23-avgust kuni Volgograd viloyatidagi 19-jazo koloniyasidan olingan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.
Unda qo`llarida pichoq tutgan, o’zlarini “Islomiy davlat” jangchilari sifatida taqdim etgan guruh Rossiya Federal xizmati formasida bo`lgan bir necha kishini o`ldirgani, yaralagani ko`rinadi.
Guruh odamlarni garovga olganini aytib, shunday talablar qo’yadi: Qamoqxonadan chiqish, ikki million dollar va vertolyot.
Jangarilarning bu talabini muassasaning jiddiy jarohatlangan xodimi ham takrorlab turdi.
Mahbuslar garovga olinishidan bir necha soat o`tib, Rossiya maxsus xizmati qamoqxona ustidan nazorat o`rnatdi, rasmiy manbalar 19-muassasadagi to´rt isyonchi yo’q qilinganini xabar qildi.
Jangarilar muassasaning to’rt nafar xodimi, to’rt nafar mahbusni garovga olgan. Federal xizmatning garovdagi xodimlari o’ldiriladi, mahbuslar tirik qoladi.
Ikki oy muqaddam xuddi shunday xuruj Rostovdagi 1-qamoqxonada ham kuzatilgan, unda besh nafar jangari odamlarni garovga olgan edi. Maxsus amaliyot doirasida ularning to’rt nafari yo’q qilingan, bittasi og’ir jarohatlangan.
Voqea bo’yicha xizmat tekshiruvi o´tkazildi; Jazoni ijro etish federal xizmatining ko’plab xodimlari ishdan chetlatildi.
Telegram kanallaridagi farazlarda radikal islomchilar xurujiga asosiy sabab mahkumlarning soch-soqoli majburan olib tashlanayotganida ko’riladi.
“Rus sidyashaya” (Qamoqdagi Rus) jamoat fondi direktori Olga Romanova “Amerika Ovozi” rus xizmati bilan suhbatda ta’kidlashicha, inson qadrini tahqirlovchi zo’rliklardan voz kechmayotgan Rossiya huquq-tartibot idoralari “qamoqdagi jamoat”lar, “yashil” zonalar muammosini yechishga qodir emas.
“Amerika Ovozi” quyida shu suhbatni ayrim qisqartirishlar bilan e’tiboringizga havola qiladi.
AO: Volgograddagi 19-muasssasada kuzatilgan xuruj Rostovda jangarilar qamoqdan qochishga urinishgani, shuningdek, bahorda “Krokus Siti xoll”ga qilingan hujumga ham bog’liqdek. Rossiya qamoqxonalarida radikal islom rivojlanadigan muhit bormi?
Olga Romanova: 2008-yildagi Rossiya-Gruziya urushidan keyin Rossiya hukumati, xususan, Jazoni ijro etish federal xizmati (FSIN) ham qamoqxonalarda “qonundagi o’g’rilar” maqomidagi gruzinlarni yetakchilikdan mahrum qila boshladi. Ular Prezident Mixail Saakashvilining jinoyatchilikka qarshi kurash kampaniyasidan qochib kelganlar edi. Rossiyada ular turli yo’llar bilan yetakchilikdan (smotryashiy) mahrum qilindi. Kimnidir “obshak”ka qo’shishmadi, kimgadir giyohvand moddasi, kimgadir mobil aloqasi berishmadi. Yetakchilarni maqomidan ayirish mumkin, lekin o’rniga tayinlash qiyin. Ularning o`rnini boshqa qudratlar to’ldirdi. Shu paytdan boshlab islom ekstremizmiga aloqador odamlar yuzaga chiqa boshladi. Ular ham yetakchi, buning ustiga yolg’iz emas, turli yumushlar bilan band bo`lgan Markaziy Osiyo fuqarolarini ham arzimagan sabablar bilan qamay boshlashgan vaqtlar edi. Rus tilini yaxshi bilmaydigan, adolatsizlikka uchragan bu odamlar himoyaga muhtoj edi, jumladan ruslarning bosimidan ham. Natijada himoya topishdi, “obshak”ka qo’shilishdi, jamoat namozi, o’zaro suhbat, munozara orqali radikallashdi. Ular “ozod dunyodagi” ko’plab muftiy, imomlarni islomni noto’g’ri talqin qilayotgan munofiqlar deb hisoblashadi. Xullas, rahbariyat qamoqxonada “jamoatlar”, “yashil” zona borligini aniqlaganda, kech bo`lgan edi. Shunda jamoatlarga qarshi kurash boshlandi.
AO: Bu qachon sodir bo`ldi? Federal xizmat buni qachon aniqladi?
Olga Romanova: Qamoqxonalarda “yashil” zonalar (Qamoqxonada radikal islomchilar tomonidan nazorat qilinadigan hudud) 2012-2013-yillarda paydo bo`ldi, 2015-2016-yillarda ular soni ko`paydi, “chechenlar ruslarga qarshi” qabilasidagi hududlar. Haqiqatda esa kurash “musulmonlar va boshqalar”, ya’ni radikal musulmonlar va boshqalar o’rtasida kechayotgan edi. Qamoqxona ma’muriyati bunga qarshi odatiy kurashini boshladi, ya’ni “Qur’on”ni, joynamozlarni olib qo’yish orqali. 2020-yilda qamoqxonaga “Qur’on” olib kirish mumkin bo`lmay qoldi, do’kondan sotib olingan kitobni ekstremist adabiyot hisoblay boshlashdi! “Krokus”dagi terror ortidan esa mutlaqo aqlsizlik boshlandi; shu yil yozda bizga Sverdlovskdagi 10-koloniyada olingan videoni taqdim etishdi. Unda Federal xizmat xodimlari (FSIN) yosh mahbusni yerga yiqitganini, ich kiyimini yechishga majbur qilib, shu holatda soch-soqolini qirib tashlashganini ko’rish mumkin. Ya’ni insonni tahqirlash, qiynash tajribasi davom etmoqda.
AO: Oxirgi xuruj yuz bergan Volgograddagi koloniyada ham vaziyat shunday edimi?
Olga Romanova: Bu koloniya haqida menga ko’p narsalar ma`lum, anchadan buyon kuzatuvimizda. U yerda “yashil” zona bo`lmagan, “qizil” (vaziyat ma’muriyat bilan hamkorlik qiladigan mahbuslar tomonidan nazorat qilinadigan koloniya). Umuman, biz bu terrorchilarni ko`rganmiz, bir-birlarini rosa ko`p suratga tushirishgan. Ilya Yashin (yaqinda ozodlikka chiqqan siyosiy mahbus) ularning kiyimida yengillashtirilgan rejimdan darak beruvchi oq belgilar borligini ko`rsatgan. Ya’ni hukumat ularda terrorizmga, isyonga moyillik ko’rmagan. Yashinda, Liliya Chanisheva, Kseniya Fadeevada (yaqinda ozodlikka chiqqan siyosiy mahbuslar - tahririyat) shunday xavf ko`rishgan. Bu zona haqida yana nimalar deyish mumkin? U yerdan ko‘pchilikni urushga yollashgan. Prigojin (“Vagner” guruhining sobiq rahbari), Mudofaa vazirligi ham o’sha yerdan urushga mahbuslar yollashgan. Ular orasidan tirik qolganlar juda kam.
AO: 19-qamoqxonada odamlar garovga olingan paytda u yerdan biror ma’lumot olishga muvaffaq bo`ldingizmi?
Olga Romanova: O`shanda qamoqxona aloqadan uzib qo’yilganini keyin bildim. Xuruj paytida mahbuslarni “sanoat zonasi”dagi sexlardan biriga qamab qo’yishgan. Biz ular bilan aloqada edik, nimalar bo`layotganini aytib berishdi. Ularga ovqat berishmagan, qarindoshlari bilan aloqaga chiqishgan, qarindoshlari menga yozishdi, men ularga. Bu borada shuni aytishim mumkinki, mahbuslar bu xurujni zonadagi qiynoq va tahqirlar uchun qaytgan jazo sifatida ham qabul qilishgan.
AO: U yerda radikal islomchilardan tashqari ma’muriyat xodimlari, mahkumlardan iborat odamlar ham halok bo’ldi, jarohatlandi. Nega bunday o’ylayapsiz?
Olga Romanova: Bu yaxshi savol. Men G’arbdagi qamoqxonalardan sizdagi asosiy xizmat turi qaysi deb so’rasam, ular shunday javob berishadi: “Bizda asosiysi – ijtimoiy ”, “Bizda asosiysi tibbiy xizmat”, “Bizda ta’lim”. Men ularga Rossiyada asosiy xizmat operativ qidiruv ekanligni aytaman. Ular meni aqldan ozgan deb o`ylashadi, ishonishmaydi: “Siz adashyapsiz shekilli, mahkumlar jinoyat uchun jazo olishgan, operativ xizmatga qanday ehtiyoj bor?”. Bu shuning uchunki, bir mahkum boshqasidan iqrorlik ko`rsatmasi olishi kerak. Ular “operlar”ning ishini osonlashtirish uchun iqrornoma topishga majbur. Aynan ular “operlar” ko’rsatmasiga binoan musulmonlarni tayoqlar yordamida zo’rlashadi. Aytgancha, xuddi shunday mahkumlar hozir siyosiy mahbuslar Azat Miftaxov va Aleksey Gorinovga muddat qo’shib bermoqda. Masalan, olti nafar mahkum turadi-da, rahbarga mana bu “Vremya” (Rossiya televideniyesidagi axborot dasturi) ko’rib, Putinni so’kdi” deyishadi. Rahbar esa albatta “unda muddat qo’shib beramiz” deydi.
AO: Bular hammasi Rossiya qamoqxonalarida radikal islomiy oqimlar keskin rivojlanib ketishidan darak beryaptimi?
Olga Romanova: Qo’rqaman, lekin shunday. Biz ekstremizm darajasi oshishini kutishimiz kerak. Shu yilning martida “Krokus”dagi xurujda ayblanganlarni tutishayotganda, o`rmonda bir odamni tutib, qulog’ini kesib tashlashgani ko’rsatilgan kadrlarni hamma yaxshi eslasa kerak. Sudsiz, so’roqsiz. Yana buni namoyish ham etishdi. Buning uchun hech kim jazolanmadi, aksincha hamma mukofotlandi. Tabiiyki, bundan “demak shunday mumkin ekan”, degan xulosa chiqariladi. Va shunday qilishyapti ham, hozir telegram kanallarida yozilishicha, zonadan ham shunday xabarlar kelyapti, ekstremistlardan biri garovdagi xodimning qulog’ini kesib tashlagan (keyinchalik, voqea aksincha bo`lgani, qamoqxona shturmida o`ldirilgan ekstremistlardan birining qulog’i kesib tashlangani ma`lum bo`ldi – tahririyat).
AO: “Krokus”dagi hujumdan keyin Rossiya hukumati xuruj Ukraina bilan bog’liqligi haqida gapirganini yaxshi eslaymiz. Nima deb o’ylaysiz, Rossiya rahbariyati Volgagraddagi xurujni ham Ukraina bilan bog’lashga urinib ko’radimi?
Olga Romanova: 19-koloniyadagi isyon va garovga olishlarni Ukraina bilan bog’lash yanada oson; bu koloniyada Xersondan olib chiqilgan o`nlab mahbuslar saqlanadi. Bundan tashqari, u yerda o’g’irlangan, keyinchalik qamoqqa hukm qilingan Ukraina fuqarolari ham jazo o’tayapti. Shu bois albatta buni ham bog’lashadi. Umuman gap bu yerda terrorizmga qarshi kurash haqida emas, shunchaki aybni yopish haqida ketmoqda va ayb yopiladi.
AO: Bu kabi hujumlardan so’ng koloniyalarda nima o´zgaradi?
Olga Romanova: Odatda, bunday hodisalardan so’ng keng miqyosli tintuvlar boshlanadi. Hamma narsa, pul evaziga ularning o’zlari bergan mobil telefonlar, ventilyatorlar, elektr choynaklar tortib olinadi, keyin yana pul evaziga qaytarib beriladi. Hech narsa o’zgarmaydi, garovga olishlar kuzatilgan Rostovdagi qamoqxona nozirlari voqeadan ikki oy o`tib ukrainalik Aleksandr Ishenkoni urib o’ldirishdi.