Breaking News

Rossiya AQSh saylovlariga aralashishga uringanlikda ayblanmoqda


"RT" (Russia Today) mobil ilovasi
"RT" (Russia Today) mobil ilovasi

AQSh Bosh prokurori Merrik Garland 4-sentabr kuni Adliya vazirligining AQSh saylovlariga tahdidlarga qarshi kurash bo’yicha ishchi guruhi majlisida bergan bayonotga ko’ra, Rossiya mamlakatda 5-noyabr kuni o’tishi kutilayotgan saylov natijalariga ta’sir ko’rsatish uchun maxsus kampaniyani yuritmoqda. Shu maqsad yo’lida Moskva onlayn platformalardan foydalanib, AQSh saylovchilari orasida dezinformatsiyani kuchaytirmoqda.


Bu haqda “CNN” kanali ishonchli olti manbaga tayanib xabar berdi: Vashington ayblovi Rossiyaning “RT” media tarmog’iga tegishli.

Yuqorida qayd etilgan majlisda AQSh Federal qidiruv byurosi direktori Kris Rey, bosh prokuror o’rinbosari Liza Monako va uning yordamchisi Nikol Arjentyeri, bosh prokurorning milliy xavfsizlik bo’yicha o’rinbosari Mett Olsenlar ishtirok etgan.

Avvalroq Adliya vazirligi Rossiya AQSh saylovlariga hanuz tahdid uyg’otishda davom etayotgani haqida bayonot bergan edi.

Xususan, o’tgan oy Monako Vladimir Putin va uning ishonchli odamlari AQSh saylovlariga aralashish uchun tobora kengroq usullardan foydalanishga urinayotganidan ogohlantirgan edi.

“Ular prezident saylovi hamda Kongressga saylovlar natijasiga ta’sir ko’rsatish maqsadida turli shtatlardagi saylovchilarning muayyan demografik qatlamlarini nishonga olmoqda. Ular ijtimoiy tarmoqlarda hech qanday gumonga bormaydigan amerikaliklarni Rossiya manfaatlariga uyg’un axborot domiga tortmoqda. Ular AQShning Ukrainaga yordamini zaiflashtirish ustida ishlamoqda. Ular yangi shart-sharoitlarga moslashib bormoqda”, - degan edi Monako.


AQSh mamlakat saylovlariga aralashishga uringan “RT” tarmog’i bosh muharriri va yana to’qqiz kishiga sanksiyalar joriy qildi.


Sanksiyalar ro’yxatida “RT” xodimlaridan Konstantin Kalashnikov va Yelena Afanasyevalar ham bor.


AQSh Moliya vazirligi bayonotiga ko’ra, “RT” tarmog’i bosh muharriri Margarita Simonyan va uning xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda ta’sir kuchiga ega shaxslarni xufyona yollab, Kreml manfaatlariga uyg’un axborot bilan jamoatchilik ongiga ta’sir ko’rsatishga urinib kelgan.


Garlandning bildirishicha, “RT” Rossiya hukumati manfaatlariga asoslangan kontentlarni tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan shug’ullanadigan Tennessi shtatidagi kompaniyani moliyalash va yuritish uchun 10 million dollarga yaqin pul sarflagan. Kompaniyaga shunday kontentni tarqatish uchun nufuzli influenserlarni jalb etish vazifasi yuklangan. Kompaniya influenserlar va kuzatuvchilarga o’zining “RT” tarmog’i bilan aloqador ekanini oshkor qilmagan.


Federal Qidiruv byurosi sud organlariga murojaat qilib, dezinformatsiyaga asoslangan xorijiy kontentlar bilan jamoatchilik ongiga ta’sir ko’rsatishga urinayotgan 32 ta intertet-domenlarini musodara qilish uchun ruxsat so’ragan.



  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG