Breaking News

AQShda jinoyat sodir qilgan muhojirlar ozodlikka qo'yib yuborilyaptimi?


Prezidentlikka nomzod Donald Tramp AQSh-Meksika chegarasida nutq qilmoqda, 2024-yil, 22-avgust.
Prezidentlikka nomzod Donald Tramp AQSh-Meksika chegarasida nutq qilmoqda, 2024-yil, 22-avgust.

Yangi e’lon qilingan immigratsiya ma’lumotlariga asoslanib respublikachilarning da’vo qilishicha, Bayden ma’muriyati jiddiy jinoyatlar sodir etgan muhojirlarni AQShda erkinlikka qo’yib yubormoqda. Aslida bu raqamlar to‘liq tushuntirishlarsiz va noto‘g‘ri talqin qilingan.

Immigratsiya va bojxona xizmati respublikachi qonunchi Toni Gonsalesning so’roviga javoban, agentlik hibsxonasida bo‘lgan, jinoyat sodir etganlikda ayblangan odamlar haqidagi ayrim ma’lumotlarni taqdim etdi.

Toni Gonsales ushbu ma’lumotlarning ayrimlarini internetda e'lon qildi va ular darhol ommaviy deportatsiyalarni amalga oshirishga va’da berayotgan Donald Tramp va Vitse-prezident Kamala Harris kampaniyalari o’rtasida muhim muhokama mavzusiga aylandi.

Quyida ayrim raqamlarga to’xtalamiz.

21-iyul holatiga ko'ra, Immigratsiya va bojxona xizmati nazorati ostidagi 662 556 kishi jinoyat sodir etgan yoki ularga nisbatan jinoyat ayblovlari qo'yilgan. Ulardan qariyb 15 ming nafari Immigratsiya va bojxona xizmati qamoqxonasida, lekin katta qismi — 647 572 kishi — hibsda emas.

Agentlik tomonidan hibsga olinmagan shaxslar orasida juda og'ir jinoyatlarda aybdor deb topilganlar ham bor: 13 099 kishi qotillikda, 15 811 kishi jinsiy zo'rlashda, 13 423 kishi qurol bilan bog'liq jinoyatlarda va 2 663 kishi transport vositalarini o’g’irlashda aybdor deb topilgan. Eng katta toifa yo'l harakati bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘lib, ularning soni 77 074 tani tashkil etadi, keyingi o‘rinlarda hujum qilish (62 231 ta) va xavfli giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar (56 533 ta) turadi.

Immigratsiya va bojxona xizmati faoliyatini nazorat qiluvchi Ichki xavfsizlik departamenti keyinchalik bu raqamlar o'nlab yillarni — jumladan, Tramp ma’muriyati va boshqa prezidentlik davrlarini — o'z ichiga olishini aniqlashtirdi va immigratsiya xizmati nazorati ostida bo'lmagan shaxslar davlat yoki mahalliy organlar tomonidan hibsda bo'lishi mumkinligini bildirdi. Biroq Immigratsiya va bojxona xizmati bu tafovutni Gonsalesga taqdim etgan hisobotida keltirmagan.

“Biz hibsga olinmagan shaxslar haqida gapirganda, Immigratsiya va bojxona xizmati qamoqxonasida hibsda bo'lmaganlarni nazarda tutamiz. Masalan, u Folsom shtat qamoqxonasida bo‘lishi mumkin”, — dedi Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas.

Nyu-York muhojirlar uchun boshpana maqomini saqlab qoladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:30 0:00

Millionlab odamlar Immigratsiya va bojxona xizmatining “hibsda bo'lmaganlar ro'yxati”da turadi, ya'ni agentlik nazorati ostida, ammo uning qamoqxonasida emas. Ularning ko'pchiligi immigratsiya sudida ishi natijalarini kutmoqda, ba'zilari kuzatuv qurilmalari taqib yuradi. Boshqalar esa qamoq jazosini o'tab bo'lgach, o'z mamlakatlari ularni qabul qilmaganligi sababli ozod qilingan.

Raqamlar haqida har ikki kampaniya vakillari nima deydi?

Respublikachilar ushbu ma'lumotlarni Bayden ma’muriyati jinoyat tarixiga ega muhojirlarni mamlakatga qo'yib yuborayotgani va bu yerda jinoyat sodir etganlarni chiqarib yuborish uchun yetarlicha choralar ko'rmayotganining isboti sifatida ko'rsatdi.

“Haqiqat aniq — jinoyat tarixi bo‘lgan noqonuniy muhojirlar mamlakatimizga kirib kelmoqda. Immigratsiya va bojxona xizmati tomonidan e’lon qilingan ma'lumotlar tashvishlanarli darajada va bu Bayden-Harris ma’muriyati hamda “boshpana siyosati” ortida yashirinishga harakat qilayotgan barcha shaharlar uchun ogohlantiruvchi signal bo'lishi kerak”, — dedi Gonsales matbuot bayonotida.

Muhojirlarning Amerikaga qonunbuzarlik va jinoyat olib kelishini qayta-qayta ta’kidlagan Tramp ma’lumotlarning bir nechta skrinshotlarini o’z “Twitter” sahifasiga joyladi: “13 000 TA QOTILLIKDA AYBLANGAN JINOYATCHILAR CHEGARANI KESIB O’TGAN”.

U, shuningdek, bu raqamlar Bayden va Harrisning lavozimdagi davriga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi.

Ichki xavfsizlik vazirligi yaqinda bergan bayonotida bu ma'lumotlar noto'g'ri talqin qilinayotganini aytdi.

“Bu ma'lumotlar o'nlab yillarni qamrab oladi, ular oxirgi 40 yil yoki undan ortiq vaqt ichida mamlakatga kirgan shaxslarni o'z ichiga oladi va ularning aksariyati bo‘yicha hibsga olish qarori ushbu ma'muriyatdan ancha oldin qabul qilingan, — dedi agentlik. - Shuningdek, bu raqamlarga federal, shtat yoki mahalliy huquq-tartibot organlari yurisdiksiyasida yoki hozirda hibsda bo'lgan ko'plab shaxslar ham kiradi”.

Ichki xavfsizlik vaziri Mayorkas ma'lumotlar kerakli tushuntirishsiz e'lon qilinganini ta’kidlab, bu qasddan noto’g’ri talqin qilinishi mumkinlini aytdi.

Departament, shuningdek, Amerikada qolish huquqiga ega bo'lmagan shaxslarni deportatsiya qilish bo'yicha amalga oshirilgan ishlariga e'tibor qaratdi va so'nggi yilda 700 mingdan ortiq odamni chiqarib yuborganini, bu 2010-yildan beri eng yuqori ko'rsatkich ekanini aytdi. Ichki xavfsizlik vazirligi Prezident Jo Bayden lavozimga kirishganidan beri jinoyat hukmi bilan 180 ming kishini deportatsiya qilganini bildirdi.

Raqamlar qaysi davrlarni qamrab oladi?

“Ma'lumotlar faqatgina Bayden ma’muriyati davrida mamlakatga kirgan shaxslarni emas, balki avvalgi ma’muriyatlar davrida kelgan va o‘nlab yillarni qamrab olgan shaxslarni ham o‘z ichiga oladi”, - dedi Immigratsiya va Naturalizatsiya xizmati sobiq komissari Doris Meissner.

Ular boshqa davlatlarda jinoyat sodir etib, keyin AQShga kirganlikda emas, balki Amerikada jinoyat sodir etishda ayblanmoqda yoki sudlangan, dedi hozirda AQSh Migratsiya siyosati institutining Immigratsiya siyosati dasturi direktori bo‘lgan Doris Meissner.

“Bu Bayden ma’muriyati qilgan ishlarning natijasi emas, — dedi u. - Bu, albatta, Bayden yillarini ham o‘z ichiga oladi, lekin bu ko‘plab yillar davomida to‘plangan ma’lumotlar va kamida 2010, 2011, 2012-yillarga borib taqaladi”.

Ichki xavfsizlik departamentining Bosh inspektori idorasi tomonidan 2017-yilda e'lon qilingan hisobotga ko'ra, 2016-yil avgust holatiga ko’ra, Immigratsiya va bojxona xizmatining hibsga olinmaganlar ro'yxatida 368 574 nafar sudlangan jinoyatchi bo‘lgan. 2021-yil iyuniga kelib, Tramp lavozimni tark etganidan ko‘p o‘tmay, bu raqam 405 786 nafarga yetgan.

Hukumat jinoyatchilarni deport qila oladimi?

Immigratsiya va bojxona xizmatining resurslari cheklangan. U nazorat qilayotgan odamlar soni keskin oshib ketgan, ammo xodimlar soni o‘zgarmadi. Agentlik 2023-yil yakuniy hisobotida qayd etganidek, ko‘pincha xodimlarini chegaraga yordamga yuborishga majbur, bu esa ularni o‘zining odatiy vazifalaridan chalg‘itadi.

Immigratsiya va bojxona xizmati nazorati ostida bo‘lgan, ammo hibsda bo‘lmagan odamlar soni Bayden lavozimga kelishidan oldin 3,3 million bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan bahorga kelib bu raqam 7 milliondan oshdi.

“Oddiy javob shuki, tizim sifatida biz deportatsiya qilinishi mumkin bo'lgan odamlarni nazorat qilish va ularni oxir-oqibat chiqarib yuborish bilan shug'ullanuvchi hukumat bo‘limlariga yetarli resurs ajratmadik”, — dedi Meissner.

Immigratsiya va bojxona xizmati kimlarni ushlab turishi mumkinligi bo‘yicha logistik va huquqiy cheklovlar ham mavjud. Uning byudjeti agentlikka bir vaqtning o'zida 41 500 kishini ushlab turishga imkon beradi. 2013-2014-yillarda sobiq prezident Barak Obama davrida Immigratsiya va bojxona xizmati direktori bo‘lgan Jon Sandvegning aytishicha, eng og‘ir jinoyatlarda ayblangan yoki hukm qilingan odamlarni ushlab turish har doim ustuvor vazifa hisoblanadi.

Agar kimdir mamlakatdan chiqarib yuborilishi kerak bo‘lsa — ya’ni sud uni qolishga haqsiz deb topgan bo‘lsa — Immigratsiya va bojxona xizmati ularni cheksiz muddat davomida hibsda ushlab tura olmaydi. 2001-yilda Oliy Sud qabul qilgan qarorga ko‘ra, agar shaxsni vatanga qaytarish imkoniyati yetarlicha aniq bo‘lmasa, agentlik ularni olti oydan ortiq hibsda ushlab turolmaydi. Bu qonuniy cheklov Immigratsiya va bojxona xizmatiga o‘zining deportatsiya jarayonlarini belgilangan muddat ichida amalga oshirish majburiyatini yuklaydi.

“Har bir mamlakat ham o'z fuqarolarini qaytarib olishga tayyor emas”, — dedi Sandveg.

Uning aytishicha, Immigratsiya va bojxona xizmati tomonidan hibsda bo‘lmagan, ammo qotillik uchun sudlanganlarning katta qismini deportatsiya qilish qarori qabul qilingan, biroq ularni o’z vatani qabul qilmaganligi sababli agentlik bu jinoyatchilarni chiqarib yubora olmayapti.

“Bu juda keng tarqalgan holat. Hatto o‘z fuqarolarini qabul qiladigan davlatlar ham tanlab qaytarib olishi mumkin”,- dedi u.

Shuningdek, AQSh iliq munosabatda bo'lmagan davlatlarga odamlarni deportatsiya qilishda muammolarga duch kelishi mumkin.

Ichki xavfsizlik vazirligi nechta mamlakat o'z fuqarolarini qabul qilmasligi haqidagi savollarga javob bermadi. 2017-yilda e'lon qilingan nazorat hisobotida bu raqam 23 mamlakatni tashkil qilgani, shuningdek, qo‘shimcha 62 mamlakat ham borligi; ular hamkorlik qilsa-da, pasport yoki safar hujjatlarini olishda kechikishlar kuzatilganligi aytilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG