Rossiya sobiq prezident Donald Trampga qilingan suiqasd urinishidan foydalanib, Qo‘shma Shtatlardagi siyosiy bo‘linishlarni yanada kuchaytirishga va Ukrainaga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlovni susaytirishga harakat qilmoqda.
Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari suiqasd qilishga uringan Rayn Uesli Routning Ukrainani qo‘llab-quvvatlaganini ushbu fitnaga sabab sifatida ko‘rsatmoqda. Ayrim sharhlovchilar esa buni Vashingtonning Ukraina himoyasiga berilgan “zarba” sifatida baholamoqda.
Shu bilan birga, Moskva AQShdagi prezidentlik saylovlariga ta’sir o‘tkazishga urinayotgani haqidagi da’volarni rad etmoqda.
Ehtimoliy suiqasd urinishiga izoh berar ekan, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva prezidentlik saylovi arafasida “vaziyat qanchalik tarangligini”, jumladan, siyosiy raqiblar o‘rtasidagi taranglikni ham ko‘rayotganini aytdi.
“Siyosiy kurash kuchaymoqda, turli usullar qo‘llanilmoqda, - dedi Peskov. - Biz bu jarayonni diqqat bilan kuzatmoqdamiz, ammo hech qachon bunga hech qanday tarzda aralashmaganmiz, hozir ham aralashmayapmiz”.
Bu gap noto’g’ri.
Mikrosoftning tahdid razvedkasi markazi hisobotida aytilishicha, Rossiyaning “AQSh saylovlariga ta’siri so‘nggi o‘n yil davomida barqaror bo‘lib qolayotgan” bo‘lsa-da, Moskva “dinamik ijtimoiy media muhitida amerikalik auditoriyaga ta’sir o‘tkazish va saylov hisobini o‘zgartirish” uchun taktikani o‘zgartirgan.
Bu taktika AQSh hukumatining so‘nggi ayblov xulosalari va Rossiyaning ta’sir ko‘rsatuvchi shaxslari bilan bog‘liq sanksiyalarida aks etgan.
Yaqinda AQSh Adliya vazirligi “Doppelganger” deb nomlangan “Rossiya hukumati yetakchiligidagi xorijiy zararli taʼsir kampaniyalarida” foydalanilgan 32 ta internet domenini musodara qilganini eʼlon qildi.
Adliya vazirligi da’vosiga ko’ra, Rossiya kompaniyalari “Rossiya Prezidenti ma’muriyati boshqaruvi va nazorati ostida” shu va boshqa domenlardan foydalanib, o‘zlarini o‘ziga xos media brendlari sifatida ko‘rsatishgan va “haqiqiy yangiliklar agentliklari” niqobi ostida Rossiya hukumati targ‘ibotini yashirincha tarqatishga uringan.
Ushbu targ‘ibotning maqsadi “Ukrainaga xalqaro qo‘llab-quvvatlovni kamaytirish, rossiyaparast siyosat va manfaatlarni kuchaytirish hamda AQSh va xorijdagi saylovlarda, jumladan, 2024-yilgi AQSh prezidentlik saylovida saylovchilarga ta’sir o‘tkazish” bo’lgan.
Mikrosoft o‘z hisobotida Kremlga aloqador uchta ta’sir ko‘rsatuvchi guruh - “Storm-1516”, “Storm-1679” va “Ruza Flood” tomonidan Demokratik partiya prezidentlik nomzodi Vitse-prezident Kamala Harrisning saylov kampaniyasiga “zarar yetkazishga yo‘naltirilgan” harakatlarni hujjatlashtirgan.
Mikrosoftning aytishicha, Rossiyaga aloqador ta’sir ko‘rsatuvchi guruhlar Harris va uning vitse-prezidentlikka nomzodi Minnesota gubernatori Tim Valzni “g‘ayrioddiy soxta fitna nazariyalari” bilan bog‘laydigan soxta videolar tayyorlashgan.
Bu zararli harakatlar Adliya vazirligi Facebook, Instagram va WhatsApp’ga egalik qiluvchi Meta kompaniyasidan olgan ma'lumotlar bilan ham tasdiqlangan. Ushbu ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiya ta’sir ko‘rsatuvchi guruhlari Meta sahifalari va reklamalari orqali dezinformatsiya tarqatgan.
Adliya vazirligining aytishicha, Meta ma'lumotlari “Doppelganger”ning sun'iy intellekt vositalaridan foydalanib AQSh siyosatchilari haqida salbiy reklamalarda ishlatiladigan tasvirlar va videolar yaratganini ko‘rsatgan.
“Doppelganger” kampaniyasi ortida turgan Kreml nazoratidagi targ‘ibot markazlaridan biri bo‘lgan Ijtimoiy dizayn agentligidan (SDA) sizib chiqqan ichki hujjatlar Adliya vazirligining ayblovlarini yanada tasdiqladi.
Ijtimoiy dizayn agentligining (SDA) “Rossiya raqamli armiyasi” deb nomlangan bot armiyasi ijtimoiy tarmoqlarda 39 899 ta “kontent birligi” ishlab chiqargan, jumladan, 4 641 ta video va 2 516 ta mem va grafikalar tayyorlagan hamda 33.9 million izoh yaratgan. Bu haqda Markaziy Yevropaning maxsus tergov nashri “VSquare” tomonidan qo’lga olingan hujjatlar ham ma’lumot beradi.
Bu hujjatlar soxta yangiliklar va dezinformatsiya kampaniyalarining asosiy nishonlari Yevropa va AQShdagi saylovlar ekanini ko‘rsatadi.
SDAning dezinformatsiyaga qaratilgan yo‘nalishini tushuntiruvchi hujjatlaridan birida shunday yozilgan:
“Yevropa Parlamenti saylovlari 2024-yilning yozida bo‘lib o‘tadi. 2024-yilda Bundestag saylovlari va AQSh prezidentlik saylovi kabi muhim voqealar bo’ladi. Bu kampaniyalarning natijasi ko‘p jihatdan G‘arbning Rossiyaga nisbatan sanksiyalari va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash siyosatining kelajagini belgilaydi”.
AQSh hukumati “RT” va “Sputnik”ga egalik qiluvchi va ularni boshqaruvchi “Rossiya Segodnya” media guruhiga sanksiyalar joriy qilganidan so‘ng Meta Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari tarmoqlarini o‘z platformalaridan taqiqladi.
AQSh Rossiya hukumatini RT tarkibiga kiber operatsion qobiliyatlarga ega va Rossiya razvedkasi bilan aloqador bo‘lgan tashkilotni joylashtirganlikda aybladi; bu tashkilot asosan dunyo bo‘ylab ta’sir va razvedka operatsiyalari o’tkazishga qaratilgan.
“Ular Amerika saylovlari va demokratiyasini zaiflashtirishga qaratilgan yashirin ta’sir harakatlari bilan shug‘ullanmoqda, go‘yoki Rossiya razvedka apparatining amaldagi qo‘li kabi faoliyat yuritmoqda”, - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
Rossiya ushbu sanktsiyalarni va Adliya vazirligining AQShda Rossiya propagandasini tarqatish uchun 10 million dollar pul yuvishda gumon qilingan ikki RT xodimiga nisbatan qo’yilgan jinoiy ayblovlarni so'z erkinligiga hujum deb baholadi.
AQSh razvedka hamjamiyati va federal tergovchilar Moskvaning 2016-yilgi prezidentlik saylovlarida Trampning g‘alabasini ta’minlashga uringanini oshkor qilgandan so‘ng, Rossiyaning AQSh demokratiyasi va jamiyatini zaiflashtirishga qaratilgan harakatlari AQSh siyosiy muhokamalarining markaziga ko’chdi.
2020-yilning avgust oyida e'lon qilingan Senat Razvedka qo‘mitasi hisobotida ham Rossiya 2016-yilda Trampning saylov kampaniyasini qo‘llab-quvvatlashga va uning raqibi, demokrat Hillari Klintonga zarar yetkazishga uringani, shuningdek, umumiy “AQSh demokratik jarayonini” zaiflashtirishga intilgani tasdiqlangan edi.