Breaking News

Ukraina Rossiyaga olib ketilgan bolalar taqdiridan xavotirda


Rossiyaga olib ketilgan ukrainalik bolalar taqdiri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:58 0:00

Ukraina tomoni Rossiya ishg’oli ostidagi hududlarda minglab bolalar tutqunga aylangani, Rossiya hududiga olib chiqilganlari esa qayta tarbiyalash, otaliqqa olish dasturlarida qatnashishga majburligidan xavotirda.

Ukraina hukumati 2024-yilning may holatiga ko’ra 19 mingdan ziyod bola majburan Rossiyaga ko’chirilganini aniqladi. Ulardan qariyb 400 nafarini uyga qaytarishga muvaffaq bo’lingan.

“Ukrainani asrang” nodavlat tashkiloti rahbari Nikolay Kulebaning aytishicha, Qrim va Donbass ishg’oli 2014-yildan boshlangani inobatga olinsa, haqiqiy raqamlar ancha ko’p bo’lishi mumkin.

“Bunday bolalar aslida anchaga ko’p. Biz so’nggi ikki yildagi raqamlar haqida gapiryapmiz. Urush esa 10 yildan buyon davom etyapti”, - deydi Kuleba.

Xersonlik Bogdan Shvetsov 14 yoshda. Rossiya Xersonni ishg’ol qilishi ortidan uning maktabiga Rossiya tomonidan direktor tayinlandi. O’quvchilarga Qrimdagi bolalar lagerida ikki haftalik dam olish taklif qilindi, Bogdan ham ko’plar qatori bunga rozi bo’ldi.

Uning eslashicha, ikki haftadan so’ng lagerdagi mutasaddilar xavfsizlik bois bolalar hozircha uyiga qayta olmasligini bildirishgan.

“Ular “xavfsiz bo’lishingiz uchun biz sizni bu yerda qoldiramiz, chunki sizning shahringizda otishmalar bo’ladi” deyishdi, biz hech qayoqqa ketmasligimizni aytishdi”, - deydi Bogdan.

Bogdanning onasi Irina Shvetsovaning aytishicha, bolalarga hamrohlik qilgan o’qituvchi unga o’g’lini ko’rishning yagona chorasi Qrimga borib, o’sha yerdan uni olish ekanligini aytgan.

“Lagerning direktori 7-aprelgacha muhlat berilgani, shundan so’ng ota-onasi olib ketmagan bolalar turli manzillarga joylashtirilishi haqida aytgan”, - deydi Shvetsova.

Ona olti oyga cho’zilgan kutish davri og’ir kechganini aytadi:

“Uxlay olmadim. Xayolimda faqat endi nima qilishim kerak, keyin nimalar qilishim kerak, degan savol”.

Shvetsova Rossiyada qolgan bolalarni Ukrainaga qaytarishda yordamlashuvchi volontyorlarga murojaat qildi.

“7-aprel kuni 33 nafar bola qaytishi kerak edi, ammo 32 tasi qaytdi. Chunki qaytayotgan opa-singillardan biri Qrimda bo’lgan, buvisi uni olib kelish uchun yo’lga chiqqan, ammo rossiyaliklar so’rog’idan o’tish paytida vafot etgan”, - deydi Shvetsova.

Xalqaro jinoiy sud Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga nisbatan bolalarning noqonuniy deportatsiyasi, majburiy ko’chirilishiga doir ayblov e’lon qilgan.

Ukraina rasmiylari minglab bolalar Rossiyada yoki ishg’ol qilingan hududlarda majburan oilasidan uzoqda ushlab turilgani, ularning aksariyati ortga qaytarilmasligi mumkinligidan xavotir bildirib kelishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG