Qo'shma Shtatlar Arktikada razvedka ma'lumotlarini yig'ishni kuchaytirmoqda. Shuningdek, Rossiya va Xitoyning sovuq va muzli shimoliy hududni Amerikaga zarar keltiradigan darajada ekspluatatsiya qilishining oldini olish uchun mintaqadagi ittifoqchilar bilan hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda.
Pentagonning yangi e'lon qilingan 2024-yilgi Arktika strategiyasi Arktika muzlari iqlim o'zgarishi tufayli eriyotgan hamda mintaqada Rossiya-Xitoy hamkorligining kuchayishi belgilari mavjud bo'lgan bir paytda paydo bo'ldi.
“Arktikada strategik holat tezda taktikaga aylanishi mumkin”, - dedi Mudofaa vaziri o'rinbosari Ketlin Xiks Pentagon matbuot anjumanida.
“Bizning askarlarimizni Arktikaning o'ziga xos muhitida o'qitish, kerakli jihozlar va tartiblarga ega bo'lishini ta'minlash missiyamizning muvaffaqiyati ta’minlashi mumkin”, - deya qo'shimcha qildi u.
Yaqinda taqdim etilgan strategiya AQSh armiyasi kuzatuv va razvedka imkoniyatlarini harorat past bo’lgan Shimoliy Qutbgacha kengaytirishni ko'zda tutadi, shunda sovuq havo armiya faoliyatiga xalaqit bermaydi.
Xususan, strategiyada AQSh raqiblarining faoliyatini yaxshiroq kuzatish uchun ko‘proq yerga asoslangan sensorlar, kosmik datchiklar va uzoq masofali radarlarga ehtiyoj borligi ta’kidlangan.
Shuningdek, AQSh uchuvchisiz havo razvedkasi va aloqa imkoniyatlarini oshirishni ham rejalashtirmoqda.
Xiksning aytishicha, AQSh bu imkoniyatlarga allaqachon o'nlab million dollar sarmoya kiritgan, ammo yana mablag' kerak.
“Arktikaning juda katta masofalari, ayniqsa, Shimoliy Amerikada, infratuzilmani qo'llab-quvvatlash Arktika operatsiyalari va uning mavjudligi uchun juda muhimdir, - deyilgan yangi strategiyada. - Ammo, sovuq urushdan qolgan infratuzilmaning ko'p qismi og'ir sharoitlar, investitsiyalar etishmasligi, iqlim o'zgarishi bilan bog'liq bo'lgan abadiy muzlarning erishi va qirg'oq eroziyasi tufayli vaqt o'tishi bilan yomonlashgan”.
AQSh Mudofaa vazirligi rasmiylariga ko‘ra, yangi Arktika strategiyasining afzalliklaridan biri Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishidir, ya’ni Rossiyadan tashqari barcha Arktika davlatlari endi G‘arb ittifoqi tarkibiga kiradi.
AQSh rasmiylari Shvetsiya va Finlyandiyaning Arktikadagi imkoniyatlarini bir necha bor yuqori baholagan va strategiya mintaqada Rossiya va Xitoy faolligining kuchayishiga qarshi turish uchun qo‘shimcha qo‘shma mashqlar va hamkorlikni talab qiladi.
“Bu juda sezilarli va xavotirlii”, - deydi Xiks.
“Albatta, ruslar hamon Ukraina bilan urushayotgan bo'lsa ham, Arktika mintaqasidagi ularga ochiq infratuzilmalariga sarmoya kiritishni davom ettirmoqda, - dedi u. - Va keyin biz Xitoy Xalq Respublikasi faoliyatining oshganini kuzatdik, buni ular ilmiy tadqiqot deb atashadi, ammo ularning fuqarolik va harbiy hamkorligi sababli biz har doim bu faoliyatning harbiy jihati borligidan xavotirdamiz”.
Shu bilan birga, Rossiya va Xitoy o'rtasidagi hamkorlikning kuchayishi belgilari ham kuzatilmoqda.
O‘tgan yilning avgust oyida ikki davlat Alyaskadagi Aleut orollari yaqinida qo‘shma dengiz patrullari o‘tkazgan edi. Bu esa AQShni ehtiyot chorasi sifatida to'rtta harbiy kema va patrul samolyotlarini joylashtirishga undadi.
Ammo mudofaa vazirining Arktika boʻyicha yordamchisi oʻrinbosari Iris Fergyuson jurnalistlarga Rossiya va Xitoyning bunday harakatlari muammoning kichik bir qismi ekanligini aytdi.
“Biz so'nggi bir necha yil ichida ularning hamkorligi oshganini kuzatdik, - deydi Fergyuson. - Biz Xitoyning Rossiya energiya sektoriga ko'p sarmoya kiritayotganini ko'ryapmiz. Bu nafaqat Xitoy Xalq Respublikasiga energiya yetkazib berishni ta'minlash, balki Rossiyaning Ukrainadagi faoliyatini ham kuchaytirishga yordam bermoqda”.
Fergyuson tahdidni oshirib yubormaslikka harakat qilib, Rossiya-Xitoy hamkorligi Arktikada “hali ham qisman yuzaki xarakterga ega, ayniqsa harbiy nuqtai nazardan”, dedi.
Biroq Pentagon rasmiylari Arktikadagi Xitoy harbiy tadqiqotlari darajasi oshib borayotganini va Pekinning mintaqani "xalqarolashtirish" va umuman unga ta'sir ko'rsatishga urinishlarini ta'kidlab, Rossiya-Xitoy harbiy munosabatlaridagi o'zgarishlarni kutmoqda.
“So'nggi bir necha yil ichida ularning harbiy nuqtai nazardan muntazam faoliyat yuritayotganini ko'ryapmiz. Hatto bir necha hafta oldin Alyaska qirg'og'ida bir nechta Xitoy harbiy kemalari bor edi, - dedi Fergyuson. - Ular bizning uzoq muddatli rivojlanish muammomiz va menimcha, bu Arktikani ham o'z ichiga oladi.”
Rossiya va Xitoyning Vashingtondagi elchixonalari hozircha bu savol va izohlarga munosabat bildirmadi.