Saylovga bir hafta qolganda ommaviy so’rovlarda Harris Trampdan 1,5 foiz oldinda ketmoqda, biroq odatda bunday so’rovlarda xato ehtimoli ikki foizgacha bo’ladi. So’ralganlarning 5 foizi kimga ovoz berishini hozircha bilmasligini aytgan.
Tramp va Harris ayni damda elektoratning aynan shu qismini o’ziga qaratishga harakat qilmoqda.
Dushanba kuni Tramp Jorjiya shtatida diniy tadbirda qatnashdi.
"Mamlakatimizda din jiddiy xavf ostida va buni jiddiy aytyapman. Bunga yo’l qo’ya olmaymiz, axir din mamlakatimizning ajralmas bo’lagi, uni birlashtirgan narsa”, - dedi Tramp.
Harris esa dushanba kuni Michiganga bordi, kasaba uyushma a’zolari bilan uchrashdi.
“Biz kasaba uyushmalar, qattiq mehnat, ishchilar huquqlari uchun kurashyapmiz. Men bu yerga sizlarni deb keldim”, - dedi Harris.
Demokrat nomzod Trampni Amerika demokratiyasi va konstitsiyasiga tahdid, fashist deb atadi.
"Donald Trampni jiddiy odam deb bilmayman. Prezidentlikka qaytishining oqibatlari juda jiddiy bo’ladi”, - dedi Harris.
AQSh Prezidenti Jo Bayden 46 million amerikalik kabi 5-noyabr saylovidan erta ovoz berdi. Ba’zilar pochta orqali, yana kimdir saylov uchastkalariga borib o’z nomzodini qo’llab-quvvatlamoqda.