Rossiy-Ukraina urushidagi insoniy yo'qotishlar ko'lami Moskva va Kiyevning eng qattiq saqlanayotgan sirlaridan biri bo'lib qolmoqda.
Dunyoning ko'p davlatlaridan farqli o'laroq, Rossiya o'zi ishtirok etgan qurolli mojarolardagi qurbonlar sonini aniq hisoblay olmaydi.
Ma'lumotlardagi nomuvofiqlik Rossiya qatnashgan barcha urushlarga tegishli. Birgina ikkinchi Chechen urushi paytida taxminan 8 mingdan 40 minggacha rus harbiylari halok bo’lgan.
Hatto 2008-yil avgust oyida Gruziya bilan bo‘lgan eng qisqa – besh kunlik urush haqida ham aniq ma’lumotlar mavjud emas. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jangda 64 tadan 74 tagacha rossiyalik harbiy halok bo‘lgan, ya’ni xato darajasi taxminan 15 foizni tashkil etadi. Yarador bo‘lganlar esa 171 yoki 340 nafar bo‘lgan, garchi barcha yaradorlar Rossiya kasalxonalarida davolangan bo‘lsa ham, xato darajasi 50 foizni tashkil etadi.
Urushning boshi
2022-yilda Rossiyaning keng ko'lamli bosqini boshlanishidan oldin, Ukraina Qurolli kuchlari soni 200 ming kishidan kam edi. Rossiya Qurolli kuchlari esa ulardan 4,5 baravar ko'p bo’lgan. Ukrainada 900 mingga yaqin zaxiradagi askar bo’lsa, Rossiya Qurolli kuchlari 200 mingga yaqin askardan foydalangan holda bosqinni boshladi. Bu Ukrainaning quruqlikdagi qo'shinlari sonidan deyarli ikki baravar ko'p edi.
Rossiya Qurolli kuchlari Checheniston, Gruziya, Suriya va Ukrainadagi jangovar harakatlarda katta tajriba yig’gan. Rossiya rivojlangan harbiy sanoatga ega, Ukraina esa undan deyarli mahrum edi. Qrim anneksiya qilingan paytda Ukraina Qurolli kuchlari ahvoli abgor holatda edi. 2014-yil Radada faqat 5 ming nafar harbiylar jangovar holatda ekanligi aytilgan. Sharqiy Ukrainadagi o‘n yillik mojaro davomida Kiyev ko‘p narsa o’rgandi, lekin Rossiya Qurolli kuchlari bilan to‘liq harbiy paritet yaratishga qodir emas edi. Bunga yetarli miqdorda odami va puli ham bo’lmagan.
Yo’qotishlar sababi
Urush boshida Rossiya va Ukraina Qurolli kuchlari zudlik bilan katta yo'qotishlarga duch keldi. Rossiyaning ustunligi hisobga olinsa, bu rossiyaliklar uchun nomutanosib ravishda katta edi.
Buning bilvosita dalili sifatida yo'q qilingan, shikastlangan va qo'lga olingan quruqlikdagi harbiy texnikalar tasvirlangan foto va video materiallarga qarash kerak bo’ladi. Mustaqil “Oryx” loyihasiga ko'ra, Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina Qurolli kuchlariga qaraganda uch baravar ko'proq texnika yo'qotgan. Uskunalar shikastlanganda esa, ko’plab ekipaj a'zolari muqarrar ravishda halok bo'lgan yoki jarohat olgan.
Bundan tashqari, Rossiya Qurolli kuchlari har doim mudofaadan ko'ra ko'proq yo'qotishlar bilan ajralib turadigan hujum operatsiyalariga tayanib kelgan va tayanmoqda. Ukraina Qurolli kuchlari zamonaviy Rossiya tanklari va zirxli texnikasini samarali yo'q qilganini hisobga olsak, bu hujumlar uzoq vaqtdan beri eskirgan sovet bronetexnikasi va hattoki fuqarolik texnikasi, masalan, mototsikllar yordamida amalga oshirilmoqda.
"Go'shtli hujum" iborasi uzoq vaqtdan beri zamonaviy leksikonga kiritilgan bo'lib, u rus piyoda askarlarining hujumlarini anglatadi; bunda hujumchilarning aksariyati halok bo’ladi yoki safdan chiqadi.
Rossiya Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarni yaxshi tayyorlash tizimiga ham ega emas – ba’zan jangovar tayyorgarlik kurslari atigi bir necha kun davom etadi. Ular kerakli jismoniy tayyorgarlik va motivatsiyaga ega bo‘lmagan odamlarni (mahbuslarni) va hatto rus tilini bilmaydigan migrantlarni jalb qiladi; shuningdek, ular jang maydonida yaradorlarni samarali evakuatsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘ya olmagan. Ko‘plab jangovar harakatlarda ishtirok etgan rossiyaliklarning xabarlariga ko‘ra, aksariyat hollarda Rossiya qo‘mondonligi o‘z qo‘l ostidagilarning hayotini saqlashdan ko‘ra jangovar vazifalarni bajarishni ustun qo‘yadi.
Ukraina armiyasi bir necha bor ta'kidlaganidek, rus qo'shinlarining haddan tashqari ko'p sonli ustunligi ko'pincha janglar natijasida hal qiluvchi rol o'ynagan.
Rossiyalik qurbonlar soni
Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z yo‘qotishlari to‘g‘risidagi ma’lumotni faqat bir marta 2022-yil sentabrida e’lon qilgan – 5 937 kishi. Shundan keyin Rossiya rahbariyati bir necha bor yo‘qotishlar minimal va Ukrainanikidan ancha past ekanini aytgan. Qanday bo‘lmasin, bilvosita ma'lumotlar shuni aniq ko‘rsatadiki, qaytarib bo‘lmaydigan yo‘qotishlar yuqori. Aks holda Rossiyaga qisman safarbarlik, ko‘plab yollanma askarlarni jalb qilish, shuningdek, mahbuslar va chet elliklarni yollash kerak bo‘lmas edi. Rossiya manbalariga ko‘ra, har oyda Rossiya o’z harbiy qismlariga taxminan 30 ming yangi askarni jalb qilmoqda – bu hozircha yo‘qotishlarni qoplash uchun yetarli ko‘rinadi.
"Mediazona" loyihasi "BBC " va ko‘ngillilar jamoasi bilan hamkorlikda ochiq manbalardagi xabarlarni, masalan, urushda navbatdagi hamyurtining o‘limi haqida Rossiyaning mahalliy gazetalaridagi maqolalarni tahlil qilmoqda. Ushbu ma'lumotlarga ko‘ra, 13-iyun holatiga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlari 54 185 kishini, jumladan, 3 535 nafar zobitni yo‘qotgan.
“Mediazona” ta'kidlaganidek, “2022-yil yozining boshidan kuz o'rtalariga qadar asosiy yo'qotishlar ko'ngillilar orasida bo’ldi. Bu urushning birinchi bosqichidagi vaziyatdan keskin farq qiladi: qishda va erta bahorda eng katta yo'qotishlarga havo desant bo’linmalari duch kelgan. Keyinroq esa motopiyoda qo'shinlari bilan shunday bo’ldi. 2022-yil oxiri va keyingi yil boshida “Vagner”ning xususiy harbiy kompaniyasiga yollangan mahbuslar orasida yo'qotishlar sezilarli darajada oshdi. Ulardan Baxmut yaqinidagi Ukraina pozitsiyalariga hujum qilish uchun shturm guruhlari tashkil etilgan. 2023-yil mart oyida mahbuslar eng ko’p qurbon bo’ldi. Baxmutga qilingan hujumdan keyin mahbuslardan ommaviy ravishda foydalanish holatlari kuzatilmadi”.
Rossiyaning yo‘qotishlari haqida har kuni ma’lumotlarni yangilab boradigan Ukraina Mudofaa vazirligi ularni 520 mingdan oshganini aytmoqda. Taqqoslash uchun, 2024-yil boshida, Rossiya Qurolli kuchlari soni taxminan 1,1 million kishi edi, shundan 500 ming nafari quruqlik qo‘shinlarida xizmat qilgan.
2023-yil dekabr oyida AQSh razvedkasi Rossiyada 315 ming kishi, ya'ni urush boshlangandan buyon harbiy xizmatchilarning deyarli 90 foizi halok bo'lgan yoki yaralangani haqida xabar berdi.
30-aprelda Buyuk Britaniya Davlat kotibining Qurolli Kuchlar bo'yicha o'rinbosari Leo Dogerti Rossiya Qurolli kuchlarining yo'qotishlarini “o'n minglab” dezertirlarni hisobga olgan holda, 450 ming kishiga baholadi.
2-may kuni Ukraina quruqlikdagi kuchlari qo‘mondoni Aleksandr Pavlyuk Rossiya qo‘shinlari har oy 25 mingdan 30 minggacha yo’qotishga uchrayotganini aytgan.
11-may kuni AQSh armiyasi iste’fodagi general-leytenanti Gerbert Makmaster “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida shunday dedi:
“Rossiya yo’qotishlarining hajmi 100 mingdan ortiq odam bo’lsa-da, jonli kuchdagi yo‘qotishlarni qoplashga muvaffaq bo‘ldi. Biroq Rossiyani bu tashvishga solmayapti. Masalan, ular erishilgan muvaffaqiyatlar uchun, Chasov Yar atrofida har o 30 mingga yaqin, kuniga ming kishidan mahrum bo’ldi”.
2024-yil 4-iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina Qurolli kuchlariga qaraganda besh baravar kam askarlarini yo‘qotganini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, Ukraina Qurolli kuchlarida oyiga 50 ming askar o’ldirilgan va yaralangan.
2024-yil iyunda AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Rossiya Qurolli kuchlarining yo'qotishlari 350 ming kishini tashkil etganini e'lon qilgan edi. Bu baho Ukraina ma'lumotlariga yaqin.
Ukraina bergan qurbonlar soni
2024-yilning 26-fevralida, bosqin boshlanganining ikki yilligi munosabati bilan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari safida 31 ming kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Odatda, har bir halok bo‘lgan kishiga 3 nafar yarador to‘g‘ri keladi, bu nisbatdan kelib chiqib, yaradorlar sonini hisoblash mumkin.
2024-yil 23-aprelda Rossiyaning o'sha paytdagi mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukraina deyarli yarim million harbiy xizmatchini yo'qotganini aytgan edi. Bu taxmin aniq bo’rttirilgan, chunki Ukraina Qurolli kuchlarining umumiy soni hozirda taxminan 500 ming kishini tashkil etadi.
Har qanday holatda ham, Ukraina yo'qotishlari ham katta. Aks holda Ukraina chaqiruv yoshini oshirmagan, ba'zi mahkumlarni harbiy xizmatga jalb qilmagan va chet elga ketgan erkaklarni Ukraina Qurolli kuchlariga jalb qilishga harakat qilmagan bo'lardi.