Breaking News

Rossiya Turkmanistonni ham gaz ittifoqiga tortmoqdami?


15-fevral kuni Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov Ashgabatda “Gazprom” rahbari Aleksey Millerni qabul qilgan. Uchrashuvda tomonlar o’rtasidagi energetik hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan.

Prezident Berdimuhamedov Turkmaniston energetika sanoatini, gaz-neft qazish, ishlab chiqarish tizimini modernizatsiya qilish, energoresurslar eksportida o’zaro hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidlagan.

Muzokara Moskvaning Turkmanistondagi so’nggi faolligi ortidan kuzatilyapti. Yanvar oyida Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin, sal o’tib esa Rossiya Dumasi raisi Vyacheslav Volodin Turkmanistonga safar bilan borgan edi.

Miller Kreml tomonidan Turkmanistonga yo’llangan navbatdagi rasmiy. U Rossiyaning Markaziy Osiyoda yuritayotgan energetik siyosati ijrochilardan biri hisoblanadi.

Moskva mintaqa tranzit imkoniyatlari ustidan ham nazoratni qayta o’rnatishga urinmoqda.

Miller Turkmanistonga safaridan avval Qozog’iston va O’zbekistonda muzokaralar o’tkazgan. U har ikki mamlakat energetika vazirlari bilan gaz sohasidagi hamkorlikka doir “yo’l xaritasi” imzolagan edi.

Shu oy esa uch tomonlama hamkorlikka doir dastlabki yig’ilish Sankt-Peterburgda o’tkazildi, Rossiya, Qozog’iston, O’zbekiston vakillari “yo’l xaritasi”da belgilangan vazifalarning bajarilishini muhokama qilishdi.

Turkmaniston rahbari Serdar Berdimuhamedov, Ashgabat, 25-aprel, 2021
Turkmaniston rahbari Serdar Berdimuhamedov, Ashgabat, 25-aprel, 2021

Millerning Ashgabatdagi muzokaralari gaz ittifoqiga Turkmanistonni ham qo’shish, Rossiyani mintaqa resurslarining asosiy eksportchisiga aylantirishni ko’zda tutayotgani ta’kidlanmoqda.

Turkman muxolifatchisi Murad Qurbonovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Berdimuhamedov rejimi ko’p jihatdan Moskva siyosatiga bog’liq, ammo shunda ham Turkmanistonning Rossiya tashabbusidagi gaz ittifoqiga qo’shilishi ehtimoli kam.

“Turkmaniston o’z gazini hozir Xitoyga vositachilarsiz eksport qilmoqda. Bundan Xitoy ham manfaatdor. Turkmanistondan yangi quvurlar tortishga mablag’ yotqizyapti. Ammo Rossiya Qozog’iston va O’zbekistonni ham gaz ittifoqiga tortdi, mintaqa resurslari ustidan nazorati kuchaymoqda. O’zbekiston, Qozog’iston Moskvaning agressiv siyosati bois bu ittifoqqa qo’shildi, har holda shunga majbur bo’lishdi, chunki Putining qo’lidagi dastaklar kuchli. Turkmaniston bosimdan nisbatan uzoq, “Gazprom” ishonchsiz hamkor ekanligiga o’z tajribasida guhov ham bo’lgan. Rossiya tomonidan “Markaz-Markaziy Osiyo” tranzit tizimida uyushtirilgan portlash yoddan chiqmagan. Qolaversa, Turkmaniston energetika bozoridagi o’rnini bo’shatib bermoqchi emas, har holda men shunga umid qilaman”, - deydi Qurbonov.

Rossiyaga qarashli Neftegaz.ru nashrining yozishicha Berdimuhamedov va Miller o’rtasidagi muzokaralar tafsiloti ochiqlanmagan, ammo gap gaz tranziti, Turkmanistonda yerosti gaz ombori qurish loyihasi ustida borayotgani ehtimol.

Rossiya Yevropa energetik bozoridan mahrum qilinishi ortidan asosiy diqqatini Sharqqa, Osiyoga qaratmoqda, TAPI loyihasida ham ishtirok etishga tayyor.

Turkmaniston, Afg’oniston, Pokiston orqali Hindistonga gaz yetkazishni rejalovchi bu loyiha anchadan buyon muhokamada. Yaqindan Rossiya tomonidan ham faol quvvatlanmoqda.

Qurbonov nazarida, energetika eksporti yo’nalishini o’zgartirayotgan Rossiya mintaqa davlatlarini siqib chiqarib, asosiy ta’minotchiga aylanishga qaror qilgan.

“Putin uchun bu siyosat, biznes, maqsadga erishish uchun har qanday vositani ishga solishi mumkin. Buni O’zbekiston, Qozog’iston misolida ko’rdik. Gaz ittifoqiga kirish, Rossiya shartlarini qabul qilish ularga manfaat keltirmaydi. Ammo baribir qo’shilishdi, mendagi ma’lumotlarga ko’ra, ular allaqachon bitimni ham imzolashgan. Buning evaziga Putin ularga hokimiyat xavfsizligini ta’minlovchi kafolatlar berganiga shubha qilmayman. Endi navbat Turkmanistonga, agar Turkmaniston rahbariyati ham Moskva shartlariga ko’nadigan bo’lsa, bu Markaziy Osiyo energetik zaxiralari butunlay Rossiya ixtiyoriga o’tdi degani”, - deydi Qurbonov.

Gaz ittifoqi tashabbusi o'tgan yilning oxirida Vladimir Putin tomonidan olg'a surilgan. Avvaliga O’zbekiston va Qozog’iston tomonidan rad etilgan bu taklif keyinchalik biror izohlarsiz amaliyotga ko’cha boshladi.

Rossiya hozirda har ikki davlat bilan “yo’l xaritasi”ga ega. Sankt-Peterburgda bu bitimda belgilangan vazifalar muhokama qilindi.

O’zbekiston bu qish keskin energetik inqirozda.

"Ozodlik" radiosi surishtiruviga ko’ra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarorlari bilan mamlakat energetik zaxiralari Rossiyaga aloqador kompaniyalari ixtiyoriga topshirilgan. O’zbekiston hukumati bunday xulosani rad etib, nazorat uning qo'lida ekanini bildirmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG