Breaking News

AQShda prezidentlik saylovi: ovoz berish tizimlari qanchalik xavfsiz?


Pensilvaniya shtatidagi ovoz berish mashinasi
Pensilvaniya shtatidagi ovoz berish mashinasi

2020-yilgi AQSh prezidentlik saylovidan so‘ng ovoz berish mashinalari turli fitna nazariyalarining markazida bo‘ldi, jumladan, Donald Trampdan prezidentlik lavozimini tortib olish uchun ular manipulyatsiya qilingani haqidagi yolg‘on da’volar tarqaldi.

Saylovda keng miqyosda firibgarlik yoki ovoz berish mashinalari manipulyatsiyasi bo‘lganiga hech qanday dalil yo’q. Respublikachi prezident Jo Baydenga yutqazganini tan olmagan shtatlardagi bir necha tekshiruvlar natija to‘g‘ri ekanligini tasdiqladi. 2023-yilda “Fox News” eng yirik ovoz berish mashinasi kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Dominion Voting Systems” kompaniyasiga tuhmat ishi bo‘yicha suddan qochish uchun 787 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi.

Tramp va uning tarafdorlari yutqazganidan beri ovoz berish uskunalariga nisbatan shubha uyg‘otishda davom etmoqda. Davlat va mahalliy saylov rasmiylari esa, ovoz berish tizimlari atrofidagi himoya qatlamlarini hamda adolatli va aniq saylovlar o‘tkazish uchun qabul qilingan choralarni tushuntirish orqali bunga qarshi kurashishga harakat qilmoqda.

Mazkur oyda bo’ladigan prezidentlik saylovida deyarli har bir berilgan ovoz qog‘ozli yozuvga ega bo‘ladi, bu esa xatoliklar yoki kiberhujumlar sodir bo‘lsa ham, aniq hisob-kitobni ta’minlash uchun foydalanilishi mumkin.

Ovozlar qanday hisoblanadi?

Saylov rasmiylari turli xil texnologiyalarga tayanadi. Har bir idorada ishlar turli tarzda olib boriladi.

Rasmiylar ro'yxatga olingan saylovchilarning ma'lumotlar bazasi bo'lgan saylovchilarni ro'yxatga olish tizimiga tayanadi; ishchilar esa saylov byulletenlarini yaratish, berish va kuzatish uchun foydalanadigan saylovlarni boshqarish tizimiga ega. Ular, shuningdek, norasmiy natijalar haqida xabar beruvchi saylov kechasi hisobot tizimidan foydalanadilar. Ko'pgina yurisdiksiyalar saylovchilarni saylov uchastkalarida ro'yxatga olish uchun elektron so'rovnoma kitoblaridan foydalanadi.

Bularning barchasi dasturiy ta'minot va kompyuterlarga bog‘liq bo‘lib, bu bog‘liqlik o‘ziga xos xatarlarni keltirib chiqaradi va rasmiylar ularni aniqlash va bartaraf etish ustida ishlaydi.

Masalan, saylov rasmiylari ko‘pincha muhim tizimlarni internetdan ajratib qo‘yadi va ma’lumotlarni uzatish uchun xavfsiz USB qurilmalardan foydalanadi. Ular maxfiy uskunalarga faqat zarur shaxslarning kirishiga ruxsat berib, qurilmalarni kuzatish va monitoring qilish uchun qayd jurnalini yuritadi.

Internetga ulanish zarur bo‘lganda, saylov rasmiylari ko‘pincha xavflarni kamaytirish maqsadida xususiy tarmoqlardan foydalanadi va tizimlarni mumkin bo‘lgan zaifliklar va tahdidlar uchun tekshirishda boshqa choralarni ko‘radi.

Mamlakatning aksariyat qismida saylovchilar byulletenlarni qo‘lda to‘ldiradi, keyin esa u byulletenlar skanerlanib, elektron tarzda hisoblanadi. Shimoli-sharqdagi bir nechta joylar, asosan, kichik shaharchalar, o‘z byulletenlarini qo‘lda hisoblaydi.

Ba'zi hududlarda saylovchilar ovoz berish byulletenlarini kompyuter yordamida elektron tarzda belgilaydi va keyin o‘z tanlovi yozilgan qog‘ozli nusxani oladi, bu nusxa hisoblash uchun skanerdan o‘tkaziladi. Boshqa holatlarda, byulleten elektron shaklda topshiriladi va berilgan ovozlar xulosasi qog‘ozga chiqariladi. Ushbu qog‘oz yozuv qo‘lda qayta hisoblash zarur bo‘lsa, foydalanish uchun saqlanadi.

Ovoz berish mashinalari internetga ulanganmi?

Ayrim istisnolarni hisobga olmaganda, ovoz berish mashinalari internetga ulanmagan. Bir nechta shtatlardagi ba’zi hududlar ovozlar hisoblangan xotira kartalari olinganidan keyin, saylov kuni ovoz berish tugagach, ovozlarni sanash qurilmalaridan norasmiy natijalarni maxsus mobil xususiy tarmoq orqali uzatishga ruxsat beradi.

Buni amalga oshirishga ruxsat bergan saylov rasmiylari, bu usul saylov kechasida norasmiy natijalarni tezroq e'lon qilish imkonini berishini aytadi. Ularning ta’kidlashicha, ovoz berilgan byulletenlarning qog‘oz yozuvlari saylovdan keyingi tekshiruvlarda natijalarni tasdiqlash uchun ishlatiladi va agar qayta hisoblash zarur bo‘lsa, bu yozuvlar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Kompyuter xavfsizligi mutaxassislarining fikricha, ovozlarni elektron tarzda uzatish jarayoni (ayniqsa, norasmiy natijalarni tezroq e’lon qilish uchun qilingan harakatlar) keraksiz xavf tug‘diradi, bu xavfning oldini olish uchun amaliyotni taqiqlash lozim.

Ovoz berish mashinalari xavfsizmi?

Saylov rasmiylari 2016-yilda Rossiya tomonidan uyushtirilgani da’vo qilingan hujum harakatlaridan so‘ng, saylov uskunalari atrofida xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilganini aytmoqda.

O‘sha paytda hech qanday ma'lumot o‘zgartirilgan yoki o‘chirilganiga dalil topilmagan bo‘lsa-da, federal hukumat saylov tizimlarini muhim infratuzilma deb e'lon qildi. Bu esa AQSh Kiberxavfsizlik va Infratuzilma Xavfsizligi Agentligiga (CISA) saylov idoralariga bepul kiberxavfsizlik tekshiruvlari va tizimdagi zaifliklarni aniqlash xizmatlarini taklif qilish imkonini berdi.

“So'nggi sakkiz yil ichida saylov rasmiylari saylov jarayonining xavfsizligi va barqarorligini kuchaytirish uchun katta ishlarni amalga oshirdi. Bu chora-tadbirlar natijasida saylov infratuzilmasi bugungi kunda avvalgidan ko‘ra xavfsizroq bo‘lib, saylov tizimi va unda ishtirok etuvchi manfaatdor tomonlar hamjamiyati yanada mustahkamlandi”, - dedi agentlik direktori Jen Isterli sentabr oyida jurnalistlarga.

Kompyuter xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar saylov rasmiylaridan ayrim texnologiyalardan foydalanishni cheklashni, ayniqsa saylovchilar uchun byulletenlarni belgilaydigan mashinalarni cheklashni taklif etmoqda. Jorjiya shtatida uzoq davom etgan sud jarayonida shtatni ushbu mashinalardan voz kechib, qo‘lda belgilanadigan qog‘oz byulletenlarga o‘tishga majbur qilish talabi ilgari surilgan edi.

Mutaxassislar, shuningdek, 2020-yilgi saylovdan so‘ng xavfsizlik buzilishlari seriyasidan xavotir bildirmoqda, chunki Tramp tarafdorlari o‘zlarining asoslanmagan da'volarini isbotlash maqsadida Jorjiya va boshqa joylarda ovoz berish tizimlariga kirishga harakat qilgan. Mutaxassislar ushbu buzilishlar tufayli muhim saylov dasturlarining ommaga tarqalishi “jiddiy tahdidlar” tug‘dirganini ta'kidlab, federal darajada tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.

Saylov rasmiylari aniqlikni qanday ta'minlaydi?

Saylov rasmiylari ovoz berish tizimlari manipulyatsiya qilinishining oldini olish uchun maxsus xavfsizlik choralari ko‘rilganini ta'kidlamoqda. Bu choralar qatoriga jismoniy xavfsizlik, masalan, cheklangan kirish imkoniyatiga ega qulfli xonalar va buzilganini ko‘rsatadigan muhrlar kiradi. Shuningdek, ovoz berish uskunalari saylovdan oldin testdan o‘tkaziladi, bunda test byulletenlari yordamida berilgan ovozlar to‘g‘ri hisoblanayotganiga ishonch hosil qilinadi.

Saylovdan keyingi tekshiruvlar har qanday xatolik yoki kamchiliklarni aniqlash uchun o‘tkaziladi.

Amerika Manzaralari: Saylovga ishonch, internet, vatandoshlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:29:30 0:00

AQShda ovoz berish uskunalarini kuzatib boradigan “Verified Voting” guruhi tomonidan to‘plangan ma'lumotlarga asoslangan Brennan adolat markazi hisobotiga ko‘ra, joriy yilgi saylovda berilgan ovozlarning aksariyat qismi (taxminan 98 foizi) qog‘oz yozuviga ega bo‘ladi, bu esa saylov natijalarining ishonchliligini ta'minlashga yordam beradi. Bu qog‘oz yozuvlari, xatolik yoki kiberhujum yuz bergan taqdirda ham, ovozlarning aniq va ishonchli hisobini taqdim etish imkonini beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG