsters” kasaba uyushmasi bu gal hech bir nomzod tarafida bo’lmaslikka qaror qilish arafasida turibdi.
Uyushma prezidenti Shon Obrayen dushanba kuni respublikachilar qurultoyida ko’rindi, Trampni irodali, kuchli, dovyurak nomzod deb atadi.
“Tramp kimgadir yoqmasa-da, bir narsani tan olish kerak. Shanba kungi voqea uning kuchli ekanini ko’rsatdi”, - dedi u.
Shunga qaramay, kasaba uyushma Trampni qo’llab-quvvatlamasligi mumkin, deydi ayrim tahlilchilar, chunki uning a’zolari orasida bu masalada qattiq bo’linish kuzatilmoqda.
Bu o’rtada Federal tergov byurosi agentlari Trampning Pensilvaniyadagi chiqishi paytida bir odamni o’ldirgan, Tramp va yana ikki kishini yaralagan Tomas Mettyu Kruks harakatlari ortidagi sabablarni o’rganish maqsadida uning Betel Park shahridagi uyida bo’ldi, telefonini tekshirdi. Kruksning o’zi o’sha kuni snayper o’qidan o’lgan.
Rasmiylar Kruks ruhiy muammolarga yuz tutmaganini, Trampni otishda qo’llangan miltiqni otasi sotib olganini bildirdi. Tergov davom etmoqda.