Breaking News

Xorijdagi uyg'ur jurnalistining vatandagi tanishlari hisbga olindi


"Amerika Ovozi" jurnalisti Qosim Qashqar (markazda oldinda) hamkasblari bilan maktab tadbirida, Urumchi, Shinjon, 2015-yil.
"Amerika Ovozi" jurnalisti Qosim Qashqar (markazda oldinda) hamkasblari bilan maktab tadbirida, Urumchi, Shinjon, 2015-yil.

Muhojirlikdagi uygʻur jurnalisti Qosim Qashqarning sobiq hamkasblari Vashingtondagi muxbir bilan aloqasi tufayli Xitoyning Shinjon viloyatida qamoqqa tashlangan.

Mahkumlar Mirkomil Ahmed, Semet Ababekri, Abduqodir Rozi, Mehmut Abdukeyum va Akber Usmondir. Har biri kamida yetti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, deydi Qashqar.

“Amerika Ovozi” uchun ishlaydigan Qashqarning aytishicha, u may oyida bir tanishidan sobiq hamkasblarining sudlangani haqida eshitgan.

“Amerika Ovozi”da Qashqar uyg’urlarning inson huquqlari masalalarini muntazam yoritib boradi. Uning fikricha, Shinjon poytaxti Urumchida u asos solgan til maktabida u bilan birga ishlagan sobiq hamkasblari u bilan tanish bo’lgani uchungina nishonga olingan.

“Ularning “xatosi” hozirda uygʻurlar bilan bogʻliq yangiliklarni yorituvchi AQSh axborot agentligiga aloqador boʻlgan odam bilan oʻtmishdagi yaqinliklari edi”, - deydi Qashqar.

Sud qachon bo’lib o’tgani noma'lum, chunki Xitoy hukumati bunday ma'lumotlarni kamdan-kam e'lon qiladi. Shuningdek, aniq ayblovlar nima ekanligi ham ma’lum emas.

Qashqarning aytishicha, besh kishining hammasi Qashqar tomonidan Jahon Uyg‘ur kongressiga a’zo bo‘lish uchun yollanganlikda ayblangan.

Bosh qarorgohi Myunxenda joylashgan Jahon Uyg’ur kongressi xalqaro miqyosda uyg'urlarning inson huquqlarini himoya qiladi. Ammo Pekin uni separatistik tashkilot deb biladi.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko'ra, Xitoy hukumati uyg'urlarni nishonga olish uchun muntazam ravishda ayirmachilik va terrorizmga oid soxta ayblovlarni bahona qilib keladi.

Qashqarga ko’ra, uning Jahon Uyg’ur kongressi bilan aloqasi "Amerika Ovozi" muxbiri sifatida sifatida intervyular qilish bilan cheklangan.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi “Amerika Ovozi”ga elektron pochta orqali yuborgan bayonotida, “Xitoy qonun bilan boshqariladigan mamlakat”, bu yerda barcha etnik guruhlar “tenglikdan bahramand boʻladi” deb yozdi.

"Shinjonning sud organlari qonun ustuvorligi qadriyatlari bo'lgan ijtimoiy adolat va haqqoniylikka intiladi”, - deya qo’shimcha qiladi matbuot kotibi.

Elektron pochta orqali kelgan maktub Pekinning mintaqadagi siyosati terrorizmga qarshi kurashga qaratilgani haqidagi hukumat bayonotini takrorlash bilan davom etgan.

Ayrim advokatlarning aytishicha, so'nggi hukmlar Shinjondagi o'zboshimcha hibslar ko’lami oshganini ko'rsatmoqda.

“Bu, birinchi navbatda, hukumat boshqacha daʼvo qilayotganiga qaramay, bunday oʻzboshimchalik bilan hibsga olish, shuningdek, qasos olish umuman toʻxtamaganini koʻrsatadi”, - dedi Jahon Uyg’ur kongressi matbuot kotibi Zumratoy Erkin “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Mintaqada Xitoy hukumati xorijiy hukumatlar va inson huquqlari guruhlari tomonidan koʻpchilikni tashkil etuvchi musulmon uygʻur etnik aholiga qarshi genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etishda ayblanadi. Pekin esa uzoq vaqtdan beri mintaqadagi har qanday qonunbuzarliklarni rad etib keladi.

Qashqar 2017-yilda vatanidagi Xitoy kuzatuvi va qatagʻonlaridan qochib, Qoʻshma Shtatlarga kelgan. U “Amerika Ovozi”da 2019-yilda ish boshlagan.

Jurnalistning aytishicha, u xorijdagi faoliyati uchun Pekin tomonidan alohida nishonga olingan. Joriy yil boshida uning o’z manbalaridan aniqlashicha, Xitoy hukumati uni rasman "terrorizmga aloqador asosiy shaxs" deb atagan.

Qashqarning sobiq hamkasblari bilan bog‘liq vaziyat 2021-yil martida, unga Shinjondagi bolalikdagi do‘sti qo‘ng‘iroq qilgan paytda o’rtaga chiqdi.

Bir necha marta qamoqqa tashlanganidan so'ng, do'sti Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi razvedka agentligi uchun ma’lumot yetkazib berish vazifasini olishga majbur bo'lgan, deydi Qashqar.

Endi razvedka idorasi do’sti orqali Qashqardan ham ular uchun josuslik qilishni so’raydi. Qashqar buni rad etadi.

Shundan so’ng Qashqarning besh nafar sobiq tanishi Xitoy xavfsizlik xodimlari tomonidan olib ketiladi.

Inson huquqlari guruhlari hisob-kitobiga ko‘ra, mintaqadagi ommaviy qamoqqa olish markazlarida bir milliondan ikki millionga yaqin uyg‘ur saqlangan.

Qashqar Shinjonda hibsga olingan yana kamida yetti nafar sobiq hamkasbi haqida bilishini aytdi, biroq ularning birortasi sudlanganmi yoki yo‘qmi, noma’lum.

Erkinning fikricha, bunday voqealar Shinjon uchun odatiy hol. Xitoy hukumati diasporadagi faol uyg'urlardan o'ch olish uchun ularning oilasi, do'stlari va mintaqada yashayotgan hamkasblarini nishonga oladi.

"Bu haqiqatan ham, mening fikrimcha, diaspora ovozini o'chirishning eng muvaffaqiyatli usullaridan biri", - deydi Erkin.

U Shinjondagi uyg'urlarning Jahon Uyg’ur kongressi bilan aloqasi bo'yicha so'roq qilingan boshqa holatlar haqida ham eshitgan.

Shu yo’l orqali xorijdagi uygʻurlar Shinjondagi yaqinlari hayotini xavf ostiga qoʻyishdan qoʻrqib, Jahon Uyg’ur kongressi kabi guruhlarga qoʻshilishdan to’xtaydi, deb o’ylashsa kerak, deydi Erkin.

Sobiq hamkasblarim sudlanganligini bilish juda og'ir bo'ldi, dedi Qashqar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG