Breaking News

BMT: Rossiya ukrainalik harbiy asirlarni muntazam qiynamoqda


Rossiya asirligidan ozod qilingan ukrainalik askarlar
Rossiya asirligidan ozod qilingan ukrainalik askarlar

Rossiya rasmiylari yuzlab ukrainalik harbiy asirlarni “keng ko‘lamli va tizimli qiynoqlarga” duchor qilgan; hibsxona muassasalaridagi rahbarlar bundan xabardor bo‘lsa-da, suiiste'molni to‘xtatish uchun hech narsa qilmagan, deyiladi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligi tomonidan e'lon qilingan hisobotda.

“Biz o‘tgan yilning mart oyidan beri 174 nafar ukrainalik harbiy asirni, shu jumladan, besh nafar tibbiyot xodimini so‘roq qildik va deyarli har biri qiynoqlar va juda yomon muomala haqida ishonchli va batafsil hisobotlar berdi”, - dedi BMTning Ukrainadagi inson huquqlarini kuzatish missiyasi rahbari Daniel Bell Jenevada jurnalistlarga.

Seshanba kuni Ukraina poytaxti Kiyevdan videoaloqa orqali so‘zlagan Bell harbiy asirlar “og‘ir kaltaklashlar, elektr toki bilan urishlar, uyqudan mahrum qilish, it tishlashlari, soxta qatl qilishlar” va boshqa qo‘rqituvchi va tahqirlovchi munosabatlar haqida gapirib berganini aytdi.

Uning aytishicha, harbiy asirlarning 68 foizi “jinsiy zo‘ravonlik, qiynoqlar va yomon munosabatga asirlikning barcha bosqichlarida duch kelmoqda; bu qiynoqlar bosib olingan hududlarda va Rossiya Federatsiyasidagi bir nechta muassasalarda sodir bo‘layotganini xabar qilishgan.

“Zo‘ravonliklarning kundalik yoki haftalik asosda sodir bo‘lib, butun asirlik davri davomida, ba’zan uch yilgacha davom etishi “muassasa rahbarlarining bundan xabardor ekanligini ko‘rsatadi’’, - deydi u.

Jangchilarning jasadlarini qidirayotgan ko’ngillilar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

“Rossiya Federatsiyasining tashqi rasmiylari asirlik joylariga tashrif buyurganida, ko‘plab holatlarda qiynoqlar va yomon muomalalar vaqtincha to‘xtatilgan va sharoitlar yaxshilangan, bu esa ushbu muassasalar uchun mas'ul bo‘lgan shaxslarning yomon muomaladan xabardor ekanligini ko‘rsatadi”, - deya qo’shimcha qiladi u.

“Rossiya jamoat arboblari ukrainalik harbiy asirlarga nisbatan g’ayriinsoniy munosabatda bo’lishga va ularni qatl etishga ochiqdan-ochiq chaqirgan; bu esa Rossiya harbiy xizmatchilari uchun amnistiya to'g'risidagi keng qamrovli qonunlarning qabul qilinishi hamda jazosizlik muhitining kelib chiqishiga katta hissa qo’shdi”, - deydi Bell.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotida “ko‘plab harbiy asirlar oziq-ovqat tanqisligi, tibbiy yordamning yetishmasligi, odamlar zichligi va gigiyenik sharoitlarning yomonligi” haqida xabar bergan. 10 nafar ukrainalik harbiy asirning “qiynoqlar, tibbiy yordamning yetishmasligi va og‘ir sog‘liq sharoitlari” tufayli vafot etgani ham qayd etilgan.

Hisobotda aytilishicha, 2023-yil mart oyidan beri so‘roq qilingan 205 nafar rossiyalik harbiy asirdan 104 nafari Ukraina hukumati tomonidan “asosiy asirlik bosqichlarida” qattiq kaltaklashlar, o‘lim tahdidlari va jismoniy zo‘ravonlik kabi qiynoqlarga solingan yoki yomon munosabatga duchor bo‘lgan.

“Biroq deyarli barcha holatlarda mahbuslar rasmiy koloniyalarga kelganlarida qiynoqlar va yomon munosabatlar to‘xtatilgan, bu yerda sharoitlar umuman olganda xalqaro standartlarga mos keladi”, - deyiladi hujjatda.

Bell ukrainalik va rossiyalik harbiy asirlarga nisbatan ularni asirga olganlar tarafidan ko‘rsatilgan munosabatlarning ko‘lami va darajasidagi farqlarni alohida ta’kidladi.

Uning kuzatishicha, rossiyalik harbiy asirlarga nisbatan Ukraina hukumati tomonidan qiynoqlar yoki yomon muomala asosan ularning dastlabki asirga tushgan kunlarida sodir bo‘ladi.

Asirlar “saqlanish muassasalariga kirgach, qiynoqlar to’xtaydi va ular xavfsiz bo‘lishadi”, holbuki, Rossiya hibsxonalarida ukrainalik harbiy asirlarga nisbatan zo‘ravonlik “butun asirlik davrida davom etadi”.

Bell rossiyalik harbiy asirlarga nisbatan yaxshiroq muomalani ko‘p jihatdan nazoratchilarning ular saqlanayotgan Ukraina obyektlariga to’siqsiz kirish huquqiga ega ekanliklari bilan tushuntiradi. Unga ko’ra, BMT rasmiylari “qaysi joylarda rivojlanishga erishish mumkinligi haqida Ukraina hukumati bilan juda ochiq muloqot olib borish imkoniyatiga ega”.

Ammo Kuzatuv guruhi ukrainalik harbiy asirlarning farovonligini nazorat qila olmaydi, chunki uzoq vaqtdan beri ruxsat so’rayotgan bo’lsa ham, Rossiya Federatsiyasi ularga erkin kirib kuzatish imkoniyatini bermayapti.

Inson huquqlari bilan bog'liq boshqa voqealar

BMTning mazkur hisobotida 2022-yil fevral oyida Rossiya qurolli kuchlarining Ukrainaga to‘liq bosqini yuz bergandan beri harbiy asirlar duch kelgan qiynoqlarini o‘rganishdan tashqari, 2024-yil 1-iyundan 31-avgustgacha bo‘lgan davrda mamlakatdagi asosiy inson huquqlari bilan bog‘liq voqealar ham yoritilgan.

Hisobotda aytilishicha, shu davrda tinch aholi orasidagi qurbonlar va fuqarolik infratuzilmasiga yetkazilgan zarar sezilarli darajada oshgan, 589 nafar tinch aholi halok bo‘lgan va 2 685 nafari jarohat olgan. Bu oldingi uch oyga nisbatan qurbonlar sonining 45 foizga oshganini ko‘rsatadi. Urush boshlanganidan beri halok bo‘lgan tinch aholining umumiy soni 11 743 nafarga, jarohatlanganlar soni esa 24 614 nafarga yetgan.

“Hisobot davrida ham Rossiya qurolli kuchlari Ukraina bo‘ylab energetika infratuzilmasini nishonga olishni davom ettirdi. Bu muhim xizmatlarga ta’sir ko‘rsatib, qish oldidan tinch aholining ahvoli borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi”, - dedi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha idorasi vakili Liz Trossel hisobotni taqdim etish chog‘ida.

Uning aytishicha, Rossiya qurolli kuchlarining Ukraina bo‘ylab Sumi, Xarkov va Zaporijiya kabi shaharlariga uyushtirgan shiddatli harbiy hujumlari “maktablar, kasalxonalar va hatto qariyalar uyi kabi fuqarolik mulki va infratuzilmalariga zarar yetkazgan, ularni vayron qilgan”.

“Shuningdek, biz Ukrainaning energetika infratuzilmasiga qarshi juda ko'p hujumlarni hujjatlashtirdik”, - dedi Trossel.

Bellning aytishicha, Rossiya Federatsiyasi martdan avgustgacha bo‘lgan davrda Ukrainadagi energiya ishlab chiqarish inshootlarini, asosan, issiqlik, gidroelektr va isitish zavodlarini nishonga olib, to‘qqiz marta keng ko‘lamli, muvofiqlashtirilgan hujumlarni amalga oshirgan.

“Bu hujumlar natijasida yetkazilgan zarar elektr ta’minoti, suv, isitish, kanalizatsiya va davlat ta’limi kabi muhim xizmatlarga ta’sir ko‘rsatdi, - deydi u. - Zaif aholi qatlami, masalan, yoshi kattalar, nogironlar, kam daromadli oilalar va bolalar bu hujumlardan qattiq zarar ko‘rdi”.

"Bu qishda davomli elektr uzilishlari yana bo’lishi kutilmoqda, Ukrainaning ishlab chiqarish quvvatini tiklash va qattiq qish xavfini kamaytirish uchun katta sa’y-harakatlar qilinmoqda. Ammo bu vaziyat davom etayotgan hujumlar tufayli yanada og'irlashmoqda”, - dedi u.

Oliy komissarning hisoboti yaqin kunlarda BMT inson huquqlari kengashiga taqdim etiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG