Qo’shma Shtatlarda prezidentlik saylovi yaqinlashayotgan bir paytda e’lon qilingan hisobotga ko’ra, so’z erkinligi ustun bo’lgan AQShda ham jurnalistlarning xavfsizligi kafolatlanmagan.
Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) tomonidan e’lon qilingan hisobotda yozilishicha, AQShdagi jurnalistlar politsiya hujumlari, onlayn ta’qib, zo‘ravonlik va huquqiy tahdidlar kabi bir qator xavf-xatarlarga duch kelmoqda. Unda, asosan, 2020-yildan keyingi o‘zgarishlar tahlil qilingan.
“Bayden ma’muriyati hokimiyatga kelganida jurnalistlar uchun vaziyat yaxshilanadi degan umid bor edi. Ammo vaziyat yaxshilanmadi. Ba'zi hollarda u o‘zgarishsiz qoldi, hatto yomonlashdi”, - dedi tashkilotning AQSh, Kanada va Karib dengizi dasturi koordinatori Ketrin Jeykobsen “Amerika Ovozi”ga.
Raqamlar biroz tashvishli. “U.S. Press Freedom Tracker” tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, 2024-yil sentabr holatida AQShda jurnalistlarga ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq hujumlar o‘tgan yilga nisbatan 50 foizga oshgan — 45 ta hujumdan 68 taga yetgan.
“Xalq dushmanlari”
Hisobotga ko‘ra, sobiq prezident Donald Tramp 2020-yilgi prezidentlik saylovida mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, uning siyosiy “merosi” mamlakat bo‘ylab jurnalistlarga nisbatan dushmanona muhitning davom etishida asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda.
Tramp prezidentligi davrida jurnalistlarni muntazam ravishda “korrupsioner”, “insofsiz” va “xalq dushmani” deb atagan. “Gallup” so'roviga ko'ra, bunday hujumlar Qo'shma Shtatlardagi ommaviy axborot vositalariga bo'lgan ishonchning rekord darajada pastligi fonida sodir bo'lmoqda.
“Donald Trampning ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan munosabati hali ham dolzarb masala, - dedi hisobot muallifi Jeykobsen. - Bu vaziyatni o‘zgartirish va ommaviy axborot vositalariga bo’lgan ishonchni zaiflashtirish uchun juda samarali siyosiy taktika”.
CPJning 2020-yildagi hisobotiga ko’ra, Tramp ma'muriyati axborot manbalarini sudga berishni kuchaytirib, media egalarining faoliyatiga aralashgan va AQSh chegaralarini kesib o‘tgan jurnalistlarni ta'qib qilgan.
Trampning idorasi va prezidentlik kampaniyasi, shuningdek, Tramp kampaniyasining milliy matbuot kotibi Karolin Levitt ushbu vaziyat bo‘yicha izoh so‘rab yuborilgan “Amerika Ovozi”ning elektron xatlariga hozircha javob bergani yo’q.
Ayni paytda CPJ Tramp va Kamala Xarris kampaniyalariga murojaat qilib, ularni matbuot erkinligini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi tashkilot majburiyatini imzolashga chaqirdi. Trampning kampaniyasi javob bermadi, Xarrisning kampaniyasi esa murojaatni olganini tasdiqladi, lekin majburiyatni imzolamadi.
Oqibatlar davom etmoqda
“Tramp qariyb to‘rt yildan beri lavozimda emas, ammo uning Oq uydagi faoliyati AQSh jurnalistlariga ko’rsatgan ta’sir hanuz davom etmoqda”, - dedi Jeykobsen.
“Agar Donald Trampning ommaviy axborot vositalariga qarshi gaplari amerikalik jamoatchilik orasida keng aks-sado topmaganida edi, biz bu haqida gapirmagan bo‘lardik”, - dedi u.
Hisobotga ko‘ra, prezident Jo Bayden ma’muriyati matbuotga nisbatan ancha do‘stona munosabatda bo‘lgan, biroq Jeykobsenning aytishicha, bu mamlakat bo‘ylab ommaviy axborot vositalari muhitini u qadar yaxshilagani yo’q.
Jurnalistlar duch kelayotgan asosiy tahdidlardan biri zo‘ravonlik bo‘lib, so‘nggi o‘n yil ichida AQShda ommaviy axborot vositalariga nisbatan zo‘ravonlik doimiy ravishda ortib bormoqda.
Eng ko'zga ko'ringan hodisalardan biri, 2022-yilda “Las Vegas Review” jurnali muxbiri Jeff Germanning o‘ldirilishi bo‘ldi. U uyining tashqarisida pichoqlangan holda topildi. Avgust oyi oxirida Nevada shtatining sobiq mahalliy rasmiysi Robert Telles Germanni o‘ldirganlikda aybdor deb topildi.
Jeykobsenning so‘zlariga ko‘ra, AQShda jurnalistlarning o‘ldirilishi kam uchraydi, ammo bu ommaviy axborot vositalari hamjamiyatiga qo‘rqinchli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Jurnalistlar CPJga bergan intervyusida, ularga uydan ishlash xavfsizroq ekanini aytgan.
Jurnalistlar uchun yana bir muammo politsiya bilan bog‘liq hodisalardir.
Yaqinda Chikago politsiyasi avgust oyida Demokratik partiyaning milliy qurultoyi vaqtida Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishni yoritayotgan uch fotojurnalistni hibsga oldi.
“Tracker” ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rt yil avval, 2020-yilda bo‘lib o‘tgan “Black Lives Matter” namoyishlarini yoritayotgan kamida 459 jurnalist hujumga uchragan, shu jumladan, kamida 273 holatda politsiya jurnalistlarni nishonga olgan edi.
“Matbuot jamoatchilikning ko‘zi va qulog‘idir, agar matbuot voqea joyidan butunlay chetlashtirilsa, jamoatchilik joylarda nima sodir bo‘layotganini ko‘ra olmaydi”, - dedi CPJ hisobotida Matbuot erkinligi uchun muxbirlar qo‘mitasining katta yuristi Geyb Rottman.
Hisobotga ko‘ra, jurnalistlarga qarshi jismoniy tahdidlar ularni onlayn ta’qib qilish bilan yanada kuchaymoqda. “Pyu” tadqiqot markazining 2022-yilda o‘tkazgan so‘roviga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan jurnalistlarning uchdan biri o‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlarda ta’qibga uchraganini bildirgan.
Jeykobsenning qayd etishicha, saylov arafasida Vashingtondagi Kapitoliy binosida 2021-yil 6-yanvarda bo‘lib o‘tgan qo‘zg‘olonni eslash ham muhim.
Namoyishlar davomida jurnalistlar nishonga olinganlar qatorida bo’lgan, o‘sha kuni kamida 18 ta jurnalistga hujum qilingan, deya xabar beradi “Tracker”. Jeykobsenning so'zlariga ko'ra, bu holatlarda javobgarlik unchalik katta bo'lmagan va Amerika jamoatchiligining katta qismi hamon o'sha kuni sodir bo'lgan voqealar bo’yicha yakdil emas.
“Menimcha, 6-yanvar ogohlantiruvchi zarba bo'ldi, - dedi g'alayon paytida Kapitoliyda ishlagan mustaqil fotojurnalist Amanda Andrade-Roades CPJ hisobotida. - Bu demokratiyamizning, uzoq vaqtdan beri yemirilayotgan jurnalistika va hukumat kabi institutlarga bo‘lgan ishonchning zaifligi haqidagi ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq edi”.
Jeykobsen prezidentlik saylovi natijalari e'tirozga sabab bo’lsa, ommaviy axborot vositalari uchraydigan oqibatlardan xavotirda ekanligini aytdi. Tramp ilgari demokratlar saylovda firibgarlik qilishi haqida gapirgan va o‘zi g‘alaba qilmagan har qanday saylov firibgarlik bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan edi.
“Jurnalistlar mamlakat bo‘ylab o‘zlarini eng yomon holatlarga tayyorlab, eng yaxshisini umid qilishlari juda muhim”, - deydi Jeykobsen.