Breaking News

Xitoy va Rossiya moliyaviy hamkorligi xavotir uyg'otmoqda


Rossiya va Xitoy yetakchilari
Rossiya va Xitoy yetakchilari

Tahlilchilarning aytishicha, Xitoy va Rossiya o‘z armiyalarini qo‘llab-quvvatlash va AQSh boshchiligidagi jahon tartibini izdan chiqarish maqsadida rejalashtirilgan bank tizimidan foydalangan holda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgan.

Ikki davlat “to‘lov va hisob-kitob infratuzilmasini mustahkamlash va rivojlantirish”ga, jumladan, “korrespondentlik hisob raqamlarini ochish va ikki mamlakatda filiallar, sho‘ba banklarini tashkil etish” orqali savdodagi “uzluksiz” to‘lovlarga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuv haqida qo‘shma bayonot e’lon qildi.

Rossiyaning TASS axborot agentligi xabariga ko‘ra, bayonot Moskvada Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashgan paytda e'lon qilingan.

Rossiya hukumati stenogrammasida aytilishicha, uchrashuvda Mishustin “G‘arb davlatlari o‘ylab topilgan bahonalar bilan noqonuniy sanksiyalar joriy qilmoqda yoki oddiyroq qilib aytganda, insofsiz raqobat bilan shug‘ullanmoqda”, degan.

Mishustin, shuningdek, “milliy valyutalardan foydalanish kengayganini va o‘zaro hisob-kitoblardagi rubl va yuan ulushi 95 foizdan oshganini” ta'kidlab, har ikki tomon investitsiyalar, iqtisodiyot va savdo sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaganini da’vo qilgan.

Li va Mishustin kuni kecha iqtisodiy, investitsion va transport hamkorligi bo‘yicha o‘ndan ortiq kelishuvlarni imzoladi. Li Mishustinning taklifiga binoan Moskvaga tashrif buyurdi.

Hadson instituti katta ilmiy xodimi Devid Asherning aytishicha, ruslar va xitoyliklar o‘rtasidagi bu uchrashuv yanada kengroq hamkorlik imkoniyatlarini ochib berishi bilan muhim va bu hamkorlik “kattaroq harbiy o‘lchovga ega bo‘lib, AQSh milliy xavfsizligiga tahdid soladi”.

“Bu ikki tomonlama hamkorlik Rossiyaning Xitoyga Tinch okeani va Janubiy Xitoy dengizida yordam berishi mumkin. Buning evaziga Pekin Rossiyaning iqtisodiyoti va sanoatini qo‘llab-quvvatlaydi; bu esa Rossiyaning Ukrainadagi (AQShga qarshi) harbiy harakatlariga yordam beradi”, - deb qo’shimcha qildi Asher.

Davlat departamenti vakili “Amerika Ovozi”ning koreys radiosiga bergan intervyusida: “Qoshma Shtatlar Xitoyning Rossiya mudofaa sanoati bazasini qayta qurishda, xususan, asboblar, mikroelektronika va boshqa ikki maqsadli mahsulotlarni yetkazib berishda qo‘llab-quvvatlayotganidan xavotirda ekanligini aytdi”.

“Xitoy Xalq Respublikasi o‘zining betarafligini da'vo qila olmaydi, shu bilan birga, Rossiyaning mudofaa sanoat bazasini tiklab, Yevropa xavfsizligiga eng katta tahdidni yaratishga hissa qo‘shmoqda”, - dedi rasmiy.

“Xitoy Putin uchun yagona najot yo‘li”, - dedi Kolumbiya universitetining Xalqaro va ijtimoiy munosabatlar maktabi proessori, Davlat departamentiga Rossiyaning Ukrainadagi tajovuziga javoban xalqaro sanksiyalarni ishlab chiqishda yordam bergan Edvard Fishman.

“Xitoy kompaniyalari Rossiyaning zaif muzokara pozitsiyasidan foydalanib, qator foydali bitimlar tuzdi, — deydi Fishman. - Ammo bu bitimlar nafaqat tijoriy ahamiyatga ega. Ular Putin harbiy mashinasini ham qo‘llab-quvvatlamoqda”.

AQSh Moliya vazirligi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotgan 400 dan ortiq yuridik va jismoniy shaxslarga, jumladan, Moskvaga G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishga yordam berayotgan, stanoklar va mikroelektronika yetkazib berayotgan xitoylik kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi.

Xitoy va Rossiyaning savdoni qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy tizim yaratish rejasiga javoban, AQSh Moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyemo “Financial Times” nashriga shunday dedi:

“Vashington ular yaratadigan filial va bunga ruxsat beradigan davlatlarga qarshi chora ko’radi”.

Tahlilchilar Xitoy va Rossiya sanksiyalardan qochish uchun tobora ko'proq muqobil to'lov usullariga murojaat qilishlari mumkinligini aytmoqda.

Rossiya iyun oyida Rossiyaning eng yirik fond birjasiga qarshi AQSh sanksiyalariga javoban Moskva birjasida dollar va yevro savdosini to‘xtatdi. Rossiyaning bu harakati banklar, kompaniyalar va investorlarga markaziy birja orqali ushbu valyutalarda savdo qilishni taqiqlaydi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan sal oldin, AQSh yirik rossiyalik banklarni xalqaro biznes operatsiyalarida afzal ko‘riladigan AQSh dollaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum qilgan edi.

Londondagi Qirollik Birlashgan Xizmatlar Instituti qoshidagi Moliya va Xavfsizlik markazi direktori Tom Keatingning aytishicha, “Moskva va Pekinda AQSh boshchiligidagi sanksiyalar ta'sirida bo’lmagan moliyaviy va savdo aloqalarini yaratishga aniq istak bor”.

“Bu AQSh dollari bilan bog'liq bo'lmagan to'lov va hisob-kitob mexanizmlarini ishlab chiqishni, shuningdek, o'z orbitasidagi boshqa mamlakatlarga AQSh sanktsiyalaridan qochish imkonini beradigan kengroq himoyalangan to'lov tizimini o'z ichiga oladi”, - dedi u.

“Boshqa ehtimoliy to'lov usullari markaziy bank raqamli valyutalari, shuningdek kriptovalyutalar va barqaror tangalarni o'z ichiga olishi mumkin”, - deya qo'shimcha qildi Keating.

“Xitoy yuani 2023-yilda Rossiyada eng ko‘p savdo qilinadigan valyuta sifatida dollarning o‘rnini egalladi. Bunga AQShning Rossiyadagi bir qancha chegara orqali savdo qilib turgan banklarga qarshi sanksiyalar joriy qilgani sabab bo‘ldi”, - deydi Atlantika Kengashining Geoiqtisodiyot markazi direktori oʻrinbosari Maya Nikoladze iyun oyidagi hisobotida.

Nikoladzening “Amerika Ovozi”ga aytishicha, yuan va rublda amalga oshirilgan tranzaksiyalar Moskvaga sanksiyalarning ta'sirini 2023-yil dekabr oyida Vashington Rossiya tashkilotlari bilan tranzaksiyalarni amalga oshirgan xorijiy banklarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo‘llash vakolatini yaratguniga qadar yumshatishga imkon berdi.

“Shundan beri Rossiya Xitoydan neft uchun to‘lovlarni olishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Moskva Xitoydagi Rossiya banklarining filiallari orqali tranzaksiyalarni qayta ishlash yo‘lini topgan bo‘lsa ham, ba'zi tranzaksiyalar olti oygacha kechikmoqda”, - dedi Nikoladze.

“Newsweek” jurnalida shu oy chop etilgan maqolaga ko‘ra, Rossiyaning “Izvestiya” gazetasi Xitoy banklarining taxminan 98 foizi Rossiyadan yuan bilan to‘lovlarni qabul qilishdan bosh tortayotganini xabar qilgan.

Hadson instituti xodimi Asherning aytishicha, Rossiyaning yuandan foydalanishidan ham muhimroq narsa — Pekin va Moskva o‘rtasidagi tranzaksiyalarda Gonkong Pul-kredit boshqarmasiga qarashli avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi (CHATS) orqali AQSh dollarlaridan foydalanishdir. Bu to‘lov tizimi HSBC kabi banklar tomonidan yiliga “yuzlab milliard dollar” hajmida savdo uchun ishlatiladi.

“Bu tranzaksiyalarni AQSh hukumati uchun ko‘rinmas tarzda amalga oshirish mumkin, - deydi Asher. - Men AQShda bo‘lmagan, AQSh hukumati tomonidan nazorat qilinmaydigan, biz uchun yaxshi ko‘rinmaydigan AQSh dollari zaxiralari haqida gapiryapman va Gonkong bu moliyaviy xizmatni ko‘rsatmoqda”.

“Reuters” xabariga ko‘ra, Gonkong hukumati bir tomonlama sanksiyalarni joriy qilmasligini, balki BMT sanksiyalarini amalga oshirayotganini aytgan.

Vilson markazining Rossiyadagi siyosiy va iqtisody rivojlanish bo‘yicha mutaxassisi Uilyam Pomeranzning aytishicha, “Pekin va Moskvaning bu haftadagi moliyaviy va iqtisodiy hamkorlik gaplariga qaramay, Xitoy Yevropa va Amerika bozorlarida o‘z o’rnini yo’qotishni istamaydi va rostini aytganda, Rossiyaning o‘z qo‘li bilan yaratgan muammosida Rossiyaga yordam berish uchun G‘arb bilan iqtisodiy aloqalarini xavf ostiga qo‘ymaydi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG