Breaking News

Internet erkinligi global miqyosda toraygan, Qirg'iziston - eng past baho olgan davlat


Saylovga chetdan aralashish va internet orqali demokratik jarayonlarni buzishga urinish - xalqaro miqyosda keng kuzatiladigan holat, deyiladi AQShda asoslangan "Freedom House" ("Ozodlik uyi") yillik hisobotida
Saylovga chetdan aralashish va internet orqali demokratik jarayonlarni buzishga urinish - xalqaro miqyosda keng kuzatiladigan holat, deyiladi AQShda asoslangan "Freedom House" ("Ozodlik uyi") yillik hisobotida

O'tgan bir yil ichida kamida 43 davlatda odamlar internetdagi fikr-qarashlari va faolligi uchun o'ldirilgan. 14 yildirki, global tarmoqda erkinlik faqat pasayib bormoqda. AQShda asoslangan "Freedom House" ("Ozodlik uyi") tashkiloti yillik tahlilnomasiga bu va boshqa muammolarga urg'u bergan.

Inson huquqlari va erkinlikni targ'ib qiluvchi "Ozodlik uyi" mamlakatma-mamlakat tekshirganida, ko'plab jamiyatlarda senzura va uydirma saylovchi qarorlariga ta'sir qilishi, qolaversa fuqarolar o'z qarashlarini bemalol bildirishdan qo'rqishini aniqlagan, xususan Markaziy Osiyo mamlakatlarida.

Mintaqada Qirg'iziston ayniqsa orqaga qadamlar tashladi, deyai kuzatadi "Ozodlik uyi". Qolgan respublikalar hech qachon ochiq va erkin bo'lmagan, biroq muhit nisbatan yaxshiroq deb hisoblangan Qirg'izistonda endi mustaqil matbuot deyarli qolmadi va repressiya salmoqli darajada oshgan.

Turkmaniston va Tojikiston - dunyoning eng yopiq mamlakatlari qatorida.

O'zbekiston va Qozog'istonda nafaqat fuqarolar, balki chet elliklarning so'zi va fikri ham qattiq nazorat ostida. O'zbekistonda bu yili xorijliklarga davlat va xalq haqida salbiy gapirishni cheklovchi qonun qabul qilindi. Unga ko'ra, O'zbekiston mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi, tarixi va madaniyatiga tahdid va/yoki haqorat sanaluvchi so'zlar aytgan odamlar mamlakatdan haydalishi yoki kiritilmasligi mumkin.

Insoniyat uchun internet birlamchi axborot maydoni va manbai bo'lib qolar ekan, deydi ekspertlar, u yerdagi faoliyat har bir odamdan o'ta ehtiyotkor bo'lishni, o'ylab yozish va so'zlashni talab qilmoqda. Bu esa global tarmoqda qo'rqinch hissini kuchaytirgan.

O'tgan bir yil ichida kamida 25 davlatda hukumat internetni uzgan, ijtimoiy tarmoqlarni man etgan, saytlarni bloklagan. Saylov paytida tizimlar bu ishlarni barqarorlikni ta'minlash bahonasi bilan qiladi, ammo aslida fuqaro azaldan bu muhitlarda erkin emas.

56 davlatda faollar internetdagi aktivizmi yoki gap-so'zi bois qamalgan, zo'ravonlikka uchragan.

"Ozodlik uyi" prezidenti Nikol Bibbins Sedaka deydiki, asosli va xolis ma'lumotni olish qiyinlashgani, uydirma va yolg'onning ko'paygani va buni aynan fuqaroning erkinligini cheklash uchun qilinayotgani demokratiyaga ulkan tahdiddir va har qanday tizimga nisbatan ishonchga zarba beradi.

"Odamlar erkin fikr bildirib, erkin so'zlay olishini ta'minlash nafaqat internetda muhim, balki demokratiyani himoya qilish uchun zarur", - deydi Bibbins Sadeka.

"Ozodlik uyi" 72 mamlakatda tadqiqotlar olib borgan. 27 tasida huquq bilan bog'liq ahvol salbiylashgan, 18 tasida biroz yaxshilangan.

Jurnalistlar va blogerlar qamalgan, qator OAVlar yopilgan, xavfsizlik organlari tizginna mahkamlagan Qirg'iziston erkinlik darajasi eng tushgan mamlakat deb qayd etiladi. Keyingi o'rinlarda Ozarbayjon, Belarus, Iroq va Zimbabve.

Zambiya - internet erkinlik eng ijobiylashgan mamlakat, deya bildirmoqda "Ozodlik uyi".

Myanma va Xitoy - intetnet eng cheklangan davlatlar.

Insoniyat sun'iy intellektga ham tayana boshlar ekan, muammolar va ularga asoslangan to'siqlar cheksiz. "Ozodlik uyi" bu sohada hali chuqur izlanishlar zarur, deya undamoqda.

O'tgan bir yil ichida saylov o'tkazgan 41 mamlakatning 21 tasida hukumat tanqidni bloklash va jazolashga berilgan. Faktlarni mustaqil holda aniqlash va tasdiqlashga harakat qilganlar ham tazyiq ostida qolgan.

"Ozodlik uyi" hukumatlarni inson huquqlarini xalqaro qonunlarda kafolatlanganidek, hurmat qilishga, shaffof va adolatli bo'lishga chaqirmoqda.

Ishonchli va mustaqil axborot manbalariga ega bo'lgan jamiyatlar mustahkam bo'ladi, deya eslatmoqda xalqaro tashkilot. Fuqaro jamiyati va mediaga erkinlik zarur, aks holda tuzum ham, xalq ham zarar ko'rishi ta'kidlanadi.

Repressiya avj olishida xususiy sektorning ham hissasi bor, chunki texnologik kompaniyalar hukumatlarning bosimlariga bosh egadi va huquqbuzarlikka sherik bo'ladi. "Ozodlik uyi" bizneslarga ham alohida tavsiyalar bermoqda, jumladan shaffof bo'lishni va erkinlikni e'zozlashni.

Davlatlar tushunishi kerakki, deyiladi "Ozodlik uyi" hisobotida, hayotning ajralmas qismiga aylangan internet ochiq va erkin bo'lmagan muhitda progress bo'lmaydi, fuqaro passivlashib, ruhan chekinadi va jamiyat orqaga ketadi. Bu davlatni barbod qilishi mumkin.

"Ozodlik uyi" keskin tanqid qiladigan hukumatlar uning xulosalariga javob bermaydi, bersa ham uni inkor etadi va tashkilotni ichki masalalarga aralashuvda ayblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG