54 yoshli uyg‘ur iqtisodchisi va inson huquqlari himoyachisi Ilhom To‘xtining Xitoy rasmiylari tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganiga 10 yil to‘ldi.
To'xtining ozod etilishi uchun faollar hanuz kurash olib bormoqda.
"Janubiy Afrikada Nelson Mandela, Hindistonda Mahatma Gandi va biz uyg'urlarda Ilhom To'xti bor edi", - deydi 75 yoshli huquq faoli, Germaniyada yashovchi Anvar Jan.
Pekindagi Minzu universitetining sobiq professori To'xti 2014-yil sentabrida separatizmda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi. U uyg‘urlar va xan xitoylari o‘rtasidagi muloqotni targ‘ib qilgani bilan ham tanilgan. 2019-yilda u Yevroparlament tomonidan fikr erkinligi uchun Saxarov mukofoti bilan taqdirlangan.
To‘xti singari Jan ham uyg‘urlar qamoqda qolayotgan Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida tug‘ilgan. 12 yoshida u oilasi bilan Shinjondan qochib ketgan. 1970-yillarda Germaniyaga ko‘chib o‘tib, 1990-yillar boshigacha “Ozodlik” radiosida jurnalist bo‘lib ishlagan.
2016-yilda, To‘xti umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganidan ikki yil o‘tib, Jan uning ozod etilishi uchun “Ilhom To‘xti tashabbusi”ga asos soldi.
"Mening bilishimcha, Ilhom To'xti Xitoy rejimi ostida yashab uyg'urlar huquqlarini himoya qilishga jur'at etgan kam sonli uyg'urlardan biridir. U o'z talablarini xalqaro me'yorlar va Xitoy qonunlari doirasida ta'sirchan va aniq ifodalagan", - deydi Jan “Amerika Ovozi” bilan telefon orqali suhbatda.
Yevropa Ittifoqi bosimi davom etmoqda
Yevropa Ittifoqi yaqinda e’lon qilgan navbatdagi bayonotida Xitoyda "o'zboshimchalik bilan hibsga olingan" Ilhom To'xti va boshqa huquq himoyachilari, advokatlar va ziyolilarni "zudlik bilan va so'zsiz ozod etishga" chaqirdi.
“Ilhom To‘xtining qamoqqa olinishi Shinjondagi inson huquqlari bilan bog‘liq chuqur xavotirli vaziyatni ifodalaydi”, — deiladi Yevropa Ittifoqi bayonotida BMT organlari hisobotlari va BMT Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasining 2022-yilgi xulosasiga tayanib.
To‘xti 2014-yilda hibsga olinganidan buyon Shinjonda inson huquqlarining poymol etilishi bilan bog‘liq xavotirlar kuchaydi. 2017-yil boshida, mintaqadagi uyg‘urlar va boshqa musulmon ozchiliklarning ommaviy hibsga olingani haqidagi xabarlar paydo bo‘la boshlagach, xalqaro hamjamiyat bu masalaga jiddiy e’tibor qaratdi.
Xalqaro Amnistiya va "Human Rights Watch" kabi huquq tashkilotlari Shinjondagi vaziyat haqida 2018-yilda e'tiborga molik hisobot va bayonotlar bilan chiqdi.
Xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha byurosi vaziyatni aks ettiruvchi xulosa va hisobotlarida, jumladan, 2022-yil avgust oyida e‘lon qilingan BMT huquqlari bo‘yicha hisobotida Shinjondagi inson huquqlari buzilishi haqida batafsil ma’lumot berdi. Xitoy doimiy ravishda bu ayblovlarni rad etib, ularni mintaqadagi suvereniteti va barqarorligiga putur yetkazish uchun G'arb to’qigan yolg’onlar deb ataydi.
Jan “Amerika Ovozi” bilan suhbatda quruq bayonotlar vaqti tugaganini aytdi.
“Ilhom To‘xtini ozod qilishga chaqiriqlarning o‘zi yetarli emas. O'tgan o'n yil ichida son-sanoqsiz petitsiya va ochiq xatlar bo'ldi. Bizga aniq harakatlar kerak", - deydi u.
Jan Xitoyga nisbatan qattiqroq choralar ko'rishga, jumladan, amaldorlarga nisbatan sanksiyalar, viza va savdo cheklovlari qo’yishga, qayta muzokaralar olib borishga chaqiradi.
Xitoy da’vosi
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Pengyu “Amerika Ovozi”ga elektron maktub orqali javob berib, Ilhom To’xtiga chiqarilgan hukmni himoya qildi va uning “mamlakatni bo’lib tashlash”da aybdor ekanligini hamda unga qarshi dalillar “ishonchli” ekanini ta’kidladi.
“Ilhom To‘xti o‘qituvchi sifatida o‘z vaqtida ochiqchasiga terrorchi ekstremistlarni “qahramonlar” deb atagan; ayrim kishilarni “Sharqiy Turkiston” bo‘lginchi kuchlari faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqishga undagan, o‘ziga tortgan va majburlagan, bir qator tadbirlarni rejalashtirgan, uyushtirgan va amalga oshirgan. Mamlakatni parchalash uchun jinoiy harakatlar ", - dedi Liu.
Uning ta'kidlashicha, Xitoy sud tizimi qonunlarga qat'iy rioya qilgan holda harakat qiladi va tashqaridagilar "Xitoyning ichki ishlari va sud suverenitetiga aralashmasligi kerak".
Ilhom To‘xtining qizi va AQShdagi inson huquqlari faoli Javhar Ilhom Xitoy hukumatining da’vosini rad etib, otasining qamoqqa olinishi qonunbuzarlik sodir etgani uchun emas, balki ozchilik uyg‘urlar huquqlarini tinch yo’l bilan himoya qilgani sababli ekanini ta’kidladi.
"Oddiy va sog'lom jamiyat turli ovoz yoki fikrga imkon beradi, - dedi Javhar dedi Ilhom "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. - Xitoy hukumati 10 yil oldin turli fikrlarga toqat qilmagan va ular hali ham shunday emasligi aniq."
Oila uchun og’ir yo’qotish
Javhar Ilhom otasini oxirgi marta 2013-yil 2-fevral kuni Pekin aeroportining so‘roq xonasida ko‘rgan. O'shanda Ilhom To'xti AQShdagi Indiana universitetiga bir yillik tadqiqotga jo'nab ketayotgan edi. Xitoy rasmiylari uning mamlakatni tark etishiga yo’l qo’ymagan.
11 oylik uy qamog'idan so'ng, Xitoy rasmiylari To'xtini 2014-yil 15-yanvarda Javhar AQShda bo'lgan paytda hibsga oldi.
"2014-yil 15-yanvar kuni 20 dan ortiq militsiya xodimlari otamni qo‘lga olish uchun keldi. Eng kichik ukam uch yarim yoshda, eng kattasi esa yetti yoshda edi. Ular uxlab yotganlarida politsiya bostirib kirib, uni agressiv tarzda olib ketishgan”, - deydi Javhar Ilhom “Amerika Ovozi” bilan telefon orqali suhbatda.
"O‘gay onam uzoqda ishlayotgani uchun uyda yo‘q edi. Buvim otamning hibsga olinganini keyinroq bilib, qattiq kasal bo‘lib qoldi. Yaqinda buvim ikki yil oldin olamdan o‘tganini eshitdim", - deydi u.
Sakkiz oy o‘tib, 2014-yil 23-sentabrda Xitoy hukumati To‘xtini “bo’lginchilik”da ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.
"23-sentabr oilam uchun halokatli sana. Otam Ilhom To‘xti 10 yil avval shu sanada umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan, - deydi Javhar - Otam ovozsizlarni himoya qilishdan to'xtamagani kabi, men ham, nima bo'lishidan qat'iy nazar, bu ishdan to'xtamayman".