Breaking News

Chexiya: Rossiya fuqarolaridan biometrik pasport talab qilish rusofobiya emas


Yevropa davlatlari Moskvani qit’ada gibrid urush olib borayotganlikda ayblamoqda. Rasmiylar deydiki, Rossiya qit’adagi ekstremistik guruhlarni qo'llab-quvvatlamoqda, dezinformatsiya, suiqasd va qo'poruvchilik harakatlari bilan shug’ullanmoqda.

Chexiya - boshdan-bosh Ukrainani qo'llab-quvvatlab kelayotgan mamlakatlardan. Bu esa uni Rossiyaning “qora ro’yxatiga” tushishiga sabab bo’ldi.

Shu yoz Chexiya mamlakatga kelayotgan Rossiya fuqarolari biometrik pasportga ega bo‘lishi lozimligini ma’lum qildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova bu chorani diskriminatsiya deb atadi.

“Biometrik chiplari boʻlmagan Rossiya pasportlarini qabul qilishdan bosh tortish bilan Chexiya hukumati Rossiyaga nisbatan diskriminatsiya choralarini kuchaytirganini, rusofobik yondashuvini yana bir bor namoyish etdi. Bu holatda oddiy rossiyaliklar ularning asosiy nishoniga aylandi”, — deyiladi Zaxarovadan iqtibos keltirilgan vazirlik bayonotida.

Kreml Rossiya manfaatlariga zid bo'lgan G'arb siyosatini rus xalqiga qarshi siyosat deb ko’rsatib keladi. G’arb esa buni xalqqa emas, balki Rossiya hukumatining xatti-harakatlariga qarshi siyosat deb izohlaydi.

Chexiya Rossiya fuqarolari uchun biometrik pasport talabi joriy etilishini milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan tushuntirmoqda, ya’ni Rossiya sabotajini oldini olishga qaratilgan chora bu.

Aprel oyida “The Insider” mustaqil nashrining xabar qilishicha, Chexiyadan siyosiy boshpana olgan Yelena va Nikolay Shaposhnikovlar aslida Rossiya harbiy razvedkasiga yordam beruvchi shaxslar bo’lgan. Nashrga ko’ra, ular Yevropa bo‘ylab qo‘poruvchilik missiyalarini amalga oshirishda Rossiya harbiy razvedkasiga yordam bergan. Nashr Bolgariyadagi qurol zavodi rahbari Emilian Gebrevning zaharlanishida, Bolgariya va Chexiya o'q-dori omborlaridagi portlashlarda ularning qo’li borligini yozdi.

Chexiya hukumatiga ko’ra, Rossiya harbiy razvedkasining (GRU) 29155-bo‘linmasi, ya’ni xorijiy suiqasdlar va Yevropadagi boshqa qo‘poruvchilik operatsiyalari uchun mas’ul organ, 2014-yilda Chexiyadagi o‘q-dori omborida yuz bergan ikki portlashni amalga oshirgan.

Vrbetitse qishlog‘i yaqinidagi o‘q-dori omboridagi portlashda ikki kishi halok bo‘lgan edi.

Praga rasmiylariga ko’ra, ushbu hujumlar ortida turgan ikki agent - Aleksandr Petrov va Anatoliy Chepiga Chexiyaga biometrik ma'lumotlarsiz, soxta pasportlar orqali kirgan. Ularga ko’ra, Angliyaning Solsberi shahrida rossiyalik sobiq harbiy razvedka xodimi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani ham aynan Petrov va Chepiga zaharlagan.

Chexiya Tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy va boshqa rasmiylar Petrov va Chepiga mamlakatga “biometrik ma’lumotlarni aks ettirmaydigan” pasport bilan kirib kelganligini bildirib, biometrik pasport joriy etilishini shu sabab bilan asoslagan.

Chexiya hukumati iyun oyida Pragadagi avtobuslarga muvaffaqiyatsiz hujumlarda ham Moskvani aybladi.

Praga Rossiyaning Chexiyadagi elchixonasini ham xalqaro qabul qilingan me'yorlardan tashqari xatti-harakatlar amalga oshirayotganlikda ayblamoqda.

Bu elchixonaada bir paytlar 140 nafar xodim ishlagan. Chexiya hukumati buni missiya ehtiyojlariga nomutanosib deb hisoblab, 2021-yilda 123 nafar xodim va oila a’zolarini vataniga qaytargan. Chexiyadagi qurol omboriga hujumlar ketidan yana 18 nafar Rossiya fuqarosini deportatsiya qilindi.

Chexiya a’zo bo’lmish Yevropa Ittifoqi umuman olganda biometrik pasport talab qilmaydi. Biroq ittifoq milliy xavfsizlik masalasini tan oladi va a'zo davlatlarga milliy chegara nazorati va kirish-chiqish bilan bog’liq siyosatni o’zi belgilash uchun izn beradi.

Yevropa davlatlari Rossiya fuqarolarining kirishini taqiqlovchi yoki qiyinlashtiradigan choralar qo'llamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG