Breaking News

Rossiyaning neft-gaz sanoati turli zarbalarga uchramoqda


Ukraina-Rossiya chegarasidagi Gazprom gaz o'lchash stansiyasi
Ukraina-Rossiya chegarasidagi Gazprom gaz o'lchash stansiyasi

Kelgusi yildan boshlab Ukraina “Do’stlik” quvuri orqali Rossiya gazi va nefti tranzitini butunlay to‘xtatadi. Bu haqda Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ma'lum qildi.

“Do'stlik” quvurining janubiy tarmog'i orqali neft Slovakiya, Chexiya va Vengriyaga yetkazib beriladi. Shu munosabat bilan Podolyak, Yevropa Ittifoqi rezolyutsiyasiga ko'ra, ular energiya manbalarini yetkazib berishni diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini topishlari kerakligini eslatib o'tdi. Bu gazga ham tegishli, deb aniqlik kiritdi u.

Shu bilan birga, maslahatchi Kiyev Yevropaga boshqa davlatlardan, xususan, Qozog’iston va Ozarbayjondan gaz tashishga tayyor ekanligini aytdi.

Rossiyadan neft yetkazib berishning to'xtatilishi Chexiya uchun muammo bo'lmaydi, deydi mamlakatning energetik xavfsizlik bo'yicha maxsus vakili Vatslav Bartushka. “Do'stlik” quvuriga bog'liq bo'lmaslik uchun Chexiyaning davlat quvurlari operatori MERO Italiyadan Germaniyaga boruvchi TAL quvuri o'tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga oldindan sarmoya kiritishni boshlagan. Bu quvur Chexiyaga neft olib keladigan tarmoq bilan bog'langan. Rejalashtirilgan nasos quvvati yiliga 8 million tonnagacha bo’lib, MEROning rejalari bo'yicha, 2025-yil boshigacha Chexiya Rossiya neftiga muhtoj bo'lmaydi.

Gaz bo’yicha Rossiyaning muammolari faqatgina Ukraina bilan bog’liq emas; Ukraina tranzitining to’xtashi “Gazprom”ga navbatdagi zarba bo'ladi, xolos. “Novatek” kompaniyasi ham og’ir vaziyatga tushib qolgan. U “Arctic SPG-2” loyihasiga katta mablag’ sarflagan edi. Ammo loyihaga va uni ta’minlovchi Arktika klassidagi gaz tashuvchi kemalarga qarshi joriy qilingan Amerika sanksiyalari butun tijoriy maqsadni xavf ostiga qo'ydi. Shu bilan birga, kompaniya rahbarlarining sanksiyalarni chetlab o'tishga bo'lgan barcha urinishlari besamar ketgan.

Bu haqda “Amerika Ovozi”ning rus xizmati neft va gaz sektori bo'yicha tahlilchi Mixail Krutixin bilan suhbatlashdi.

“Amerika Ovozi”: “Do’stlik” quvuri orqali uglevodorod tranzitini to'xtatish Rossiyadan tashqari yana kimga zarar keltiradi?

Mixail Krutixin: “Do'stlik” quvurining janubiy tarmog'i orqali xizmat ko'rsatiladigan davlatlar, avvalo, Vengriya va Slovakiyadir. Lekin ularga yetkazib berishning alternativ yo'llarini topish imkoniyati berilgan edi. Yevropa Rossiya nefti eksportiga qarshi sanksiyalar kiritganida, ular uchun vaqtinchalik istisno qilingan. Amaliy tajriba shuni ko'rsatmoqdaki, ular zaruriy choralarni ko'rmagan va endi neft bilan ta'minlashda juda qiyin ahvolga tushib qolmoqda. Bu, ayniqsa, “Do'stlik” orqali asosiy neft iste'molchisi bo'lgan vengriyalik MOL kompaniyasiga tegishli bo'ladi.

“Amerika Ovozi”: Bunday sharoitda Rossiya gazini quyishni taqiqlash qanday oqibatlarga olib keladi?

M.K.: Bu holatda, ukrainaliklar eshikni to'liq yopmaydi. Ular boshqa mamlakatlarning tabiiy energiya resurslari egalari bilan qandaydir kelishuv bo'lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Masalan, Ozarbayjon, nazariy jihatdan o'z gazini Rossiya hududi orqali Yevropa iste'molchilariga etkazib berishi mumkin. Men bir necha sabablarga ko'ra bu variantga ishonmayman. Avvaliga Ozarbayjonda ortiqcha gaz yo'q. Qolaversa, yevropaliklar “Gazprom” bilan emas, Boku bilan shartnoma tuzishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, Rossiya-Ukraina chegarasida gazni sotish varianti ham mavjud, shunda yevropalik xaridor ukrainaliklar bilan uni yetkazib berish bo'yicha kelishuv tuzadi. Ammo shu o‘rinda savol tug‘iladi: bugun ikki davlat o‘rtasidagi davlat chegarasi qayerda?

“Amerika Ovozi”: Tranzitning to’xtatilishi kimga ko’proq ta’sir qiladi?

М.К.: Albatta, bu “Gazprom”ga qattiq ta’sir qiladi. Ukraina hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning monopolisti Yevropaga Ukraina hududi orqali gaz yetkazib berishdan har yili taxminan 6 milliard dollar daromad oladi. Agar u bunday imkoniyatdan mahrum bo‘lsa, bu pullar Rossiyaning harbiy byudjetiga kirmaydi. Shuning uchun Kievning harakatlari to‘liq mantiqiy. Hozirda “Gazprom” Bolgariya orqali yiliga 16 milliard kubometr gaz yetkazib berishi mumkin va shuncha miqdorda gazni Ukraina orqali ham o‘tkazmoqda. Demak, Rossiyaning (Yevropaga) eksport imkoniyatlari yarmiga qisqaradi. “Gazprom” allaqachon bankrot bo’lgan. Hozir uning aksiyadorlariga dividend to‘lanishi haqida gapirish kulgili. Kompaniyaning qarzlari uning bozor kapitalizatsiyasidan ancha ko‘p. Endilikda “Gazprom”ning ahvoli yanada og‘irlashadi. Ukrainaning hisob-kitobiga ko’ra, agar “Do‘stlik” quvuri orqali yetkazib berish va gaz quvuri orqali tashishdan olingan daromadlarni qo‘shsak, kompaniyaning umumiy yo‘qotishlari 11 milliard dollarga teng bo‘ladi. Mana shular Rossiyaning yo‘qotishlaridir.

“Amerika Ovozi”: Endi Arctic SPG-2 loyihasiga kiritilgan sanksiyalarni chetlab o'tishga uringan “Novatek”ga to’xtalsak. Bu yerda masalaning narxi qancha?

М.К.: Kompaniya loyihaga ulkan mablag'lar kiritgan. Gidan yarim orolida konni o'zlashtirdi va gazni suyultirish uchun ikki texnologiyali liniya qurdi. Ularning loyiha quvvati yiliga 13 million tonnadan ortiq bo'lishi kerak edi. Birinchi liniya o'tgan yilning 1-dekabrida ishlashga tayyor edi, lekin “Arktik SPG-2” va Arktika sinfidagi gaz tashuvchi kemalarga nisbatan joriy qilingan Amerika sanksiyalari tufayli ishlamay turdi. Rejada uchinchi liniya ham bor edi, ammo uning qurilishi to'xtatildi — hech bo'lmasa 2028-yilgacha qoldirildi. Hozir “Novatek” vaziyatdan qanday chiqib ketadi, gazini qayerga yo'naltiradi va uni kim qabul qilishga jur'at etadi, bu katta muammo.

“Amerika Ovozi”: Sanksiyalarni chetlab o’tishga urinish bo’lgan edi-ku?

М.К.: Ha, ammo bu urinishlar juda murakkab sxemalarni qo’llagan bo’lsa-da, uning tashabbuskorlari va ishtirokchilariga salbiy oqibatlar olib keldi. Qisqa qilib tushuntirganda, avgust oyining boshida Ob ko’rfazi (Gidan va Yamal yarim orollari orasidagi Karks dengizi) deyarli muzdan tozalangan edi va “Novatek” endi SPGni oddiy gaz tashuvchilar bilan eksport qilinishi mumkinligini tushundi. Shu tariqa “Pioner” va “Asya Energy” kemalari birin-ketin ruxsat etilgan loyiha terminaliga bog'landi. Shu bilan birga, ularning joylashuvini qayd etuvchi elektron tizim ular okeanning butunlay boshqa hududida ekanligini ko'rsatib turardi. Yolg'on faqat sun'iy yo'ldosh tasvirlari tufayli fosh bo'ldi. Shu bilan birga, shu turdagi boshqa kemalar ham “Yamal-SPG”dan yuk olish uchun harakat qildi, u hamon sanksiyalar ostida emas edi. Ma'lum bo'lishicha, ular o'z manziliga yetib bormagan (aslida bormoqchi ham bo'lmagan), balki ular “sog’in sigir” rolidagi “Pioneer” va “Asya Energy” kemalaridan yukni olgan. Ammo AQSh tezkorlik bilan javob qaytarib, yaqin orada yangi sanksiyalar ro'yxatini e'lon qildi, unga “Pioneer”, “Asya Energy” va operatsiyada ishtirok etgan boshqa kemalar, shuningdek, ularga tegishli kompaniyalar ham kiritildi. Endi bu kemalar «Yamal-SPG»ga ham xizmat ko'rsata olmaydi.

“Amerika Ovozi”: Bu vaziyatda Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishni kengaytirish rejalari qanday holatda?

M.K.: 2035–2040-yillarga kelib Rossiyaning SPG bozoridagi ulushi 8% dan 30–40% gacha oshishi kerak edi. Bu rejalar to‘liq barbod bo‘ldi. Faqat “Arktik SPG-2” emas, balki hali amalga oshishdan ancha yiroq bo‘lgan, ammo katta umidlar bog‘langan boshqa loyihalar ham taqiq ostiga tushdi. “Novatek” ham “Arktik SPG-1” loyihasini, Murmanskdagi SPG zavodini va boshqa ko‘plab loyihalarini ishga tushira olmaydi. Biroq, eng muhimi, Rossiyaga qarshi joriy qilingan cheklovlar jahon gaz balansiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG