Breaking News

Bayden: Amerikani qirol yoki diktator emas, xalq boshqaradi


AQSh Prezidenti Jo Bayden Oq uyda xalqqa murojaat qilmoqda, 2024-yil, 24-iyul.
AQSh Prezidenti Jo Bayden Oq uyda xalqqa murojaat qilmoqda, 2024-yil, 24-iyul.

AQSh Prezidenti Jo Bayden ikkinchi muddat uchun prezidentlik saylovida qatnashmasligini e’lon qilgandan beri 24-iyul oqshomida ilk bor xalqqa murojaat qildi.

U bu chiqishida nima uchun saylovdan nomzodini qaytarib olgani va prezidentligining so’nggi oylarini qanday o’tkazishi haqida ma’lumot berdi.

“Men bu ofisni yaxshi ko’raman. Lekin men vatanimni ko'proq sevaman. Prezident sifatida sizga xizmat qilish mening hayotimdagi eng katta sharaf bo’ldi”, - dedi Bayden.

"Amerikaning ajoyib tomoni shundaki, bu yerda qirollar va diktatorlar hukmronlik qilmaydi; bu yerni xalq boshqaradi”, - deya qo’shimcha qildi u.

Bayden Amerika orzular ushaladigan diyor ekanini qayd etib, kamtarona va oddiy bolalikdan Oval ofisdagi prezidentlik stoligacha yetib kelish faqat AQShdagina ro’y berishi mumkinligini aytdi.

"Amerikaning o'ziga xos xususiyati shu. Biz va'dalar va imkoniyatlar diyorimiz, orzu qiluvchilar va amalga oshiruvchilar, g'ayrioddiy ishlarni qila oladigan oddiy amerikaliklarmiz ", - deya qo'shimcha qildi u.

Bayden bu mamlakatga yuragini va qalbini berganini hamda "Amerika xalqining sevgisi va qo'llab-quvvatlashi evaziga millionlab baraka" topganini aytdi.

“Biz buyuk xalqmiz, chunki biz yaxshi odamlarmiz. Meni bu lavozimga saylaganingizda, men siz bilan doim teng bo’lishga, haqiqatni aytishga va’da bergandim. Haqiqat shuki, bu yurtning muqaddas ishi har birimizdan ham kattaroqdir, - dedi u. - Biz uni himoya qilish uchun birlashishimiz kerak."

Bayden nega o’z nomzodini qaytarib olgani haqidagi qaroriga shunday izoh berdi:

“Men eng yaxshi yo'l mash'alani yangi avlodga topshirish deb qaror qildim. Bu xalqimizni birlashtirishning eng yaxshi yo'lidir".

Respublikachilar partiyasidan prezidentlik uchun nomzod Donald Tramp bilan kechgan so’nggi prezidentlik bahsida Bayden muvaffaqiyatsiz qatnashgach, tarafdorlari orasida Baydenni poygani tark etishga undaydiganlar soni oshgan edi.

Ushbu bosimlar natijasida 81 yoshli prezident 21-iyul kuni saylovdan nomzodini qaytarib olganini e’lon qildi. U buni o‘z partiyasini birlashtirishning eng yaxshi yo'li deb hisoblashini aytdi.

"Amerika oldinga yoki orqaga yurish, umid va nafrat, birlik va bo'linish o'rtasida tanlov qilish majburiyati bilan yuzlashyapti. Biz qaror qilishimiz kerak: biz hali ham halollik, odob va hurmatga ishonamizmi? Ozodlik, adolat va demokratiyani tanlaymizmi?”, - dedi u Oq uyda qilgan so’nggi chiqishida.

U demokratlardan prezidentlikka yangi nozmod Kamala Harris va respublikachi Donald Tramp o'rtasidagi farqni shunday tushuntirmoqchi bo'ldi.

Bayden, shuningdek, kelasi olti oy ichida prezident sifatida qiladigan ishlari haqida ham hisobot berdi.

“Men G'azodagi urushni tugatish uchun ishlashda davom etaman. Barcha garovga olinganlarni uyga olib kelamiz; Yaqin Sharqqa tinchlik va xavfsizlik olib kelish va bu urushni to'xtatish kerak”, - dedi Bayden.

U Ukraina urushi va NATO bilan bog’liq xavotirlarni ham tilga oldi.

"Biz Putinning Ukrainani egallashini to'xtatish uchun hamkor davlatlar koalitsiyasini birlashtirishda davom etamiz", - dedi u.

"NATOni tariximizning istalgan davridagidan ham kuchliroq va birdamroq qilamiz”, - deya qo’shimcha qildi u.

Baydenning aytishicha, shaxsiy erkinliklarni himoya qilish, mehnatkash oilalar uchun xarajatlarni kamaytirish, Oliy sudni isloh qilish hamda bolalarni qurolli zo'ravonliklardan himoya qilish u uchun ustivor vazifalar bo’lib qoladi. Saraton kasalligini tugatish uchun tashabbusini ham davom ettiramiz, dedi Bayden.

Respublikachilar Baydenning iste'fosini talab qilmoqda

Bayden saylovni tark etganidan keyin ham muxolif partiya nishonidan tushgani yo’q. Respublikachilar endi uni butunlay iste'foga chiqishga chaqirib, agar u qayta saylanishga loyiq bo'lmasa, prezidentlik lavozimini egallashga ham layoqatli emasligini aytmoqda.

Bu orada Trump saylov kampaniyasi doirasida asosiy nishon sifatida endi yangi nomzodni – Kamala Harrisni mo’ljalga olmoqda.

U Shimoliy Karolina shtatining Sharlott shahrida tarafdorlari bilan bo'lgan uchrashuvda Harrisni tanqid ostiga oldi.

"Endi bizda mag'lubiyatga uchraydigan yangi qurbon bor - yolg'onchi Kamala Harris", - dedi Tramp.

So’nggi so'rovlarga ko’ra, kuzda bo’ladigan saylov teng kuchlar ostida o’tishi kutilmoqda. Tramp va Harris imkoniyatlari deyarli teng baholangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG