Breaking News

"Chegara bilmas muxbirlar" Qozog'istondagi yangi media qonunni qoralamoqda


Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev fuqaro erkinliklarini himoya qilishga so'z bergan. Ostona, Qozog'iston, 26-noyabr, 2022.
Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev fuqaro erkinliklarini himoya qilishga so'z bergan. Ostona, Qozog'iston, 26-noyabr, 2022.

Parijda asoslangan xalqaro tashkilot, "Chegara bilmas muxbirlar" nazarida Qozog'istonda hukumat matbuotni himoya qilish bahonasi bilan uni yanayam qattiqroq nazorat ostiga olmoqda.

Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev fuqaro erkinliklarini himoya qilishga so'z bergan, jumladan media erkinlikni ta'minlashni, deya eslatmoqda tashkilot.

Qozog'iston real islohotlarga muhtoj, deyiladi uning bayonotida, jurnalistlar va jurnalistika uchun sharoit yengillashishi zarur.

To'qayev 19-iyunda imzo chekkan qonun axborot vositalari va ularning xodimlari, shuningdek, mustaqil jurnalistlarga qator talablar qo'yadi.

Mutasaddilarga ko'ra, ommaviy axborot vositasi nima ekanini yangidan ta'riflanmoqda, ularga endi internet manbalar ham kiradi. Matbuot huquqlari himoyachilariga ko'ra esa hukumat mediadan yangidan ruxsat olishni talab qilib, ularning faoliyatini chigallashtirmoqda.

Chet ellik jurnalist endi mamlakatda akkreditatsiyasiz ishlay olmaydi.

Shu tariqa, deya xavotir bildirmoqda "Chegara bilmas muxbirlar", hukumat mahalliy va xorijiy jurnalistlarni mutlaq o'ziga bo'ysundirmoqchi. Aks holda ularga ishlash uchun imkon, rasmiy ruxsat berilmaydi.

Jamiyatga zarar keltiruvchi propaganda bilan shug'ullangan OAV va jurnalistlarga jazolar qo'llanishi ko'zda tutilgan, ammo propaganda deganda aynan nima nazarda tutilishi tushuntirilmagan.

"Chegara bilmas muxbirlar" talqinicha, To'qayev ma'muriyati bu qonun bilan senzurani kuchaytirmoqda va xalqaro me'yorlarni chetga surmoqda.

Tashkilot reytingida Qozog'iston matbuot erkinligi bo'yicha 180 davlat orasida 142-o'rinda.

Respublikada matbuot xodimlari ham yangi talablardan norozi ekanini bildirgan. Davlat mediasiga ishlaydiganlar deydiki, erkinlik yo'lida biror ijobiy o'zgarish yo'q, ularning ishi o'sha-os'sha - hukumatni maqtash va rahbariyat siyosatini targ'ib qilish.

O'tgan yillarda Markaziy Osiyoning barcha respublikalarida matbuot erkinligi darajasi pasaygan. Islohotlar va'da qilingan O'zbekiston va Qozog'istonda OAV xodimlalari siyosiy bosimlar oshganidan noliydi.

Hukumatlar esa buni inkor etib, media soni oshgan, jurnalistika va blogosfera faollashgan, deya ta'kidlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG