Breaking News

AQSh: Eng katta razvedka tahdidi Xitoy va Rossiyadan kelmoqda


Xitoy va Rossiya rahbarlari
Xitoy va Rossiya rahbarlari

Yaqinda tasdiqlangan josuslik ta'sirini kamaytirish strategiyasiga ko'ra, Qo'shma Shtatlar xorijiy razvedka agentliklarining bir qator misli ko'rilmagan tahdidlariga duch kelmoqda. Xorijiy davlatlarning ba'zilari ustunliklarga erishish uchun bir-biri bilan hamkorlik ham qilmoqda.

Yaqinda Prezident Jo Bayden tomonidan imzolangan Milliy kontrrazvedka strategiyasida asosiy raqiblar sifatida Rossiya, Xitoy, Eron va Shimoliy Koreya ko‘rsatilgan, “razvedka xizmatlarining eng katta tahdidlari” Moskva va Pekin tomonidan bo’lgan.

Shu bilan birga, hujjatda ular borgan sari tajovuzkor operatsiyalarga o‘tayotgani va hatto AQSh pozitsiyasiga putur yetkazish uchun birgalikda yoki boshqalar bilan ishlashayotgani haqida ogohlantiriladi.

“AQSh kontrrazvedka xodimlari “asosiy raqiblarimiz bir-biri bilan hamkorlik qilayotgani va ular keltirib chiqaradigan tahdidning oshayotganini ko'rmoqda, - deya ogohlantiriladi strategiyada. - Xitoy, Rossiya va Eron razvedka xizmatlarining ko'plab faoliyati hanuzgacha aniqlanmagan”.

“Bunda tadbirkorlik tashkilotlari tobora muhim yordamchi rol o'ynayapti”, - deyiladi hujjatda.

Ba'zi hollarda xorijiy josuslik xizmatlari kuzatuvni yaxshiroq olib borish yoki katta hajmdagi ma'lumotlarni to'plash uchun keng tarqalgan vositalarga murojaat qilmoqda. Boshqa hollarda esa, josuslar AQSh hukumati va xususiy tashkilotlarga tegishli muhim tizimlarga kirish uchun ma’lum bir texnologiyadan foydalanadi.

“Bozorga yuqori sifatli kiberhujum vositalari bilan kirib kelayotgan tijorat firmalarining soni ortib bormoqda, bu esa bizning tarmoqlarimiz va odamlarimizga tahdid soladigan xorijiy razvedka ishtirokchilarini ko‘paytirmoqda”, - deyiladi strategiyada.

AQSh razvedkasi rasmiylarining ogohlantirishicha, ayrim hollarda raqiblarlar oʻz aloqalarini yashirish uchun xususiy kompaniyalarga murojaat qilmoqda.

Yaqinda AQSh razvedka rasmiysi Rossiya AQShda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga ta’sir o’tkazish uchun xususiy rus kompaniyalariga murojaat qilayotgani haqida ogohlantirgan edi.

“Bunda ular o’z sa’y-harakatini yashirish uchun ma’lum bir tijorat firmalaridan foydalanadi”, - deydi rasmiy.

Rasmiylar Pekinni dezinformatsiya tarqatish va boshqa ta'sir ko'rsatish operatsiyalarini amalga oshirish uchun Xitoy, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasidagi kompaniyalardan foydalanishda aybladi.

Xitoy va Rossiya bunday ayblovlarni bir necha bor rad etgan, Pekin esa Qo'shma Shtatlarni “eng katta dezinformatsiya tarqatuvchi”likda ayblagan.

AQSh raqiblari nafaqat razvedka sohasida, balki boshqa jabhalarda ham o’zaro hamkorlik qilmoqda.

Yaqinda AQSh va G'arb rasmiylari Rossiya, Xitoy, Eron va Shimoliy Koreyani yangi “Yovuzlik nishoni”ni shakllantirganlikda aybladi. Ular birgalikda Moskvani Ukrainadagi urushi uchun qurol va o'q-dorilar bilan ta'minlamoqda.

“Bu xavotirga sabab bo‘lmoqda. Xitoy, Shimoliy Koreya, Rossiya, Eron — o‘tmishda har doim ham o‘z harakatlarini muvofiqlashtirmagan mamlakatlar — qanday ta'sir ko'rsatish mumkinligi haqida o’ylayotgani biroz tashvishli”, - dedi AQSh Prezidenti Jo Bayden matbuot anjumanida.

“Vaqtni boy bermaslik kerak, - dedi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan NATO rasmiysi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. - Bu barcha ittifoqchilarimiz uchun asosiy ustuvor vazifa bo'lishi kerak”.

AQShning yangi kontrrazvedka strategiyasi o‘sib borayotgan tahdidlarga qarshi kurashish uchun AQSh razvedka agentliklariga yo‘l xaritasini taqdim etishga qaratilgan.

Strategiyaning bir qismi sifatida, Amerika razvedka xizmatlariga fitnalarni yaxshiroq aniqlash, tahdidlarni oldindan ko‘ra bilish va ushbu ma'lumotlarni boshqa hukumat idoralari va ittifoqchilar bilan kengroq almashish imkonini beradigan texnologiyalar va dasturlarga sarmoya kiritish tavsiya qilinadi.

Strategiya, shuningdek, josuslik faoliyatidan yaxshiroq himoyalanish va xorijiy fitnalarni to'xtatishga qaratilgan hujum kampaniyalarini o'tkazish uchun sun'iy intellektdan (AI) ko'proq foydalanishni talab qiladi.

“Xorijiy razvedka va xavfsizlik xizmatlari, ularning ishonchli vakillari bizning eng nozik maʼlumotlarimiz, texnologiyalarimiz va intellektual mulkimizni olishga intilishda davom etmoqda. Davlatga qarashli bo‘lmagan subyektlar ham ularning izidan bormoqda”, - deb yozgan Bayden yangi kontrrazvedka strategiyasining kirish qismida.

“Ushbu strategiya bizga xorijiy razvedka tahdidlariga qarshi kurashishda yaxshi pozitsiyani kafolatlaydi”, - deb qo'shimcha qiladi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG