Kreml 24-avgust kuni Ukrainaning Kramatorsk shahrida xorijlik jurnalistlar joylashgan mehmonxonani hujumga tutganini tan olmadi, inkor ham qilgani yo`q.
Hujumda “Reuters” agentligi tasvirchilar guruhining xavfsizlik maslahatchisi Rayan Evans halok bo`ldi. Agentlikdan yana ikki jurnalist, voqea joyidagi boshqa muxbirlar ham yaralandi.
Kreml vakili Dmitriy Peskov Rossiya tinch aholini nishonga olmasligini va Evans jurnalist emasligini aytib, hujumni xaspo‘shlashga urindi:
“Men agentlik xodimlaridan berilgan ma’lumotni o`qidim, u jurnalist emas, xavfsizlik bo`yicha qandaydir maslahatchi. Takrorlayman: zarbalar harbiy infratuzilma yoki biror darajada u bilan bog’liq obyektlar bo’ylab beriladi ”.
Peskovning bayonoti to’g’ri emas.
“Reuters”ning yangiliklar guruhi a’zosi bo`lgan Evans 2022-yildan beri agentlikda ishlayotgan edi. Xalqaro normalarga muvofiq, jurnalistlar qanday himoyaga ega bo`lsa, u ham shunday huquqlarga ega edi. Bu norma fuqarolik obyektlariga zarbalarni taqiqlaydi.
So’z erkinligi himoyachilari Rossiya Ukrainadagi xorijlik jurnalistlar joylashgan obyektlarni muntazam hujumga tutishi hujjatlashtirilganini ta’kidlaydi.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti Rossiya hukumati Ukrainaning ishg’ol qilingan hududlarida jurnalistlarni ta’qibga olayotgani, ularga “hamkorlik, qamoq yoki o`lim” tanlovini qo’yayotgani haqida bayonot bergan.
Tashkilot 121 nafar jurnalist tazyiqqa tushgan 53 ta holatni hujjatlashtirishgan, ularni harbiy jinoyat sifatida tasniflagan.
Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi Evansdan tashqari OAV vakillaridan yana 15 kishi Ukraina urushini yoritishi davomida halok bo`lganini aniqlagan.
Moskva Ukraina armiyasi Kursk viloyatiga bostirib kirishi ortidan voqealar rivojini o’zi xohlagancha talqin etishga urinmoqda.
Rossiya Kursk viloyatidan reportaj tayyorlagan kamida 6 nafar jurnalistga nisbatan chegarani noqonuniy kesib o`tganlik iddaosi bilan jinoyat ishi qo’zg’atdi.
Ukraina Milliy jurnalistlar ittifoqi xalqaro jurnalistlar orasida mashhur Xarkov va boshqa shaharlardagi mehmonxonalar Rossiya tomonidan muntazam hujumga tutilganini, bu “urushni xalqaro matbuotda yoritilishiga to’siq qo’yish” taktikasi ekanligini qayd etgan.