Breaking News

Uyg'urlar himoyasi uchun AQSh Vakillar palatasida yangi taklif


Xitoyning Shinjon viloyatini uy'gurlar Sharqiy Turkiston deb biladi. Hududda millionlab uyg'urlar yashaydi.
Xitoyning Shinjon viloyatini uy'gurlar Sharqiy Turkiston deb biladi. Hududda millionlab uyg'urlar yashaydi.

AQSh Vakillar palatasida yaqinda taklif qilingan qonun loyihasi Xitoy hukumatiga nisbatan sanksiyalarni kengaytirishni ko'zlaydi. Maqsad - uyg'ur xalqini himoya qilish va buning uchun joriy etilgan choralarni kuchaytirish.

Kongress 2020-yilda qabul qilingan qonunlarga binoan Pekinning uy'gurlarga zulmi genotsid deb baholanadi va shunga qarab, Xitoy rahbariyatiga qator cheklovlar va jazolar belgilangan. Pekin AQShning bu siyosatini asossiz va uning ichki ishlariga aralashish deb biladi.

Xitoy yuzlab ming uyg'urni qayta tarbiyalash lagerlariga tashlagan va ularni majburlab ishlataladi, deb kelayotgan respublikachi kongressmen Kris Smit va demokrat kongressmen Tom Suozzi yangi taklifni olg'a surgan.

O'tgan yili Senatda ham shunday tashabbus tanishtirilgan edi, respublikachi Marko Rubio va demokrat Jeff Merkli tomonidan. Har bir taklif avval tegishli qo'mitalarda ko'rib chiqiladi va ma'qullansa, sessiyaga olib chiqilishi, debat va tortishuvlar ketidan ovozga qo'yilishi mumkin.

"Vakillar palatasidagi loyiha Sharqiy Turkistonda uyg'urlar qirg'ini va ularga nisbatan mudhish jinoyatlarda gumon qilingan mutasadddilarga keskin cheklovlar qo'yishni nazarda tutadi", - deydi Rushan Abbos, Uyg'urlar uchun kampaniya rahbari.

Bu nohukumat tashkilot -Shinjondagi vaziyat haqida G'arbni ogoh qilib kelayotgan guruhlardan biri. Shinjonni uyg'urlar ona vatan, Sharqiy Turkiston deb ataydi.

Uyg'urlar azaldan dunyo bo'ylab katta shaharlarda Xitoyga qarshi namoyishlar o'tkazib keladi
Uyg'urlar azaldan dunyo bo'ylab katta shaharlarda Xitoyga qarshi namoyishlar o'tkazib keladi

Uyg'ur Amerika uyushmasi prezidenti Elfidar Iltebir deydiki, Kongress uyg'ur inson huquqlarini iqtisodiy va siyosiy manfaatlardan ustun qo'yishini isbotlab kelmoqda va so'nggi tashabbusni uniki kabi tashkilotlar faqat olqishlaydi.

Uyg'ur Inson huquqlari loyihasi yetakchisi Omer Kanat fikricha, Xitoy qilmishlari uchun yetarlicha javobgarlikka tutilmayapti va choralarni mustahkamlash kerak.

Kongressmen Smit nazarida "genotsidni to'xtatish uchun Shinjonda nima bo'layotganiga e'tborni oshirish lozim".

Uyg'ur xotin-qizlarini zo'rlash, homilador bo'lmasligi uchun amaliyotlar qilish, majburan abort qildirish kabi holatlar keng qayd etiladi, deyiladi Kongress hujjatida.

Uyg'urlarning organlarini pullash, deportatsiya va ekstraditsiya keng ekani haqida ham ma'lumotlar taqdim etilgan.

AQSh qonunchilari uyg'ur qochqinlarga bosim o'tkazayotgan, ularni Xitoyga topshirayotgan tomonlarni ham jazolash maqsad qiladi.

Tashabbus ma'qullanib, qonunga aylansa, jabrdiydalarga yordam ko'rsatish, uyg'urlarni tibbiy va ruhiy quvvatlash va bu xalqqa doir madaniy merosni himoya qilish uchun mablag' ajratiladi.

Kongress a'zolari deydiki, "Xitoy genotsid qilmayapti" degan propagandaga qarshi kurashni avj oldirib, Xitoyning majburiy mehnat siyosatiga aloqador har qanday taraf bilan ishlashni man etuvchi mexanizmlarni takomillashtirish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG